Fashist olimlari dunyoga bergan ixtirolar

Fashistlar hukumati butun dunyoni bosib olish yoʻlida esa ilm-fan va texnologiyalarga katta eʼtibor qaratgan. 

Maqola
5-dekabr 2023 yil
Fashist olimlari dunyoga bergan ixtirolar

Biz yashayotgan dunyoga dualizm xos. Yaʼni har bir narsaning yaxshi va yomon taraflari ham bor. Hatto biz vayronkor deya ataydigan urush ham bilvosita insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgani haqiqat. Avvalgi maqolamizda Birinchi jahon urushi sabab boʻlgan ixtirolarni keltirib oʻtgan edik.

Lekin eng manfur sanaluvchi fashistlar Germaniyasi ham Ikkinchi jahon urushi davrida insoniyatga bergan koʻplab muhim va hayotiy qimmatga kashfiyotlari borki, ularni ham tan olmasdan ilojimiz yoʻq

Fashistlar hukumati butun dunyoni bosib olish yoʻlida esa ilm-fan va texnologiyalarga katta eʼtibor qaratgan.  Mukammal qurollar, aloqa vositalari, samarali texnikalar, hatto hozir zamonaviy tibbiyot foydalanadigan koʻplab muhim ixtirolar aynan fashist olimlari urushda sinovdan oʻtkazgan prototiplar va fashist tibbiyot xodimlari tomonidan turli konslagerlarda jonli odamlar ustida oʻtkazilgan tajribalar natijasida dunyoga kelgan. Mavjud fanlarda ulkan yangiliklar yaratib, ularning rivoji uchun katta hissa qoʻshishdi.

Koʻpgina ixtirolar fashistlar yaratgan kashfiyotlardan koʻchirilgan yoki ulardan ilhomlanib, ularni takomillashtirish natijasida paydo boʻlgan. Xususan, AQShning ilk razvedka xizmati uyushmasi, MRBning “bobosi” boʻlmish “AQSh strategik xizmatlari boshqarmasi” ning “Skrepka” maxfiy operatsiyasi (Operation Paperclip) doirasida Ikkinchi jahon urushidan keyin natsistlar Germaniyasining koʻplab olimlari AQShga olib ketilgan va ular keyingi ilmiy faoliyatini Amerika ilm-fani taraqqiyoti uchun sarflashgan. Amerikaliklar nemis olimlariga oʻta hurmat bilan muomala qilishgan. Hayot va ijodlari uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berishgan, yuqori maosh toʻlashgan.

SSSR esa oʻzi asir olgan nemis olimlarini avval Stalin qamoqxonalarida va qiynoqlar odatiy hol boʻlgan tergovlarda azoblagan. Sovetlar bergan maʼlumotlarga qaraganda, Germaniyadan SSSRga Helmut Grettrup  (1816-1981) boshchiligida 150 nafar raketasozlik va yadro fizikasi olimlari majburiy koʻchirilgan. Ular mahbuslarning hayotidan farq qilmaydigan sharoitlarda ishlab, sovet raketasozligi, kosmonavtikasi va yadro fizikasiga asos solishgan. (Biroq buni ruslar tan olishmaydi. Barcha ixtiroklarni ruslar amalga oshirgan deya iddao qilishadi)  Oʻz olimlarini xoʻrlab qamoqqa tashlagan yoki otib tashlagan qonxoʻr kommunistlar uchun natsist olimlarining qadri tovuq oʻgʻrilarining qadridan ham past boʻlgan. Natsist olimlarining SSSRda ishlab, yaratgan ixtirolariga rus “konstruktor”lari ega chiqishgan. Nemis olimlarining qamalmay qolgan va tirik qolganlari imkon tugʻilgan zahoti Germaniya Federativ Respublikasiga qaytishgan.

(Urushdan keyingi davrlarda ham deyarli barcha gʻarb ixtirolari va texnikalari sovet razvedkasi tomonidan oʻgʻirlangan yoki Gʻarbda ishlab chiqarilgan model asosida SSSRda goʻyoki boshqa konstruktorlik byurolarining ishlanmasi sifatida boshqa nom ostida, litsensiya va ruxsatsiz, mualliflik huquqlarini qoʻpol buzgan holda ishlab chiqarilgan).

Fashist olimlarining quyidagi eng mashhur ixtirolari kibernetika, informatsion texnologiyalar, kosmonavtika, genetika, ekstremal va dala tibbiy jarrlohligi, zamonaviy epidemiologiya, yadro va kvant fizikasi kabi fanlarga asos solgan:

FAU-2 – ilk fazoviy va ballistik raketasi. Uchinchi reyx yaratgan eng muhim ixtirolar orasida FAU-2 raketasi (nemischa V-2 — Vergeltungswaffe-2, “qasos quroli; boshqa bir nomi A-4 — Aggregat-4, “agregat”) alohida oʻrin tutadi.

FAU-2 reaktiv dvigatellar, uzoqqa uchuvchi ballistik raketalar va kosmik raketalar erasini boshlab bergan. 1942 yilda birinchi marta uchirilgan ushbu raketa ustidagi ilmiy tadqiqotlar nemis konstruktori Verner fon Braun (1912-1977) urushdan avvalroq boshlangan. Raketa ilk marta 1944 yil 8 sentabrda jangovor parvozni amalga oshirgan. Jami 3225 ta shunday raketa uchirilgan. Asosan Buyuk Britaniya, shuningdek, qisman Fransiya, Belgiya va Niderlandiya hududlari bombalangan. FAU-2 suyuq yoqilgʻili dvigatel yordamida soatiga 5940 km. tezlikda 320 km. masofaga ucha olgan. Mazkur  raketa deyarli 100 kilometrga koʻtarila olgan va ilk kosmik raketasi boʻlishga daʼvo qiladi.

FAU-2 1944 yilda tik uchirilgan holda 188 km. balandlikka koʻtarildi va kosmonavtika tarixidagi lik suborbital fazoviy parvozni amalga oshirdi.

Ikkinchi jahon urushi yakuniga yetgach, Germaniyadagi koʻplab olimlar va ilmiy ishlanmalar gʻolib davlatlar – AQSh, Buyuk Britaniya va SSSR tomonidan “boʻlib olindi” va ushbu davlatlarda takomillashtirildi. FAU-2 dastlabki ballistik raketalar va kosmik raketalar paydo boʻlishiga sabab boʻldi. Uning ixtirochisi Verner fon Braun keyinchalik qitʼalararo ballistik raketalarni yaratdi. Dunyodagi ilk Explorer fazo shatlli (Space Shuttle – koʻp marta foydalaniladigan fazo kemasi) va AQSh kosmik dasturi, xususan “Oyga uchish” dasturining va ilmiy jamoasining rahbariga aylandi.

Ilk marta Oyga qadam qoʻygan AQSh astronavti Nil Armstrong uchgan “Apollon-11” fazoviy kemasi va uni fazoga eltgan “Saturn-5” raketasi ham nemis olimining aqliy salohiyati bilan yaratilgan. Buning uchun NASA olimni “Buyuk xizmatlari” medali bilan taqdirlangan.

Flettner rotor va ilk vertolyot. Hozirda vertolet (vintqanotli samolet) ixtirochisi sifatida kelib chiqishi ukrainalik boʻlgan AQSh konstruktori Igor Sikorskiy (1889-1972) tan olinadi. Biroq Sikorskiyning ilk vertoleti 1939 yil  14 sentabr kuni havoga koʻtarilgan. Nemis muhandisi, dunyodagi ilk boshqariluvchi torpedo va Fletnner rotorli kema ixtirochisi Anton Flettnerning (1885—1961) sinxtrop deb atalgan Flettner Fl 184 vetoleti esa 1935 yilda ishlab chiqarila boshlangan. Flettnerning chizma va ilmiy ishlanmalari AQSh harbiylari qoʻliga oʻtgan. Flettner ham 1947 yilda Amerika “Skrepka” operatsiyasi doirasida AQShga joʻnatildi. U AQSh Harbiy-dengiz tadqiqotlari Boshqarmasida maslahatchi boʻlib ishladi, AQSh fuqaroligini oldi. 1949 yilda Nyu-York shahrida Flettner Aircraft Corporation kompaniyasini tashkil etdi. Uning kompaniyasi innovatsion konsepsiyadagi samoletlarni ishlab chiqarish borasida AQSh Harbiy-dengiz floti bilan hamkorlik qildi.

Messerschmitt ME 262 ilk reaktiv samolyoti va reaktiv dvigatel. Dunyodagi ilk reaktiv qiruvchi samolyot natsistlar muhandisi Vilhelm (Villi) Emil Messershmitt (1898-1978) tomonidan 1938 yilda yaratilgan. Mazkur samolyot 1941 yilda havoga koʻtarilgan boʻlsada, yuzlab sinovlardan oʻtkazilgan va 1944 yilga kelib foydalanishga topshirilgan. Shaxsan Adolf Hitler bu samoletni qiruvchi emas, bombalovchi samoletga aylantirishni buyurgan. Urush davrida 1500 ta shunday samolet ishlab chiqarilgan. Urushdan soʻng AQSh olimlari bu samolet chizmalaridan foydalanib oʻz harbiy samoletlarini ishlab chiqarishgan.

Konstruktor Messershmitt esa urushdan soʻng Germaniyada qolishga muvaffaq boʻlgan. Urushdan soʻng to 1955 yilgacha Germaniyaga samolyotlar ishlab chiqarish taqiqlangani bois, Messershmitt uy, tikuv mashinalari va kamlitrajli avtomobillar ishlab chiqaruvchi Messerschmitt AG kompaniyasiga asos solgan. Kompaniya 1955 yildan soʻng koʻplab mashhur harbiy samolyotlarni ishlab chiqqan yoki xorijiy modellarni litsenziya asosida ishlab chiqargan.

STG-44 ilk avtomatik vintovkasi. Sturmgewehr 44 avtomatik shturm vintovkasining dastlabki namunasi 1938 yilda yaratilgan, 1942 yilda keng ishlab chiqarila boshlangan.

Yangi qurol HWaA (Heereswaffenamt — Vermaxtning Quruqlikdagi kuchlari qurollanish boshqarmasi) va C.G. Haenel firmasining hamsohibi, konstruktor Xugo Shmaysser (1884-1953) oʻrtasida yangi avtomatik qurol yaratish borasida tuzilgan shartnoma ortidan dunyo yuzini koʻrgan. Urush oxirigacha 1,5 million dona STG-44 avtomati ishlab chiqarilgan.

STG 44 loyihalari urushdan keyin SSSR (“Kalashnikov” avtomati) va (M-16 avtomatik vintovkasi) koʻplab qurollarga asos boʻlgan. Jumladan, 1945 yilda konstruktor Xugo Shmaysser asirga olinib, SSSRga olib ketilgan. Shmayserr boshchiligidagi nemis olimlari 1947 yilda STG 44 asosida yangi va takomillashgan avtomatik miltiqni yaratishgan. Yangi qurol - AK-47 ga tutqinlikda ishlagan nemis olimlarini nazorat qilgan harbiy muhandis Oleg Kalashnikov nomi berilgan. Nemis va sovet olimlarining guvohlik berishicha, Kalashnikov oʻta qoʻpol va xudbinlik bilan konstruktorlar jamoasini boshqargan. Loyihaga deyarli ilmiy ulush qoʻshmagan. Kunora gʻirt mast holda kelib, nemis muhandislarini “tekinxoʻr fritslar” deya haqorat qilib, toʻpolon qilgan. Keyinchalik barcha yutuqlar Kalashnikovga nisbat berilgan. Nemis olimlari emas, aynan Kalashnikov barcha moddiy va maʼnaviy neʼmatlarga hamda shuhratga sazovor boʻlgan.

STG-44 va AK-47 asoschisi Xugo Shmaysser 1952 yil yozida oʻz guruhi bilan birga SSSR nazoratidagi Germaniya Demokratik Respublikasiga qaytarilgan. Bir yildan soʻng vafot etgan.

FANTA gazlangan shirin ichimligi. Ilk marta natsist mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilgan. Aslida Coca Cola kompaniyasi 1940 yilgacha Germaniyada erkin faoliyat yuritgan. Biroq urush harakatlari natijasida Germaniyaning tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalari uzilib qolgan. Natijada Coca Cola ichimligi uchun zarur konsentratni AQShdan olib kelish imkoniyati qolmagan. Coca-Cola ning oʻsha paytda Germaniyadagi vakili Maks Kayt oʻsha paytda Germaniyada mavjud boʻlgan ingrediyentlar asosida yangi mahsulot yaratishga qaror qildi. Yangi ichimlikning asosiy tarkibiy qismlari sifatida olma xamiri (sidr ishlab chiqarish chiqindilari) va zardob (pishloq ishlab chiqarishning qoʻshimcha mahsuloti) tanlandi. Hosil boʻlgan ichimlikning rangi sariq va taʼmi boʻyicha hozir eng keng tarqalgan apelsin “Fanta”dan katta farq qilgan. Ichimlikning nomining paydo boʻlishi qiziq boʻlgan. Maks Kayt yangi ichimlikka nom topish uchun yiqqan jamoaga “tasavvuringizdan foydalaning” (nemischa Fantasie) deya murojaat qilgan. Savdo boʻyicha menejer Jo Knipp darhol “Fanta!” deb yuborgan. Urush paytida FANTA ichimligi nemislar orasida sevib isteʼmol qilingan. Fanta 1945 yilgacha ishlab chiqarilgan. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda AQSh armiyasi Fanta zavodiga kirishganida Maks Kaytni bombalash tovushlariga ham eʼtibor bermasdan ishlab oʻtirgani ustidan chiqishgan. Urush tugagach, Maks Kayt FANTA ichimligi savdosidan tushgan barcha pulni va savdo belgisiga huquqlarni Coca Cola ning AQShdagi Bosh rahbariyatiga topshirgan. Amerikaliklar Maks Kaytning yangi ichimlikning mualliflik huquqlarini oʻz nomiga rasmiylashtirib olmaganidan hayratda qolishgan. Maks Kayt bir muddat Coca Cola kompaniyasining bosh ofisida masʼul lavozimda ishlagan. Keyin uni Coca-Cola Europe filiali rahbari etib tayinlashgan. Fanta ichimligi dunyo miqyosida 1950 yildan boshlab ishlab chiqarila boshlangan.

Volkswagen Beetle - ilk xalq avtomobili. Avtomobillar ishlab chiqarish boshlanganida juda qimmat turgan. Oddiy odamlarning avtomobil sotib olishga qurbi yetmagan. Fyurer Adolf Hitler Daimler-Benz avtomobil zavodlariga haqiqiy “xalq avtomobili”ni (nemischa Volkswagen) buyurib, buning uchun 50 million reysxmarka mablagʻ ajratgan. 1937 yilda Kraft durch Freude (Quvon orqali qudrat) markasi ostida bu avtomobillarning ilk partiyasi zavoddan chiqqan. Urushdan keyin u yirik Volkswagen AG konserni sifatida faoliyat yuritadi. 2019 yilda butun dunyo boʻylab 6 mln. 620 mingta avtomobil sotgan.

Keyingi ixtirolar esa biroz qaygʻuli va hatto dahshatli tarixga ega. Boisi, bu tajribalar Ikkinchi jahon urushi davrida natsist tibbiyotchilari tomonidan konslagerlardagi tutqun odamlar, tirik asirlar ustida oʻtkazilgan. Bu noinsoniy tibbiy tajribalar natijasida minglab odamlar oʻlgan yoki nogiron boʻlib qolgan. Biroq bu tajribalar natijasida dunyoga kelgan turli tibbiy yutuqlar mana yarimm asrdirki millionlab odamlarning hayotini qutqarib qolishga sabab boʻlmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, hayvonlar ustida oʻtkazilgan tajribalarning natijasi baribir shubhali boʻladi. Chunki ular inson organizmidan farq qiladi. Odamlar ustida tajriba oʻtkazish esa avvalo axloq va vizdon meʼyorlariga zid. Qolavresa bunga rozi odamlarni topish mushkul. Biroq natsist mediklari oʻtkazgan tajribalarning natijalari tibbiyot imkonityalarini kengaytirdi, taraqqiyotini tezlashtirdi.

Bezgakga qarshi vaksina. Nemis tibbiyot olimi, SS shturmbannfyureri Kurt Plyotner (1905—1984) konslagerdagi mahbuslar ustida tajriba oʻtkazib, bezgakka qarshi vaksinani kashf etdi. U bechora tutqunlarni bezgak chivinlari bilan bitta xonaga joylashtirish orqali kasallik ataylab yuqtirgan. Turli usul va dori-darmonlarni sinab koʻrgan, ularning samaradorligini ilmiy tizimlagan holda qayd etib borgan. Olingan ilmiy natija urush va undan keyingi davrlarda millionlab odamlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qildi.

Urushdan keyin olim Loxauda asir olindi. Biroq AQSh razvedkasi olimni asirlikdan qochishga yordamlashdi. Plyotner nafaqat javobgarlikdan ozod qilindi, balki Frayburg universitetining tibbiyot kafedrasiga ishga qabul qilindi. Gʻayriinsoniy tajribalar oʻtkazgan olim-qotilning ilm-fanga qoʻshgan hissasi uni qatl etishlariga toʻsqinlik qildi.

Maxsus qutqaruv nimchalari. Daxau va Osvensim lagerlarida ishlagan tibbiyot olimi Zigmund Rasher (1909 – 1945) ham sovuqning odam tanasiga taʼsiri, chidamlilik chegaralari va sovuqdan aziyat chsekkan odamni qutqarish usullari va vositalari borasida tirik asirlar vahshiyona tajribalar oʻtkazgan. U gipotermiya tanaga qanday taʼsir qilishini aniq tushunishga harakat qilgan, buning uchun u asirlarni muzli suvga joylashtirgan. Rasher oʻz tajribalari davomida odam ensasi, aniqrogʻi kichik miyaning muzlashi odamni tez oʻldirishini aniqladi. Natijada suvda turgan odamning boshini koʻtarib turadigan yostiqchasi bor qutqaruv jiletlari yasaldi. Ushbu nimchalar hozir ham butun dunyoda keng qoʻllaniladi.

Sintetik antibiotiklar - sulfanilamid. Sintetik antibiotiklar, sulfanilamidlar ham fashist olimlari tomonidan konslagerda oʻtkazilgan tajribalar sharofati bilan kashf etilgan. Yangi dori taʼsirini sinab koʻrish uchun konslager shifokorlari mahbuslarning terilarini kesib, yaralarini tuproq bilan toʻldirishdi, keyin esa ular tanasiga sulfanilamid dorisini kiritishgan. Hozirgi tibbiyotda ham organizmning sepsisga qarshi kurashiga yordam berish uchun sulfanilamidni ishlatiladi.

Plazmaferez – qonni tozalash. Oʻtkazgan dahshatli tajribalari bois uchun "Ajal farishtasi" laqabini olgan Yozef Mengelening (1911 - 1979) dastlab qimmatli tajribasi – jigar toʻqimasi va hujayralari asosida, havo jangida usuvchilarga oriyetirni yoʻqotmaslik imkonini beruvchi dori-darmonlar yaratishda qatnashgan. Keyinchalik u “Gemini” operatsiyasida, yaʼni komil insonni yaratish tibbiy loyihasida ishladi.

Uning juda koʻp vahshiy tajribalaridan biri - "qonni irqiy tozalash" yoʻlini topishga harakat qilish edi. Uning buyrugʻi bilan minglab konslager mahbuslari shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan. U rahbarlik qilgan loyihada oliy irq qoni bilan past irqlarni yuksaltirish, past irqlarning qonini tozalab takomillashtirish kabi xaliy gʻoyasini amalga oshirishga urinishgan. Ammo bu dahshatli tajribalarning qimmatli jihati - plazmaferez kashf etilishi boʻldi. Mazkur tibbiy protsedurada patsiyentning tanasidan olingan qon toksinlardan tozalanadi va qon oqimiga qaytariladi.

Urushdan soʻng Mengele qandaydir moʻʼjiza tufayli Germaniyadan chiqib ketishga muvaffaq boʻlgan. U Argentinaga borib joylashib, ayollar uchun klinika ochgan, oʻsha yerda taqiqlangan operatsiyalarini amalga oshirgan. Xalqaro razvedka xodimlari Yozeyni butun dunyo boʻylab izlashdi, ammo u muvaffaqiyatli niqoblanib, qutulib qolgan va yoshini yashab oʻlgan.

Yuqoridagi ilmiy yutuq va kashfiyotlar fashistlar Germaniyasi insoniyatga bergan kashfiyotlarning bir qismi xolos. Natsist olimlari shuningdek, sunʼiy kauchuk, yadro reaktori, atom qurolini yaratish loyihalariga tamal toshi qoʻyishgan. Shuningdek, bu olimlar dala xirurgiyasi va terapeyasi, genetika va yevgenika kabi fanlarga ham ulkan hissa qoʻshishgan.

Shuningdek, nemis olimlarining ixtirolari magnitli ovoz yozish, shu jumladan, stereofonikni ishlab chiqish va uni keng tatbiq etishga xizmat qildi. Fashistlar Germaniyasida oʻtgan olimpiada dunyoda birinchi boʻlib nemis televideniyesi tomonidan keng translyatsiya qilindi.

Urushdan keyin natsist olimlar yaratgan tabun va zarin kabi asab gazlari yangi insektitsidlar va shu bilan birga ommaviy qirgʻin qurollarini yaratishga yordam berdi. Metadon va metamfetaminlar esa tibbiy tajribalarni yangi darajaga koʻtardi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+