Qashqadaryoda aholi bilan ommaviy muloqot oʻtkazildi

Sud organlariga yuzdan oshiq murojaatlar kelib tushgan, 39 kishi esa muddatidan avval jazodan ozod etildi. 

Jamiyat
9-noyabr 2023 yil
Qashqadaryoda aholi bilan ommaviy muloqot oʻtkazildi

Respublika ishchi guruhi boshchiligida Qashqadaryo viloyatida sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy muloqotlar oʻtkazildi

Viloyatning Shahrisabz, Gʻuzor tumanlari va Qarshi shahrida tashkil etilgan xalq bilan muloqotlarda vohaning barcha hududlari qamrab olindi.

Xususan, sud organlariga 129 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 74 tasi joyida hal etildi. Masalan, 39 nafar shaxsga nisbatan jazodan shartli ozod qilish bilan bogʻliq ishlar sayyor sud majlisida koʻrib chiqilib, ular jazo oʻtashni muddatidan avval ozod qilindi. 20 nafar fuqaroning firibgarlik yuzasidan qilgan murojaatlari buyicha tergov ishlari qoʻzgʻatildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat oʻtkazilib, 4 nafar oila yarashtirildi.

Bundan tashqari, uy-joyga egalik huquqini belgilash hamda qarz undirish bilan bogʻliq fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar ham koʻrib chiqilib, daʼvolar qanoatlantirildi. Jumladan, Gʻuzor tumanidagi “Chanoq” maxallasida yashovchi Baxtiyor Toshpoʻlatovning kredit qarzdorligini undirish boʻyicha kiritgan daʼvo arizasi Gʻuzor tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan adolatli koʻrib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Viloyat prokuratura organlari tomonidan 97 nafar fuqaroning murojaati atroflicha oʻrganilib, imkon qadar joyida hal qilish choralari koʻrildi. Misol uchun Kitob tumanidagi "Kesh Shoxruhxon servis kiftiob” xususiy korxonasi rahbari Yulduz Uzoqovaning bir yoʻla ikkita muammosiga yechim topildi. Yangi sex binosini kadastr roʻyxatidan oʻtkazish va tabiiy gaz bilan taʼminlash masalalari hal qilib beriladigan boʻldi.

Bundan tashqari, ommaviy qabul davomida oʻz oʻzini band qilishi uchun amaliy yordam soʻragan 12 nafar fuqaroga bepul ravishdi tikuv mashinalari, payvandlash uskunalari va kompyuter jamlanmalari topshirildi.

Ichki ishlar organlari qabullari jarayonida fuqarolarning 100 dan ortiq murojaatlari koʻrib chiqildi. Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan muloqotlar jarayonida 50 nafar fuqaroning murojaati joyida oʻz yechimini topdi.

Qabul jarayonida IIB masʼullari tomonidan 5 nafar fuqaroga davolanishi uchun moddiy yordam ajratildi, 10 nafar shaxsning fuqarolik soʻrab qilgan murojaati boʻyicha rasmiylashtirish ishlar boshlandi.

Adliya idoralari tomonidan ham har bir murojaat sinchiklab oʻrganildi. Shahrisabz tumanidagi “Oqqoʻrgʻon” mahallasida yashovchi Rohila Saidova oilaviy muammolari tufayli tugʻilganlik guvohnomasini oʻz vaqtida ololmaganini aytib viloyat adliya boshqarmasi masʼullariga murojaat qildi. Fuqaroning bir necha yillik muammosi shu yerning oʻzida yechim topdi.

Shu bilan birga ommaviy qabullar davomida 20 ga yaqin fuqaroga davolanish uchun viloyat va respublika tibbiyot muassasalariga yoʻllanmalar, 30 dan ziyod fuqaroga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari topshirildi. 10 nafar ehtiyojmand oilaning uylari homiylik asosida tamirlab beriladigan boʻldi.

Qashqadaryoda sud-huquq masalalari boʻyicha oʻtkazilgan 3 kunlik ommaviy qabullar davomida jami 492 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 156 tasi ijobiy hal qilindi, 170 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Muddat talab qiladigan 166 ta murojaat esa nazoratga olindi.

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+