platina.uz

Mirziyoyev bir qator liderlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

Ular orasida Rajab Toyyib Erdoʻgʻon, Sadir Japarov kabi rahbarlar bor. 

Siyosat
8-noyabr 2023 yil
Mirziyoyev bir qator liderlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni bir qator siyosiy arboblar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Jumladan, Mirziyoyev 8 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi.

Birlashma doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ushbu koʻp tomonlama tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo, transport, investitsiyalar, innovatsiyalar, ekologiya, turizm sohalarida qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida Bosh vazir Anvar ul-Haq Kakar boshchiligidagi Pokiston delegatsiyasi bilan muzokara oʻtkazdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Turli darajalarda faol muloqot olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi yil boshidan buyon 40 foizga oshdi. Toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Yigirmata qoʻshma korxona tashkil etildi.

2024-2025 yillarga moʻljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini tez fursatda qabul qilish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun savdo toʻsiqlarini bartaraf etish va qulay sharoitlar yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev IHT sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzaro savdo hajmi jadal surʼatda oʻsmoq, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Tadbirlarga boy madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi roʻyobga chiqarilmoqda.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik infratuzilma loyihalarini tez fursatda boshlash masalalariga alohida toʻxtaldilar.

Bugun shuningdek, Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻon bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzaro muloqot va almashinuvlar faol davom ettirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni, sayyohlar oqimi ortib bormoqda.

Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Yil boshidan 500 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar jalb qilindi, 200 dan ziyod yangi korxonalar tashkil etildi.

Savdo, sanoat, innovatsiyalar, energetika, transport, taʼlim, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi qoʻshma loyiha va dasturlarni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Boʻlajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrib chiqildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+