DXX prokurorlarni pora bilan ushladi
Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish boʻyicha koʻrsatmani tuman prokurori oʻrinbosari bergani toʻliq isbotlanib, u ham qamoqqa olingan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ikkita hududda prokurorlarni pora ustida qoʻlga oldi. Bu haqda DXX maʼlumot berdi.
Aytilishicha, Andijon viloyati Xoʻjaobod tuman prokuraturasi tergovchisi 5 ming AQSh dollari talab qilgan. Buning evaziga tuman ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- va 228-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllamaslik va tergov harakatlari davomida yengillik yaratib berish soʻralgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda tergovchi soʻralgan pul mablagʻini umumiy ovqatlanish maskanida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish boʻyicha koʻrsatmani tuman prokurori oʻrinbosari bergani toʻliq isbotlanib, u ham qamoqqa olingan.
Shuningdek, Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Pastdargʻom tumani prokurori yordamchisi tuman ichki ishlar boʻlimining tergov boʻlimi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida oʻtayotgan fuqaroga nisbatan sud jarayonida yengillik qilish va sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali qamoqdan chiqarish evaziga, uning qarindoshlaridan 3 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Samarqand shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, prokuror yordamchisi soʻralgan pul mablagʻidan 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.