Nepaldagi ayanchli zilzilada 120 dan oshiq kishi qurbon boʻldi
AQSh Geologiya xizmati zilzila kuchini 5,6 ball baholadi.

Nepal gʻarbida 4 noyabr, shanbaga oʻtar kechasi sodir boʻlgan kuchli zilzila oqibatida 128 kishi halok boʻldi, oʻnlab kishilar jarohatlandi, deb xabar berdi dpa agentligi mahalliy hokimiyat organlariga asoslanib.
Nepalning Milliy zilzila monitoringi va tadqiqot markazi 6,4 magnitudali zilzila qayd etdi. Unga koʻra, zilzila epitsentri Nepal poytaxti Katmandudan 400 km uzoqlikda joylashgan Jayarkot viloyatida boʻlgan.
AQSh Geologiya xizmati zilzila kuchini 5,6 ball, Hindiston seysmologik markazi 6,4 ball, Potsdamdagi Germaniya Geofizika tadqiqot markazi 6,2 ball deb baholadi.
Odamlar vayronalar ostida qolib ketganligi sababli qurbonlar soni ortishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Eslatib oʻtamiz, oktabr oyi boshida Afgʻonistonda kuzatilgan kuchli zilzilada ikki ming kishidan oshiq kishi qurbon boʻlgandi.