Urush uchun yaratilib, tinchlikka xizmat qilayotgan ixtirolar

Hatto bugun tinch hayot uchun kerakli va maishiy sanoat qurilmalari ham avval boshda urushga xizmat qilishi uchun ishlab chiqarilgan.

Jamiyat
4-dekabr 2023 yil
Urush uchun yaratilib, tinchlikka xizmat qilayotgan ixtirolar

Bir paradoks bor. Harakatsizlik yaʼni tinchlik taraqqiyotga xizmat qilmaydi. Urush va bezovtaliklar, vayronkor boʻlsada, ijobiy oʻzgarishlarga ham sabab boʻladi. Chunki stress sharoitida insonning his-tuygʻulari oʻtkirlashadi, bir mavzu va muammoga diqqatni jamlashi osonlashadi. Hatto intuitsiya ham kuchayadi. Qolaversa, davlat yangi qurollar va himoya vositalari boʻyicha tadqiqotlarni tezlatish va ishlab chiqarishni optimallashtirish uchun ilm-fanga koʻproq mablagʻ ajratishga majbur boʻladi.

Gʻalati eshitilishi mumkin, lekin hozirda insoniyat maqtanadigan koʻplab ixtiro va yangiliklar yoki eng avvalo urush uchun yoki urush paytida yaratilgan. Hatto bugun tinch hayot uchun kerakli va maishiy sanoat qurilmalari ham avval boshda urushga xizmat qilishi uchun ishlab chiqarilgan. Ularning anchaginasi Birinchi jahon urushi davriga (1914-1918) toʻgʻri keladi.

Ayollarning gigiyenik tovarlari. Hozir ayollar keng foydalanadigan tovarlar Ernst Maler va Jeyms Kimberli 1914 yilda yaratgan, toki  Birinchi jahon urushi yakunigacha qoʻllanilgan mahsulot - askarlar jarohat olganda qon toʻxtatish vositalaridan ilhomlanib yaratilgan.

Yozgi vaqtga oʻtish. Soatlarni yozda, quyosh barvaqt chiqadigan paytda bir soat oldin yoki ilgari surib qoʻyish odati ham Birinchi jahon urushi davrida koʻmirni tejash maqsadida oʻylab topilgan. Germaniya hukumati odamlarni bir soat avval uyqudan turishlariga undash uchun 1916 yil 30 aprelda yozgi vaqtga oʻtish haqida farmon chiqargan.

Paketchali choy. Bunday tarzda choy qadoqlash uslubi 1908 yilda AQShda yaratilgan boʻlsada, Birinchi jahon urushi davrida Teekanne nemis kompaniyasi bu gʻoyani tiriltirdi. Qoʻshinlarga saqlash, tashish va foydalanish ixcham boʻlgan choy paketchalari yetkazib berila boshlandi. Askarlar ularni “choyli bomba” deb atashgan.

Qoʻl soati. Birinchi jahon urushigacha boʻlgan davrda zanjirli choʻntak soatlari urf boʻlgan. Biroq urush sharoitida harbiyning 2 ta qoʻli ham erkin boʻlishi talab etiladi. Shu bois, ommaviy hujumni yoki artilleriya zarbasini sinxronlashtirish va uchuvchilarning faoliyati uchun qulay boʻlgan, aniq ishlovchi choʻntak soatlari ishlab chiqarila boshlandi. “Koventri” transheya qoʻl soatlarini ishlab chiqargan H. Williamson kompaniyasi 1916 yilda xabar berishicha, har toʻrtinchi nemis askarida qoʻl soati boʻlgan.

Eng qizigʻi, bugungi kunda elita qatlamiga oid ayrim nufuzli va hashamatli soat brendlari ham “ijodi”ni Birinchi jahon urushi davridan boshlagan. Cartier soatsozlik firmasining Tank modeli 1917 yilda fransuz soatsoz ustasi Lui Karte tomonidan, Renault yangi tanklarining shaklidan ilhomlangan holda yaratilgan.

Zipper “Molniya” tugmasiz oʻtkazgichi. Urush sharoitida kiyimni tez kiyish va yechish katta ahamiyatga ega. Amerikalik muhandis Gideon Sundbek bu ixtiro uchun 1913 yilda patent olgan. Birinchi jahon urushida u ayniqsa AQSh askarlari harbiy kiyimlarida keng qoʻllanila boshladi. Urushdan keyin u tinch fuqarolarning ham kiyimlariga koʻchdi.

 

Zanglamas poʻlat. 1913 yilda Angliyaning Shefel shaharchasida yashovchi Harri Brearli tomonidan ixtiro qilingan. Aslida undan katta haroratga bardosh beruvchi, issiqdan erib yoki qayrilib ketmaydigan metall qotishmasi yaratish soʻralgan. Brearli qotishmalar bilan tajribalar oʻtkazganida yaroqsizga chiqarib ochiq havoda saqlanayotgan ayrim metall boʻlaklari yomgʻir suvidan korroziyaga uchramagani, yaʼni zanglamay qolayotganiga eʼtibor qaratgan. Brearli ixtiro qilgan zanglamas poʻlatdan Birinchi jahon urushi davrida yangi aviadvigatellar ishlab chiqarilgan. Urushdan keyin esa zanglamas pichoq, qoshiq va sanchqilar, jarrohlik va tibbiy asbob-uskunalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 

 

 

 

Uchuvchilar uchun aloqa tizimi. Birinchi jahon urushigacha uchuvchi havoda oʻzi bilan yolgʻiz qolgan. U na yerdagi xizmatlar, na havodagi hamkasblari bilan aloqa oʻrnata olgan. 19116 yil oxirida simsiz aloqa, toʻlqinlar yordamida amalga oshiriladigan aloqa uslubi ixtiro qilindi. Avvaliga samolyot motorining shovqini yaxshi eshitish va sifatli radioqabulga xalaqit bergan. Biroq keyinchalik mikrofon va quloqchini materialiga qoʻshib jips tikilgan shlemlar paydo boʻlib, uchuvchilarning joniga oro kira boshladi.

Exolokatsiya tizimi. Birinchi jahon urushi suv osti kemalari uchun katta sinov maydonchasi boʻlgan va nemislar bu jangovar tajribalarning boshida turgan. Albatta, ularning jang maydonidagi raqiblari suv osti kemalarini aniqlash amaliyotini yaxshilash uchun barcha imkoniyatni ishga solishdi. Chunki oʻsha paytda mavjud boʻlgan sonarlar va boshqa uskunalar samaradorligi bilan maqtana olmasdi. Keyinchalik inglizlar bu vazifa uchun koʻrshapalaklarda mavjud qobiliyat - ultratovushdan foydalanish gʻoyasini oʻylab topishdi. Bu yaxshi samara berdi, undan foydalanish uchun maxsus qurilmalar ishlab chiqildi. Bu esa dushman suv osti obʼektini yanada uzoqroq masofadan aniqlashga  yordam berdi.

Plastik jarrohlik. Birinchi jahon urushi estetik jarrohlikning rivojlanishiga xizmat qildi. Oʻsha paytlarda Yangi Zelandiyalik amaliyotchi jarroh Harold Gillis janglarda aziyat chekkan askarlarning jarohatlarini, chandiqlarini va boshqa kamchiliklarini “chiroyliroq va tabiiyroq” tusga solishga harakat qilgan.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

 

 

 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+