Prezident huzuridagi agentlik qayta tuzilyapti
Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.

Shuhrat Vafoyev prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (SIA) bosh direktori lavozimidan ozod etildi, deya xabar berdi Gazeta.uz manbasi.
Xabarga koʻra, uning oʻrnini Prezident administratsiyasi xodimi Bahodir Rahmatov egallashi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni SIA faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorni imzolagan. Endilikda agentlik bosh direktori bir vaqtning oʻzida Prezident administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamenti boshligʻining oʻrinbosari boʻladi. Agentlik rahbari bundan keyin ham prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
SIA rahbari oʻrinbosarlari maqomi boʻyicha Prezident administratsiyasi sektori mudiriga tenglashtirilib, prezident yordamchisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Yangi tuzilmaga koʻra, agentlik bosh direktorining bir oʻrinbosari boʻladi (hozirda bir nafar birinchi oʻrinbosar va oʻrinbosar mavjud). Shuningdek, qariyb barcha boshqarma va boʻlimlar, jumladan, Strategik tashabbuslarni ilgari surish boshqarmasi, Davlat dasturlari monitoringi boshqarmasi, Xalqaro moliya institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash boshqarmasi, Soha va tarmoqlarda islohotlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Islohotlarni baholash va tizimli muammolarni aniqlash boshqarmasi, Davlat boshqaruvini takomillashtirish boshqarmasi va boshqalar ham qisqartirilmoqda.
Ular oʻrniga ilgʻor xorijiy tajriba va reytinglarni oʻrganish asosida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholash va monitoring qilish guruhi, xalqaro va xorijiy tashkilot hamda institutlar bilan oʻzaro hamkorlikka asoslangan muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, xorijiy ekspertlar va maslahatchilar bilan oʻzaro hamkorlik guruhi, ilmiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik asosida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, loyihalarni boshqarish guruhlari tashkil etilmoqda.
Shtatlar soni 50 dan 20 kishiga qisqartirildi.
Strategik rivojlanish agentligi 2021 yil iyul oyida tashkil etilgan edi. Uning vazifalari qatoriga investitsiyalarni jalb qilish, tarmoqlar va hududlar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish kiritildi. 2022 yil sentabr oyida mazkur organ Strategik islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi.