AQShning dahshatli cheklovidan Oʻzbekiston qachon qutuladi?

Aynan shu cheklov sababli birgina paxtachilik va toʻqimachilik mahsulotlari bilan bogʻliq savdodan har yili 1 milliard dollardan quruq qolamiz.

Iqtisod
7-noyabr 2023 yil
AQShning dahshatli cheklovidan Oʻzbekiston qachon qutuladi?

Meros deganda koʻpchilik keyingi avlodga qoladigan mol-dunyo yoxud obroʻni tasavvur qilishadi. Lekin yomon meros ham boʻladi. Deylik, vafot etgan odamning qarzlari keyingi avlodga meros boʻlib oʻtishi mumkin. Masalan, SSSRning tashqi qarzlarini toʻlash majburiyatini Rossiya oʻz boʻyniga olgan edi. Chunki SSSRdan qolgan aksariyat harbiy qudrat, umumittifoq moliyaviy aktivlar – boshqa davlatlarning SSSRdan qarzlari, xorijdagi koʻchmas mulklar, olmos fondi va hokazolar, shuningdek, yadro quroli va unga egalik qilish hamda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzosi boʻlish huquqi kabi “yaxshi meros” evaziga bu masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan edi. Tabiiyki, bu boshqa respublikalarning zikr etilgan merosdan voz kechishi evaziga boʻlgan. Biroq bir yomon siyosiy “tamgʻa” SSSRning barcha vorislariga avtomatik tarzda meros boʻlib qoldi. Bu 1974 yilda AQShning “Savdo haqidagi qonuni”ga kiritilgan tuzatma (The Jackson-Vanik amendment to the Trade Act of 1974) bilan bogʻliq. Bu tuzatma uning loyihasini AQSh vakillar palatasiga kiritgan kongressmenlar – Henri Jekson (1912-1983) va Charlz Venik (1913-2007) sharafiga shunday nomlangan.

Cheklov sababi – “yahudiylar masalasi”

Gap shundaki, 1970 yillarda arab-isroil mojarosi hamda GDR tajribasi fonida SSSRda yashovchi yahudiylarning milliy oʻzlikni anglash tuygʻulari va tarixiy vatanlariga qaytish istaklari, aslida esa farovon va erkin hayotga intilish xohishlari joʻsh urib, ommaviy ravishda Isroilga koʻchib keta boshladilar. Ular orasida ilm-fan hamda sanʼatning koʻzga koʻringan namoyandalari va umuman, turli sohalarning bilimli va tajribali mutaxassislari juda koʻp edi. Goʻyoki ommaviy koʻchish sababli SSSR obroʻsi toʻkilishining oldini olish, bu oqimni toʻxtatish maqsadida sobiq ittifoqda turli cheklovlar oʻylab topildi. “Bu mutaxassislar bizda tekin bilim va tajriba olib, endi xorijga qochishadimi, kapitalistlarga xizmat qiluvchi mutaxassislarni biz tekin yetishtirib beramizmi?”, degan alamli shiorlar ostida ularga SSSR oliy oʻquv yurtlarida olgan taʼlimning pulini toʻlab qoʻyish majburiyati yuklandi.

Masalan, Moskva davlat universitetining yahudiy bitiruvchisi toʻlashi kerak boʻlgan mablagʻ oʻshanda 12200 rubl etib belgilangan. Oʻsha davrda SSSRda oʻrtacha oylik maosh 100-200 rubl boʻlgani inobatga olinsa, bu emigratsiya ishtiyoqmandlari uchun jiddiy va yengib boʻlmas toʻsiq edi. (Bu cheklovni oʻrnatgan farmon 1991 yil 20 mayda bekor qilingan esa-da, amalda pul talab etish tartibi ancha oldinroq toʻxtatilgan.)

Tabiiyki, bu cheklov Gʻarbda katta noroziliklarga sabab boʻldi. 22 nafar Nobel sovrindori ochiq bayonot bilan chiqib, sovet hukumatini inson huquqlarini, jumladan, erkin harakatlanish va xorijdagi qarindoshlar bilan birlashuv huquqlarini buzishda aybladi. Tez orada pul talab qilish toʻxtatildi. Biroq boshqa cheklovlar oʻrnatildiki, ular amalda hatto oila bilan birlashuvga ham toʻsqinlik qilardi. IIVning Viza va registratsiyalar boʻlimi (“OVIR”) ataylab emigratsiya haqidagi arizalarni yillar davomida “choʻzgan” holda koʻrib chiqar, shunda ham aksariyat talabgorlarga rad javobi berilardi. Bunda koʻpincha “davlat sirlaridan voqiflik” bahona oʻlaroq koʻrsatilgan.

Natijada, AQSh oʻziga xos jazo sifatida sovet ittifoqiga va yana bir qator Sharqiy Yevropadagi sotsialistik rejim oʻrnatilgan davlatlarga hamda Xitoy va Vetnamga nisbatan oʻzaro iqtisodiy aloqalar uchun cheklovlar kiritdi. Bu haqda Qoʻshma Shtatlarning “Savdo haqida”gi qonuniga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. AQSh Qonunlar kodeksining 1-qismi, 4-boʻlim, 12-bob, 19-boʻlinmasidagi 2432-moddaning “a” bandida, jumladan, shunday deyiladi:

“Qoʻshma Shtatlarning asosiy inson huquqlariga sodiqligini tasdiqlash uchun 1975 yil 3 yanvardan boshlab, qonunning boshqa qoidalaridan qatʼi nazar, bozor iqtisodiyotiga ega boʻlmagan har qanday mamlakatdan kelgan tovarlar kamsitilmaydigan rejimga (normal savdo munosabatlariga) oid boʻlmaydi. Va bunday davlat Qoʻshma Shtatlar hukumatining toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita kreditlar, kredit kafolatlari yoki investitsiya kafolatlarini taqdim etish bilan bogʻliq hech qanday dasturida ishtirok etmaydi va Qoʻshma Shtatlar prezidenti bunday mamlakatni quyidagi belgilariga koʻra aniqlaganida, shu sanadan boshlab, bu mamlakat bilan hech qanday savdo shartnomasini tuzmaydi:

agar bunday mamlakat:

  • oʻz fuqarolarining erkin emigratsiya huquqini rad etsa;
  • emigratsiya, vizalar yoki emigratsiya uchun zarur boshqa hujjatlar uchun, ushbu undirishning sabablari va maqsadlaridan qatʼi nazar, nominaldan ortiq yigʻim undirsa;
  • har qanday fuqaroning mamlakatdan oʻz xohishiga koʻra chiqib ketish istagi tufayli unga nominal soliq, yigʻim, jarima yoki boshqa turdagi toʻlovlardan koʻproq undirilsa;
  • bu muddat prezident bunday mamlakat yuqoridagi (1, 2 yoki 3) bandlarni boshqa buzmayotganini aniqlagan sanada tugaydi.

Bu tuzatmadan anglashilganidek, «Jekson-Venik» tuzatmasining taʼsir doirasiga tushishi uchun hukumat oʻz fuqarolarining xorijga chiqib ketishiga qanday yoʻl bilan boʻlsa ham toʻsqinlik qilishi kifoya.

Shaxsan AQSh prezidenti bunga amin boʻlgach, ushbu davlatni tegishli roʻyxatga qoʻshadi. Keyin bu davlat AQSh bilan savdo aloqalarida, kredit va investitsion munosabatlarda qonuniy va ochiq-oydin kamsitishlarga duchor boʻladi. Bunday davlat bilan normal savdo munosabatlar yuritilmaydi, bevosita tijoriy shartnomalar tuzilmaydi, kreditlash va investitsiya kiritilishida “ikkinchi nav” davlat kabi munosabatda boʻlinadi. Bu mamlakatlardan keladigan tovarlarga nisbatan diskriminatsion (demakki qimmatroq) bojxona va boj yigʻimlari tatbiq etiladi. Mazkur qonunchilik akti AQSh prezidentini qanday mamlakatlar oʻz fuqarolarining erkin emigratsiyasiga toʻsqinlik qilayotgani haqida muntazam xabardor qilib turish majburiyatini yuklaydi.

Odatda AQSh xalqaro huquq meʼyorlarini buzadigan davlatlarga nisbatan shu mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarni Amerika bozoriga kirish miqdorini cheklashdan iborat sanksiyalar kiritib turadi.

Kezi kelganda taʼkidlash kerakki, hozirgi paytda inson huquqlari buzilayotgan koʻplab davlatlarga nisbatan bunday cheklovlar kiritilmaydi. Masalan, 2000 yilda Xitoyga nisbatan bu cheklovlar bekor qilingan, garchi Xitoy oʻz fuqarolarining huquq va erkinliklarini cheklash, uygʻurlarni genotsid qilishda davom etayotgan boʻlsa-da.

Albatta, bu roʻyxatdan chiqish yoʻllari ham bor. Agar yuqorida zikr etilgan belgilar bartaraf etilsa, bunday davlat yana savdo munosabatlari borasida “normal davlat” maqomini qaytarib oladi.

1987 yilda SSSRdagi oshkoralik va qayta qurish ruhiyati bois emigratsiya borasida erkinlik oʻrnatilgach, bu tuzatma oʻz mazmun-maʼnosini yoʻqotdi. Biroq shunda ham cheklovlar batamom olib tashlanmadi, balki 1989 yildan boshlab, cheklovlar taʼsiriga vaqtincha moratoriy oʻrnatib borildi xolos. Yaʼni har yili SSSR, undan keyin Rossiyaning yuqoridagi uchta belgiga javob bermasligi tasdiqlanar va 1 yillik moratoriy eʼlon qilinardi. 1994 yilda AQSh prezidenti Bill Klinton davrida Rossiya bu moratoriy muddatini har yili tekshirish-tasdiqlash rasmiyatchiligisiz choʻzib borish kafolatini qoʻlga kiritdi.

AQShda Jorj Bush prezidentlik qilgan yillarda esa «Jekson-Venik» tuzatmasi taʼsirini Rossiyadan olib tashlash masalasi koʻp bor koʻtarildi. Biroq AQShning Iroqda oʻtkazgan aksilterror harbiy amaliyotida Rossiya AQSh bilan qarama-qarshi siyosiy pozitsiyada turgani bois, bu ish amalga oshirilmadi. Siyosatchilar buni AQSh xalqi orasida aksilrossiya kayfiyatining oʻsib ketgani bilan baholashadi. Chunki bu masalani maʼqullovchi AQSh vakillar palatasi – Kongress, ijroiya hokimiyatidan farqli oʻlaroq, Amerika xalqida shakllangan ijtimoiy fikrga juda taʼsirchan.

Shunday boʻlsa-da, Jorj Bush 2002 yil yanvar oyida Kongress rahbariyatiga bu tuzatma taʼsirini Rossiya va yana 8 ta sobiq sovet ittifoqi respublikalari – Armaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina va Oʻzbekiston uchun bekor qilishni soʻrab, rasmiy xat joʻnatgan, biroq kongressmenlar uni rad etishgan.

Undan avvalroq esa, aniqrogʻi 2000 yilda, Qirgʻizistonga (AQShning 1998 yildagi “Buyuk ipak yoʻlini tiklash” tashabbusiga – Rossiya, Eron va Iroqni chetlab oʻtuvchi Yevroosiyo tranzit koridori loyihasiga qoʻshilgani uchun), shuningdek, Gruziyaga (“demokratiya sari harakatlari” va “Buyuk ipak yoʻlini tiklash” loyihasiga qoʻshilgani uchun) nisbatan bu cheklov bekor qilingan edi.

2004 yilda esa Armanistonga (ayrim siyosatchilarning fikricha, AQShdagi arman lobbisining yordami bilan), 2005 yilda Ukrainaga (“zargʻaldoq inqilob”dan soʻng) nisbatan bu cheklov bekor qilindi.

2009 yilda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Ryabkov bu cheklov hamon mavjudligini absurd, deb atadi. Chunki bu tuzatma yahudiylarning ketishini cheklash uchun kiritilgan. Bu paytga kelib, Rossiya va Isroil oʻrtasida oʻzaro vizasiz rejim oʻrnatilgan edi. Nihoyat 2012 yilda Rossiyaga (“Magnitskiy roʻyxati”(yoki Kardin roʻyxati – rossiyalik auditor Sergey Magnistkiyni qoʻlga olish, qiynoqqa solish va oʻlimiga sabab boʻlgan shaxslar roʻyxati) kiritilishi evaziga) va Moldovaga nisbatan cheklovlar olib tashlandi.

“Cherche la femme”

Hozirgi paytga kelib, bu tuzatma loyihasini Vakillar palatasiga kiritgan va loyiha qabul qilinishi uchun lobbistlik qilgan kongressmenlar hayot emas. Ammo ular nomi bilan ataluvchi tegishli tuzatma taʼsiri hamon barhayot. Xususan, Belarus, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston va Oʻzbekistonga nisbatan bu tuzatma doirasidagi cheklovlar olib tashlangani yoʻq. Turkmanistondagi siyosiy ahvol tushunarli – mustaqil boʻlganidan beri avtokratiya va diktatura yoʻlidan ketayotgan bu davlatda inson huquqlari faqat qogʻozda, deyiladi. Belarusda ham vaziyat haminqadar. Biroq, Kavkazda “qolgan” yagona davlat - Ozarbayjonda va Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolarning xorijga chiqishi uchun deyarli toʻsiq yoʻq (faqat davlat sirlaridan voqiflik uchun chiqish rad etilishi bundan mustasno).

Ehtimol, Tojikistonda, Gʻarbning fikricha, diktatura va inson huquqlari buzilishi davom etayotgandir. Chunki Tojikiston va Turkmaniston diniy erkinliklar masalasida “Alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxatiga (Countries of Particular Concern) kiritilgan. Lekin Ozarbayjon, Oʻzbekiston va Qozogʻiston masalasi nega ortga surilmoqda?

Tarixga murojaat qilsak, Fransiyada oʻrta asrlarda har qanday muammo ortida ayol turadi, “shegʻshe la fem” - “cherchez la femme”, yaʼni ayolni qidiring, deyishgan. Rossiyalik ekspertlarning fikricha, hozirgi dunyo tartibotida esa har qanday muammo ortida “qazilma boyliklar (neft-gaz, uran va hokazo), siyosiy yon bosish va iqtisodiy daromadni qidiring”, deyish mumkin. Shunda tumanli muammo biroz oydinlashadi:

Ozarbayjon – Yevropani hamda Isroilni neft mahsulotlari bilan taʼminlovchi davlat / Armanistonning siyosiy raqibi.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston – neft, gaz va uran rudalariga boy / Rossiya va Xitoyning geosiyosiy taʼsiri ostidagi / Yevropa va Xitoyni bogʻlovchi yoʻlda turgan strategik muhim davlatlar.

Qolaversa va eng muhimi – Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston Rossiyaning eng muhim savdo hamkorlari hisoblanadi. Va.... diqqat: uchala davlat ham Rossiyaga Ukrainaga qilgan tajovuzi uchun qoʻyilgan sanksiyalarni aylanib oʻtishda yordam berishda gumonlanib kelinadi. Hatto, avval xabar qilganimizdek, Oʻzbekistondagi ayrim tashkilotlar ham bu boradagi sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan. Nega «Jekson-Venik» tuzatma masalasi aynan oxirgi 2 yilda yana kun tartibidan tushmay qolganini endi tushungandirsiz?

Savdo cheklovini bekor qilish ustida savdolashilmoqda

Qisqa qilib aytganda, «Jekson-Venik» tuzatmalari taʼsirini bekor qilish Gʻarb uchun koʻproq dividend olib kelishi lozim. Bu yerda inson huquqlari va erkin bozor iqtisodiyoti uchun tashvishlanishdan koʻra, geosiyosiy taʼsir ustida koʻproq bosh qotirishayotgandek koʻrinadi. Shu bois, imkon qadar koʻproq siyosiy va iqtisodiy foyda olinishi kafolatlanganidan soʻnggina bu “neʼmat” baxshida etiladi. Aks holda uni osonlikcha berish, Gʻarb uchun muhim bir siyosiy richagdan ayrilish bilan barobar. Keyingi muzokaralarda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjonni “moylash” uchun bundan yaxshiroq va muhimroq “sovgʻa” topish mushkul masala.

Boshqa bir talqinga koʻra, «Jekson-Venik» tuzatmasi taʼsirini bekor qilish – bu davlatlar uchun mukofotdan koʻra avans vazifasini oʻtashidan ham umid qilinyapti. Ayniqsa, Markaziy Osiyoni Rossiya va Xitoy taʼsiridan chiqarish, AQSh va Gʻarb bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalar sifatini yaxshilashda bu richag yaxshi foyda beradi.

Lekin tan olish kerak, Oʻzbekiston va Qozogʻistonga nisbatan bu tuzatma cheklovlarini olib tashlash masalasi deyarli har yili koʻtariladi. Turli kongressmenlar bu boradagi takliflarini Kongressga kiritishadi. Ayniqsa, Oʻzbekiston sharoitida inson huquqlari nisbatan yaxshilangani ham bunga turtki boʻlmoqda.

Jumladan, 2021 yilda ilk marta AQSh Vakillar palatasiga kongressmenlar Trent Kelli va Don Bekon tomonidan shunday taklif kiritilgan. 2022 yil noyabr oyida Oʻzbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov bilan uchrashgan kongressmen Visente Gonsales bu boradagi qatʼiy niyatini izhor qilgan.

2023 yilning fevral oyida AQSh Kongressiga Oʻzbekistonga nisbatan «Jekson-Venik» tuzatmalarini qoʻllashni bekor qilish boʻyicha qonun loyihasi kiritilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Loyihaning taqdiri nima boʻlgani maʼlum emas.

2023 yilning mart oyida esa AQSh bosh kotibi Entoni Blinkenning Qozogʻiston va Oʻzbekistonga uyushtirgan tashrifi chogʻida, shuningdek, 19-20 sentabr kunlari AQShning Nyu-York shahrida oʻtkazilgan S+5 formatidagi “Markaziy Osiyo - AQSh” sammitida ham bu masala koʻtarildi. Jumladan, AQSh Vakillar palatasining Assignatsiyalash boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi, Ohayo shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Mayk Keri bu cheklovni bekor qilishni qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Shu bilan birga, 7 sentabr kuni AQSh senatorlari, Indiana shtatidan respublikachi vakillar Kris Myorfi va Todd Yang Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston uchun mazkur cheklovni bekor qilish va normal savdo statusi oʻrnatishga qaratilgan loyihani taqdim etishgan.

The Diplomat nashrining yozishicha, Kris Myorfi Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikistonni reparatsiyalardan ozod qilish zarurligini aytgan. Buni u, garchi uchala davlat ham AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashdan oldin inson huquqlari va siyosiy erkinliklarini yaxshilash borasida hali koʻp ish qilishlari kerak boʻlsa-da, bu mamlakatlarga doimiy normal savdo munosabatlari maqomini (PNTR - Permanent normal trade relations) berish – AQShga bu masalada yanada koʻproq taʼsir koʻrsatish richaglarini berishi mumkinligi bilan asoslagan.

Yana bir yaxshi simptom va imkoniyat – avval xabar qilganimizdek, AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi Donald Lu 4-11 noyabr kunlari Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Hindistonga safar qiladi. Delegatsiya inson huquqlari masalalari bilan shugʻullanuvchi fuqarolik jamiyati guruhlari bilan hamkorlik qilish – tashrif maqsadi etib belgilangan. Bu tashrif natijalari ham cheklovlarni bekor qilish yoʻlidagi yana bir hal qiluvchi qadam boʻlishi mumkin.

Har yili 1 milliard dollardan quruq qolyapmiz

Xoʻsh, «Jekson-Venik» tuzatmasining cheklovlaridan qutulish bizga nima beradi oʻzi?

Aslini olganda, ayni sharoitda Oʻzbekiston – AQSh savdo aloqalari shusiz ham deyarli cheklovsiz amalga oshirilmoqda. Chunki hozirgi paytda Oʻzbekistonga nisbatan cheklov taʼsiridan vaqtinchalik ozod etish (waiver) statusi amal qiladi. Bu har yili AQSh Kongressidagi tegishli tinglovlar chogʻida qayta koʻrib chiqiladi.

Biroq cheklovdan butunlay xalos boʻlishimiz bizga yanada kengroq imkoniyatlar eshigini ochadi. Eng avvalo, mustaqil boʻlganimizdan beri amalga oshmayotgan orzuimiz – Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi yana bir toʻsiq olib tashlanadi. Chunki bu cheklov bilan JSTda faoliyat yuritish imkoni yoʻq.

Ikkinchidan, AQSh bilan normal savdo munosabatlarimiz izga tushib ketsa, birgina paxtachilik va toʻqimachilik mahsulotlari bilan bogʻliq savdodan daromadimiz har yili 1 milliard dollarga koʻpayadi. Shuningdek, boshqa tovarlarimiz uchun ham qulay va keng bozor ochiladi.

Amaldorlar ham “hissa” qoʻshmoqda

Garchi yuqorida «Jekson-Venik» tuzatmasi cheklovlarini bekor qilish – asosan geosiyosiy masala deya taxmin qilgan boʻlsak-da, inson huquqlari, jumladan, soʻz erkinligi va vijdon erkinligi masalasiga eʼtiborsizlik AQSh Kongressining yakuniy qaroriga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini unutmaylik.

AQSh Kongressi esa hatto AQSh prezidentining taklifini ham rad eta oladigan qudratli tashkilot. Va uning qarorlariga ijtimoiy fikr kuchli taʼsir koʻrsata oladi. «Jekson-Venik» tuzatmasining taʼsiri bekor qilinishi yoʻlida OVIR mashmasi tugatilgani, majburiy mehnatga barham berilayotgani albatta maqtovga sazovor. Lekin din va soʻz erkinligi borasidagi ayrim noxush ayblovlar yana uzoq yillar «Jekson-Venik» tuzatmasining bizga taʼsiri tugatilmasligiga sabab boʻlishi mumkin, afsuski.

Misol uchun, Oʻzbekiston 2006 yildan 2018 yilgacha AQSh Davlat departamentining “Diniy erkinliklarni buzuvchi davlatlar roʻyxati”da turgan. Biroq yangi hukumat davrida diniy erkinliklarni taʼminlash yoʻlidagi ijobiy qadamlar inobatga olinib, 2018 yilda Oʻzbekiston “Diniy erkinliklar buzilishi boʻyicha alohida kuzatuv roʻyxati (Special Watch List)”ga kiritildi. (Hozir bu roʻyxatda Jazoir, Markaziy Afrika Respublikasi, Komor va Vetnam qolgan.)

2020 yilda esa Oʻzbekiston bu roʻyxatdan ham chiqarildi. Lekin AQShdagi USCIRF (United States Commission on International Religious Freedom – AQShning Xalqaro diniy erkinliklar boʻyicha komissiyasi) tashkiloti damba-dam Oʻzbekistonni “Alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxatiga (Countries of Particular Concern) qaytarishni talab qilib turadi. Hozir bu roʻyxatda Birma, Xitoy, Kuba, Eritreya, Eron, KXDR (Shimoliy Koreya), Nikaragua, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni Tojikiston va Turkmaniston turibdi. Ular “davra”siga qaytish esa Oʻzbekistonga foydadan koʻra zarar keltirishi aniq.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+