Bolalar orasida avj olayotgan semizlik
Bolalarda uchrayotgan ortiqcha vazn va buning sabablari haqida maʼlumot olish uchun diyetolog va psixolog Manzura Yuldasheva bilan suhbat qildik.
Butunjahon semizlikka qarshi kurashish federatsiyasi olib borgan tadqiqot natijalari dunyo aholisini oʻylashga majbur qila oladigan sonlarni eʼlon qildi. Tadqiqot natijalariga koʻra: “2035 yilga kelib, dunyo aholisining aksariyati (51% yoki 4 milliard ortiq kishi) ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekib hayot kechiradi”.
“Bolalardagi semirish 2035 yilga kelib (2020 yil darajasidan) ikki baravar koʻproq oʻsishi mumkin. Prognozlarga koʻra, oʻgʻil bolalar oʻrtasida ikki baravar koʻpayib, 208 millionga (100 foizga oʻsish), qiz bolalar orasida esa ikki baravardan koʻproq 175 millionga (125 foizga oʻsish) yetishi ehtimoli mavjud”.
Eng ayanchlisi shundaki, koʻrsatkichlar kattalarga nisbatan bolalarda tezroq oʻsmoqda.
Xoʻsh, bundan bolalarni qanday himoyalash mumkin? Bolalarda uchrayotgan ortiqcha vazn va buning sabablari haqida maʼlumot olish uchun diyetolog va psixolog Manzura Yuldasheva bilan suhbat qildik.
– Semizlik nasl suradimi?
– Semizlik nasl surmaydi. Toʻgʻri, bola tugʻilganda 95% onadan, 5% otadan oladi. Shunda onasining metobolizmi, yaʼni hazm qilish tizimi kuchsiz boʻlsa, bolaga taʼsir qiladi. Lekin bu degani nasldan oʻtdi degani emas, mutaxassislar bilan maslahatlashib davolash mumkin. Chunki onada qanday vitamin yetishmasa, shu vitaminni farzandga bera olmaydi va albatta, farzand xuddi shu vitamin-minerallar yetishmasligi bilan tugʻiladi.
– Parhez semizlikdan qutulishda asosiy yechimmi?
– Yoʻq, bizning mazzali taomlarimizdan butunlay voz kechib boʻlmaydi. Bular qon-qonimizga singib ketgan. Aslini olganda, parhez qiladigan insonlar cheklangan. Yaʼni bular sariq kasal yoki qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarga mutaxassislar tomonidan doimiy parhez buyuriladi. Lekin oddiy semizlikdan aziyat chekuvchilar parhez qilganda oshqozoni kuchsizlashib qolishi va ozgandan soʻng oshqozon oʻz funksiyasini toʻliq tiklashiga qiynalishi kuzatilmoqda.
– Bolalarda semizlikni bartaraf etish uchun yana qanday usullar mavjud?
– Eng avvalo, sport bilan muntazam shugʻullanishni tavsiya etgan boʻlar edim. Sport ham insonning oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi hamda semizlikdan qutulishda yordam beradi. Bundan tashqari, kasalliklarning oldini olish va immunitetni mustahkamlashda yaxshi vositadir.
– Semizlikdan aziyat chekayotgan bolalarning ota-onalariga qanday maslahat bergan boʻlardingiz?
– Bugun texnologiyalar asri, shuning uchun ham bolalar koʻchada oʻynashdan koʻra uyda telefon va shunga oʻxshashlarni oʻynashni maʼqul koʻrishadi. Lekin bolada katta energiya boʻladi, biz bu energiyani mahallada doʻstlarimiz bilan oʻynab sarflardik, ammo bugun bolalar shu energiyani uyda ovqatlanishga sarflashmoqda, aynan shuning uchun ham semizlik bolalar orasida koʻp kuzatilmoqda. Bu borada ota-onalarga maslahatim: bolaga bunday paytlarda meva va sabzavotlarni yuvgan holatda bering. Bu ham ortiqcha vaznning oldini oladi, ham foydali vitaminlarga boy. Bolalar hozir uyda koʻproq yolgʻiz qolishmoqda. Shunday paytlarda bolaning qoʻli yetadigan joyda yuvib, tozalangan mevalar va sabzavotlarni qoʻyib keting, bola shularni isteʼmol qiladi va bular unga juda foydali boʻladi.
Albatta, qadrli ota-onalar, muammo oʻz-oʻzidan yechimini topib qolmaydi. Shunday ekan, farzandlaringizga doim eʼtiborli boʻling!
Maftuna Yodgorova suhbatlashdi.