platina.uz

Qurbaqa tajribasi: oʻzi yoʻqolib, narxi oshib borayotgan benzin

Oʻzbekistondagi benzin narxi Markaziy Osiyoda eng baland ekanini, bu ham kamlik qilgandek, muntazam oshirib borilishini nima bilan izohlash mumkin?

Iqtisod
5-noyabr 2023 yil
Qurbaqa tajribasi: oʻzi yoʻqolib, narxi oshib borayotgan benzin

Shu kunlarda AI-80 markali benzin narxining 1 noyabrdan boshlab yana oshishi haqida gap-soʻzlar koʻpayib qolgan edi. Biroq "Oʻzbekneftgaz" matbuot kotibi buni rad etdi. Uning yozishicha, "Oʻzbekneftgaz" AJ bu xabarlarni asossiz deb biladi va jamiyatga tegishli AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshirilishini maʼlum qiladi”.

Qurbaqa bilan oʻtkaziladigan gʻalati bir tajriba bor. Agar qaynagan suvga qurbaqani solsangiz, u sakrab chiqib ketishga harakat qiladi. Lekin idish tagidan past olov yoqib, asta-sekin qizdirsangiz, qurbaqa chiqib ketishga urinmaydi. Iliq suvga eʼtibor qilmaydi. Biroq suv qiziy boshlagach, qurbaqa oʻzidagi fiziologik xususiyatlarini ishga solib, terisi atrofidagi suvni moʻʼdatillashtirib turadi. Nihoyat, suv qaynash haroratiga yetganida, qurbaqa qochib chiqishga urinadi. Lekin suvni sovitib turishga katta quvvat sarflab qoʻygani bois, chiqib ketish uchun kuchi yetmay qoladi.

Oʻzbekistondagi narx-navoning muntazam va keskin oshib borishi odamlarda iliq suvdagi qurbaqa effektini uygʻotgan – shundoq ham metin sabrli xalq narx oshishiga deyarli befarq, tolerant boʻlib qolgan. Eng achinarlisi, bizda suvni ilitib ham oʻtirishmaydi, toʻsatdan qaynatib qoʻya qolishadi. Bundan-da yomoni, tajriba qurbaqasi vazifasini oʻtayotgan xalqni yosh boladek aldashga urinishadi. “Senga konfet beraman”, deb aldab tish doktoriga olib kirilgan bola kabi tuturuqsiz bahona va raddiyalar odatga aylandi. Bir tarafdan “falon narsaning narxi oshar emish”, degan gap chiqadi, buyoqda masʼullar “bu mish-mishga ishonmanglar, narx oshmaydi” deya xalqni yupatishadi. Lekin oradan biroz vaqt oʻtgach, “lop” etib narxlar koʻtarilib qoladi.

Har safar maosh oshganida narxlar koʻtarilishiga-ku, koʻnikishdi. Hatto ish haqi va nafaqalar oshsa-yu, narxlar oshmasa hayron boʻlishadi. Narxlar oshsa, ruhan xotirjam tortishadi. Siyosiy-ijtimoiy mazoxizm, deb shunga aytishsa kerak. Bu xuddi muntazam eridan kaltak yeb yuradigan ayol (yoki xotinidan kaltak yeb yuradigan er – har xil vaziyat boʻlishi mumkin) 3-4 kun kaltak yemasa, yelkasi uvushib, oʻzini yomon his qilishiga oʻxshaydi.

Hozirgi paytda narxni oshirish hamma muammoning universal yechimiga aylangan: “Afrosiyob”ga chipta topilmayaptimi, chiptalarni spekulyantlar olib qoʻymoqdami – narxlarni oshir! Energiya rerurslari taqchilmi yoxud isrof boʻlyaptimi – narxini oshir! JM avtomobillari defitsitmi – narxini oshir! Qaysidir tizimda islohot va takomillashtirish talab etilyaptimi – narxni oshir!

Bizda benzin yetarlimi?

Benzin ham narxi muttasil oʻsib kelayotgan mahsulot hisoblanib, bu oʻzgarishlar har safar isteʼmolchilarimiz choʻntagiga ogʻriqli zarba beradi. Global siyosiy muammolar, iqtisodiy inqirozlar, neft narxining oshishi yoki, aytaylik, Afrikadagi qandaydir “Mumba-yumba” qabilasidagi mojaro va hokazolarning barchasi benzin narxining oshishiga xizmat qiladi. Metan gaz shoxobchalarini gaz bilan taʼminlashga qurbi yetmagani bois AI-80 benzin narxi biroz tushirilgani bundan mustasno, albatta.

Umuman olganda, har qanday mahsulotning narxi bozor iqtisodiyotining asosiy qoidalaridan biri – talab va taklif qonuni asosida shakllanadi. Mahsulot tannarxi esa uni ishlab chiqarish va sotish uchun sarflangan xarajatlar hamda ustiga qoʻyilgan foyda uygʻunligidan kelib chiqadi. Biroq taklif talabdan koʻproq boʻlsa-da, mahsulotni tannarxidan ham past narxda sotishga majbur boʻlinadi.

Mahsulot narxi oshishiga esa davlat xarajatlarining ortib ketishi, kompaniya va jismoniy shaxslarni haddan ziyod kreditlash, iqtisodiyotdagi monopolizm, xorijiy qattiq valyuta kursining koʻtarilishi, tegishli tovarni kam ishlab chiqarish, mahsulot taqchilligi kabi omillar taʼsir qiladi. Bizda esa shu omillarning hammasi mavjud.

Yana shuni aytish kerakki, benzin deyarli toʻlaligicha chetdan olib kelinadigan mahsulot. Toʻgʻri, Oʻzbekistonning oʻzida ham benzin ishlab chiqariladi. Lekin bu ichki ehtiyojni qoplay olmaydi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan 2022 yilda Oʻzbekistonda 1,26 mln. tonna benzin (880,4-924,4 mln. litr) ishlab chiqarilgan boʻlib, bu 2021 yilga nisbatan 11,4% ga koʻpdir. Biroq bu miqdor biz uchun yetarli emasligi, isteʼmolchilar va tadbirkorlikning rivojlanishi hamda boshqa sabablarga koʻra ehtiyojning ortib borayotgani bois, joriy 2023 yilning 6 oyida benzin ishlab chiqarish 15,7 foizga (jami 650,9 ming tonna) va dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish 2 baravarga (539,4 ming tonna) oshgan.

2023 yil yanvar-avgust oylarida esa Oʻzbekistonning yirik korxonalari tomonidan 892,1 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu oʻtgan 2022 yilning shu davriga nisbatan 16,0 %ga koʻp.

Shuningdek, benzinni import qilish ham keskin koʻpaygan. Jumladan, oʻtgan 2022 yilda Oʻzbekistonga 99,28 mln. dollar qiymatdagi 161,68 mln. litr benzin import qilingan boʻlib, bu 2011 yilga nisbatan 11,4 foizga koʻpdir. Yaʼni 1 litr benzin 0,61 dollarga (oʻtgan yilgi Markaziy bank kursi boʻyicha 6782,3 soʻmga) tushgan. Importning asosiy qismi – 80-90 foizi Rossiya hissasiga toʻgʻri keladi.

2023 yilda import hajmi bir necha marta oshgan. Dastlabki 4 oyda 335,2 mln. litr benzin import qilingan boʻlib, bu oʻtgan yilning 12 oylik hajmidan deyarli 2 marta koʻp. Importning umumiy qiymati 136,67 mln. dollarga teng boʻlib, litri 0,4 sentdan toʻgʻri kelgan va oʻtgan yilgi narxlardan deyarli teng yarim arzonga tushgan.

Nega import hajmi oshdi?

Mutaxassislarning aytishicha, import hajmining keskin ortishi oʻtgan yil dekabr oyidan joriy yilning oxirigacha boʻlgan muddatda AI-80 markali benzinga aksiz soligʻining bekor qilingani, birjalarda narx oshishi cheklangani, prezidentning benzin va dizel yonilgʻisi zahirasini shakllantirish boʻyicha bergan topshirigʻi bilan bogʻliq.

Qolaversa, 2022 yilda metan quyish shoxobchalariga qoʻyilgan jiddiy cheklovlar bois benzinga talab oshgani ham bunga taʼsir koʻrsatdi. AI-80 markali benzinga 0 stavkadagi aksiz soligʻining muddati keyinroq 2023 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgani ham importni ragʻbatlantirgan.

Nega benzin narxi oshmoqda?

Biroq shularga qaramasdan, Oʻzbekistondagi benzin narxi Markaziy Osiyoda eng baland ekanini, bu ham kamlik qilgandek, muntazam oshirib borilishini nima bilan izohlash mumkin? Globalpetrolprices.com nashrining maʼlumotlariga koʻra, 2023 yil 30 oktabr holatiga (Markaziy bankdagi kurs boʻyicha 1 dollar 12228,05 soʻm boʻlgan), yuqori sifatli benzin narxi Turkmanistonda – 0.429 AQSh dollari (5245,83 soʻm), Qozogʻistonda – 0.463 doll. (5661,58 soʻm), Rossiyada – 0.592 dollar (7239 soʻm), Qirgʻizistonda – 0.798 doll. (9757,98 soʻm), Afgʻonistonda (!) – 0.987 doll. (12069 soʻm), Ozarbayjonda – 0.588 doll. (7190,09 soʻm) qiymatida boʻlgan. Oʻzbekistonda esa, mazkur sayt maʼlumotlariga koʻra, 1 litr benzin narxi - 1.175 doll. (14367,95 soʻm) ga teng. Hatto Yaponiyada ham bizdan arzonroq - 1.144 doll. ( 13988,88 soʻm). Eʼtiboringiz uchun, Yaponiya biz kabi neftga boy davlat emas! Shuni aytish kerakki, butun dunyo boʻyicha benzinning oʻrtacha narxi shu kuni 1 litr uchun 1.33 dollarga teng boʻlgan va bu Oʻzbekistondagi narxlardan pastroqdir.

Benzin narxi oshishining turli kollektor saytlar bergan narxlaridan tashqari real sharoit va vaqtdagi, aytaylik, Toshkentdagi narxlariga kelsak, 2023 yil 3 noyabr holatida UNG (Uzbekneftegaz, Uzgazoil) yoqilgʻi quyish shoxobchalarida AI-100 markali benzinning 1 litri 15800 soʻmdan sotilgan. Bu shoxobchalarda ommabop boʻlgan AI-80 markali benzinning 1 litri 6050 soʻm boʻlgan. Ayni shu markali benzinga MUSTANG shoxobchalarida eng qimmat narx (8300 soʻm) belgilangan.

Benzin narxi oshishiga bir necha omillar taʼsir qilmoqda. Avvalo, yuqorida aytilganidek, Oʻzbekistonga asosan Rossiyadan benzin import qilinadi. Ammo ayni paytda Rossiyaning oʻzida ham vaziyat yaxshi emas. Rossiya xomashyo va tovar birjalarida neft tanqisligi bois benzin eksportiga cheklov qoʻyish rejalari ham yoʻq emas. Bu chora ichki bozordagi defitsitni bartaraf etishidan umid qilinmoqda. Gap shundaki, Rossiya birjalarida bir necha oydan beri narx oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, Rossiyaga qoʻyilgan xalqaro moliyaviy sanksiyalar ham oʻzaro oldi-berdi va pul tranzaksiyalarini qiyinlashtirmoqda. Rossiyaga oʻtayotgan va undan kelayotgan har bir narsa yoki mablagʻ tegishli xalqaro tashkilotlar nazorati ostida turibdi.

Shu bilan birga, benzin narxini bizda biror-bir davlat tashkiloti nazorat qila olmaydi: Oʻzbekistonda benzinning chakana narxini davlat tomonidan tartibga solish AI-92, AI-93, AI-95 va AI-98 uchun 2017 yil 15 noyabr, AI-91 uchun 2019 yil 15 avgustdan, AI-80 uchun 2020 yil 1 maydan tegishli hukumat qarorlari bilan bekor qilingan. Neft ishlab chiqaruvchi zavodlar ham oʻz mahsulotini faqat birja orqali sota oladi.

Boshqacha aytganda, benzin narxlari shundan buyon bozordagi erkin talab va taklif asosida shakllanishi lozim. Qiziq joyi shundaki, dunyo bozoridagi neft narxining tushishi ichki bozorimizdagi benzin narxi tushishiga xizmat qilmaydi. Masalan, Isroil quruqlikda bosqinchilik harbiy operatsiyasi oʻtkazishi haqida eʼlon qilinganidan soʻng, 30 oktabr holatiga Brent markali (fyuchers shartnomalari asosida dekabrda yetkazib beriladigan) neftning 1 barreli narxi 90 AQSh dollaridan pastlab ketdi (89,51 doll). Lekin HAMAS Isroilga hujum qilgan kunlarda neft narxi keskin koʻtarilgan, joriy yil 27 oktabrda uning narxi 3 foizga qimmatlagan edi. Biroq hozirga kelib, masalan, West Texas Intermediate (WTI) markali neft narxi esa 84,6 doll.ga tushgan. Chunki dunyo bozoriga chiqadigan neftning uchdan birini yetkazib beruvchi Yaqin sharq mintaqasidagi qurolli mojarolar neft tankerlariga hujumlar, dengiz orqali tashuvlarga xavf tugʻdirishi, eng yomoni – Erondan neft eksporti hajmi pasayish xavfini oshiradi. Biroq buning Oʻzbekistondagi narxlarni pasaytiruvchi omil boʻlish ehtimoli deyarli yoʻq.

Benzin taqchilligiga Rossiyaning ixtiyoriy ravishda neft ishlab chiqarish va eksportini kamaytirishi ham sabab boʻlishi mumkin. 2023 yil mart oyidan 2024 yil oxirigacha rossiyalik neftchilar bu hajmni sutkasiga 500 ming barrelga tushirishmoqchi.

Bir soʻz bilan aytganda, benzin narxi tushishidan hozircha umid yoʻq. Garchi Oʻzbekiston xalqi bunga koʻnikib qolgan boʻlsa-da, benzin narxining qimmatligi mahalliy iqtisodiyot uchun katta xavf tugʻdiradi. Chunki bu, avvalo, benzin isteʼmolini kamaytirsa, ikkinchi tarafdan, logistika bilan bogʻliq barcha tovar va xizmatlar narxi ortishiga, buning oqibatida inflyatsiyaning kuchayishi, oziq-ovqat narxlarining oʻsishi natijasida xalq farovonligining hamda toʻlov qobiliyatining tushib ketishiga olib kelishi mumkin.

Hozircha nima qilish mumkin?

Albatta, Oʻzbekiston hukumati benzin narxi oshishi va uning oqibatlaridan manfaatdor emas. Shu bois, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, mamlakatimizga benzin va dizel yoqilgʻisini olib kelishga cheklovlar olib tashlandi. Yuqorida aytilganidek, benzin va dizel zaxirasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi. Yoqilgʻi olib keluvchi tadbirkorlarga aylanma mablagʻ uchun kreditlar ajratish vaʼda qilindi.

Yana bir yoʻnalish – benzinga qaramlikni pasaytirish bilan bogʻliq. Xususan, 2023 yil may oyida oʻtkazilgan energiya taʼminotiga bagʻishlangan yigʻilishda prezident benzin yoki dizelda emas, elektr quvvati bilan harakatlanuvchi transport vositalarini va ularni quvvatlash nuqtalarini koʻpaytirish topshirigʻini bergan. Masalan, shu yilning oʻzida 5 mingta elektromobillar olib kelingan. Tabiiyki, ular uchun hududlarda yetarli infratuzilma yaratish ham oʻta muhim vazifa. Bu borada kelgusi uch yilda 3,5 mingta quvvatlash qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, imtiyozlar berilgan. Viloyat hokimlariga joriy yilning oʻzida 900 ta quvvatlash qurilmalari oʻrnatilishini taʼminlash topshirilgan.

Shu bilan birga, energetika tarmogʻi mutasaddilari oldiga energetika sohasida ish sifatini taʼminlash, tartib va intizomni kuchaytirish vazifasi qoʻyilgan.

Biz esa hozircha vaʼda va yupatishlardan xotirjam boʻlishni oʻrganishimiz kerak. Masalan, 4 noyabr kuni ayrim AYoQShlarda AI-80 benzini taqchilligi kuzatildi. "Oʻzbekneftgaz" matbuot kotibi bu masala kechga borib bartaraf etilishi va AYoQShlarda benzin avvalgidek tartibda sotuvga chiqarilishini vaʼda qildi. Nima ham derdik?! Ishonamiz, kutamiz va sabr qilamiz.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+