Oʻzbekiston IHT sammitida qanday takliflarni ilgari surdi?

Bugun Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti boʻlib oʻtdi.

Siyosat
9-noyabr 2023 yil
Oʻzbekiston IHT sammitida qanday takliflarni ilgari surdi?

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida bir qator muhim takliflarni ilgari surdi.

Birinchidan, oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish. Oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo koʻrsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Tashkilotga aʼzo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizi demakdir. Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish boʻyicha koʻp yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. Toʻsiqsiz savdoni shakllantirish yoʻlida hali-hamon koʻplab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

"Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak. Shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilishga chaqiraman", dedi Mirziyoyev.

Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib oʻzaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar koʻpaytirish mumkin.

Ikkinchidan, oʻzaro transport-kommunikatsiya bogʻliqligini kuchaytirish. Aʼzo davlatlarning aksariyati dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bogʻlaydigan va hududlarimiz orqali oʻtadigan transkontinental transport yoʻlaklari salohiyatidan toʻliq foydalanish zarur.

Kelgusida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” va Transafgʻon multimodal yoʻllarining ishga tushirilishi barcha aʼzo davlatlar manfaatlariga mos keladi.

Prezident Toshkent shahrida IHTning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish.

"Biz oʻzaro investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqib, Tashkilotimiz Kotibiyatiga taqdim etdik. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qoʻyilgan. Bu ezgu yoʻlda Tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz", dedi Oʻzbekiston rahbari.

Toʻrtinchidan, energetika xavfsizligini kafolatli taʼminlash. Milliy energetika strategiyalarini uygʻunlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshmoqda.

2030 yilgacha 25 gigavatt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishni va balansimizda ularning ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shu yilning oʻzida 2 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun IHT doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini taʼsis etish taklif qilindi.

Beshinchidan, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha aloqalarni jadallashtirish. Hozirgi vaqtda aʼzo davlatlar bu oʻtkir muammolarning ogʻir oqibatlariga duch kelmoqda. Muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, choʻllanish, chang boʻronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yoʻqolishi kabi jarayonlar qattiq xavotir uygʻotmoqda.

Tuzilma doirasida Ekologiya masalalari boʻyicha yuqori darajali platformaning birinchi anjumani 2024 yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etiladi.

Oltinchidan, turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish. Transchegaraviy yoʻnalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qoʻshma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yoʻli” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini koʻpaytirish taklif etildi.

"Tashkilotimiz kotibiyati huzurida aʼzo mamlakatlarning turizm maʼmuriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm boʻyicha maslahat qoʻmitasini tashkil etish taklifini bildirmoqchiman. Uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Tashkilotimizning turizm poytaxti deb eʼlon qilingan Shahrisabz shahrida oʻtkazishga tayyormiz", dedi Mirziyoyev.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali doʻst xalqlarni yanada yaqinlashtirish. Har yili navbat bilan Madaniyat, sanʼat va kino haftaliklarini oʻtkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yoʻlga qoʻyish, fundamental ilmiy yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish taklifi aytildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+