Prezident fermerlar va klasterlar oʻrtasidagi muammoga toʻxtaldi

Fermer va klasterlar oʻrtasida qonuniy koʻprik boʻlmagani ortidan paxta hosilini sotishda mojarolar kuzatildi.

Iqtisod
9-noyabr 2023 yil
Prezident fermerlar va klasterlar oʻrtasidagi muammoga toʻxtaldi

Shavkat Mirziyoyev bugun qishloq xoʻjaligiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi va unda ayrim klaster va fermerlar oʻrtasida hisob-kitob intizomi buzilganini qayd etdi.

Paxta mavsumida bu muammo ancha sezilib qoldi. Fermer va klasterlar oʻrtasida qonuniy koʻprik boʻlmagani ortidan paxta hosilini sotishda mojarolar kuzatildi.

"20 ta klasterda hisob-kitoblar joyida boʻlsa, 122 ta klasterning Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi oldida qarzdorligi bor, 27 ta klaster esa fermerlarga 2022 yil paxta hosilidan tegishli mablagʻlarni toʻlab bermagan. Shu kabi, fermerlarning ham klasterlar oldida qarzdorligi bor", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yigʻilishda shu munosabat bilan klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar oʻrtasidagi munosabatlar boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy koʻrsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika taʼminoti boʻyicha talablar qoʻyiladi. Ular kamida ikki bosqichli qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan boʻlishi shart boʻladi. 

Shuningdek, fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin boʻladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi. Kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans koʻrinishidagi imtiyozli kreditlar toʻgʻridan-toʻgʻri fermerlarga ajratiladi.

Bu yilgi paxta hosilini toʻliq qayta ishlash natijasida 2024 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 milliard dollarga, eksportni esa 4,5 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilindi.

Buning uchun gazlama-mato, boʻyash va tikuvchilik boʻyicha yangi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yaratib beriladi:

boʻyalgan matoni 50 foizdan kam boʻlmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada toʻlaydi, ularga mol-mulk soligʻini 3 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi;
2025 yil 1 yanvarga qadar paxta va sunʼiy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+