Oʻzbekistonda futbol boʻyicha alohida telekanal ochiladi
Shuningdek Milliy futbol markazi ham tashkil etiladi.

Oʻzbekistonda futbol boʻyicha alohida telekanal tashkil etiladi. “Futbol-taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–355-son, 03.11.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:
- Milliy futbol markazi;
- Futbol boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi;
- Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi.
Shuningdek, Futbol boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash markazi Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi etib, Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi Respublika futbol akademiyasi etib qayta nomlanadi.
2025 yil 1 yanvardan hududiy futbol akademiyalari, maktablari va boshqa davlat futbol-taʼlim muassasalari trenerlarining Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazidan majburiy ravishda tegishli litsenziyalarni olgandan soʻng faoliyat koʻrsatish amaliyoti joriy qilinadi.
2024 yil sentabrda Oʻzbekistonda futzal boʻyicha Jahon chempionati oʻtkazilishi munosabati bilan hududlarda futzal jamoalari tashkil etiladi, shu jumladan professional futbol klublari huzuridagi futzal boʻyicha asosiy, yoshlar va ayollar jamoalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
2024 yil 1 yanvardan professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 milliard soʻmgacha 5 yildan kam boʻlmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.
Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazida “futbol treneri”, “futbol hakami”, “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “sport psixologi”, “futbol menejeri”, “futbol marketologi” kabi mutaxassisliklarga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.
2024/2025 oʻquv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialida “sport shifokori”, “sport diyetologi”, “sport farmakologi” bilan birga “sport psixologi” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
2024 yil 1 martgacha respublikadagi barcha stadion va futbol maydonlarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.