Qiyomatga qancha qoldi?

Nega insoniyat qiyomatdan bunchalik qoʻrquvda? Nega qiyomat kunini aniq bilishni istaydi?

Maqola
3-noyabr 2023 yil
Qiyomatga qancha qoldi?

2012 yil yakunida butun dunyoni bir vahima qamrab oldi: emishki qiyomat qoim boʻlarmish, Maya qabilasining taqvimi 2012 yil 21 dekabrgacha davom etib, qolgan sanalar yoʻqligi bois dunyo shu kuni nihoyasiga yetar emish!

Shov-shuv uchun tarqatilgan mazkur xabarning yolgʻonligi keyin isbotlangan boʻlsa-da (aks holda hozir bu maqolani oʻqib turmagan boʻlardingiz – tahr), aksariyat insoniyatni, hatto Oʻzbekistonning chekka qishloqlarida yashayotgan odamlarni ham tashvishga solgani haqiqat. Koʻpchilik sham va shakarni gʻamlab olgan holda yertoʻlalarga tushib (qiyomat boʻlsa sham va shakar nima yordam beradi, tushunarsiz – tahr.) qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrab qiyomatni kutdi.

Hozir bu voqea hamma uchun kulgili tuyulsa-da, tez-tez shunday xabarlar tarqalib turadi. Vanga, Nostradamus yoxud boshqa qandaydir goʻyoki “kelajakdan fol ochuvchi” firibgarlarga nisbat beriluvchi bunday “bashoratlar”ga insoniyat koʻp guvoh boʻlgan.

Nega insoniyat qiyomatdan bunchalik qoʻrquvda? Nega qiyomat kunini aniq bilishni istaydi?

Islom eʼtiqodiga koʻra, qiyomat qachon boʻlishini Alloh taolodan boshqa hech bir zot bilmaydi. Bu ulkan haqiqat Qurʼoni Karimda koʻp marta taʼkidlangan.

Jumladan, Alloh taolo «Aʼrof» surasida: «Sendan soat (qiyomat) qachon sobit boʻlishi haqida soʻrarlar. Sen: «Uning ilmi faqat Robbim huzuridadir. Uni faqat Oʻzigina zohir qiladir. U osmonlaru yerda ogʻir ish boʻladi. Sizlarga faqat toʻsatdan keladir», deb ayt. Xuddi sen uni bilishing kerakdek, sendan soʻrarlar. Sen: «Uning ilmi faqat Allohning huzuridadir. Lekin koʻp odamlar bilmaslar», deb ayt», degan.

Qiyomat qachon boʻlishini Alloh bandalariga, hatto paygʻambarlariga aytmagan. Muhammad alayhissalomdan “Qiyomat qachon boʻladi?”, deb soʻrashganida “Qiyomatga qanchalik tayyorsan?” deya savol berib, bu faqat Xudoga ayonligini aytgan. “Inson oʻlgani – uning uchun qiyomat boshlangani” deya tushuntirgan. Paygʻambar “qiyomatga mana shuncha qoldi”, deb koʻrsatkich va oʻrta barmogʻini juftlab koʻrsatgan ekan: bunda kalta barmoq insoniyatning hozirgacha bosib oʻtgan tarixi boʻlsa, uzun barmoqqacha qolgan masofa qiyomatgacha qolgan davr, deyilgan. 

Shuningdek, ayrim islom teologlari Muhammad paygʻambardan keyin boshqa paygʻambar tushmasligining oʻziyoq, qiyomatga oz qolganiga ishoradir, deyishadi. Iso paygʻambar bilan Muhammad paygʻambar oʻrtasida 6 asr farq bor. Muhammad paygʻambardan keyin esa mana 14 asr oʻtdi, demak, qiyomat judayam yaqin, deyishadi.

Turli fazoviy dinlarning esxolatik dogmalariga koʻra, yaʼni oxir zamon haqidagi qarashlariga koʻra, oxir zamon kelishidan darak beruvchi kichik alomatlarning barchasi yuz berib boʻlgan. Faqat katta alomatlari qolgan xolos. Ammo bu katta alomatlar boshlansa, hadislarga koʻra, xuddi ipi uzilgan munchoq donasidek birin ketin, tezlik bilan roʻy berib oʻtadi va qiyomat qoim boʻladi.

Nasroniylik dinida esa qiyomatni Iso paygʻambarning ikkinchi marta yer yuziga tushishi bilan bogʻlashadi. Hatto nasroniylikning pravoslav oqimidagi Rus davlatida 1492 yildan keyingi taqvimni yuritishmagan. Chunki shu yili Iso Masih yerga tushadi va qiyomat boshlanadi, deb hisoblashgan.

Oxir zamonga juda ham yaqinmiz

Aslini olganda, astrofiziklarning maʼlum qilishicha, cheksiz fazoda quyosh tizimi doirasida suzib ketayotgan Yer sayyorasidagi hayot judayam nozik va har qanday soniyada qiyomat roʻy berishi, toʻgʻrirogʻi, Yerdagi hayotni yoʻq qilib yuboradigan kosmik sabablar vujudga kelishi mumkin. Biror tortishish kuchi oʻzgarsa, atrofimizda biror portlash yuz bersa, qandaydir fazo jismi Yerga kelib urilsa, tamom, soniyalar ichida hammasi yakun topishi mumkin.

Bu ham kamlik qilgandek, odamzotning oʻzi sayyoramiz tabiatini vayron qilib, iqlim yomonlashib ketishiga sabab boʻlmoqda. Buning ustiga turli dahshatli qurollarni ixtiro qilib, oxir zamon ehtimolini yanada yaqinlashtiryapmiz.

Ayniqsa, 2020 yildagi COVID-19 pandemiyasi tabiat kuchlari oldida naqadar ojizligimizni koʻrsatib qoʻydi. Koʻzga koʻrinmas kichik bir zarra – virusning butun insoniyatni vahimaga solgan paytlarini yana bir esga olish kifoya.

Ayniqsa, bugungi notinch kunlarda, dunyoning u yoki bu chekkasida qurolli va qonli mojarolar toʻxtamayotgan bir paytda, hatto navbatdagi jahon urushi boshlanish ehtimoli tugʻilgan davrda yana odamlarni qiyomat mavzusi xavotirga sola boshladi.

Insoniyat tarixida qiyomat, toʻgʻrirogʻi, odam urugʻi qirilib ketishiga bir bahya qolgan vaziyatlar koʻp boʻlgan. Ayniqsa, 1945 yilda atom bombasi ixtiro qilinib, Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlari ustiga tashlanganida, keyinchalik 7 ta davlat (beshtasi rasman – AQSh, sobiq SSSR, hozirgi Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, ikkitasi oshkora, lekin “norasmiy – xalqaro kelishuvlarga zid ravishda” – Hindiston va Pokiston, uchtasi esa xufyona yoki taxminlarga koʻra – Isroil, KXDR va Eron) bu qurolga ega boʻlgach, xavotirlar yanada kuchaydi. Chunki atom urushlari boshlansa, Yer yuzida mavjud atom zaryadlarining kuchi butun insoniyat qirilib ketishi uchun yetarli ekani, hech kim omon qolmasligi ilmiy jihatdan isbotlab berilgan.

Shu boisdan, AQShning atom bombasi yaratgan olimlari 1947 yildan boshlab, Chikago universitetining “Atomshunos olimlar byulleteni” jurnali loyihasini boshlashgan. Bu jurnal muqovasida davriy ravishda shartli “Qiyomat kuni soati”ning surati eʼlon qilinadi. Soat suratidagi daqiqa koʻrsatkichi tungi 12 ga qancha qolganini, yaʼni insoniyat “qiyomat”ga qanchalik yaqin qolganini timsoliy ravishda koʻrsatib turadi. Bu tasvir xalqaro vaziyatdagi keskinliklar va yadro qurollanishidagi oʻzgarishlar asosida baholab boriladi.

Bu “qiyomat soati”dagi millar yarim tunni, yaʼni qiyomat ehtimolini koʻrsatgan paytlar asosan yadro urushi xavfi tugʻilgan paytlarga toʻgʻri keladi.

Bu soatlar eng birinchi marta 1949 yilda – sobiq SSSR yadro bombasini sinovdan oʻtkazgan paytda 23:57 ni koʻrsatgan: “qiyomat roʻy berish” xavfiga 3 daqiqa qoldi, deb eʼlon qilingan.

Bu soatlar nisbatan eng “xavfsiz” davr – 1991 yilda – AQSh va sobiq SSSR oʻrtasida strategik qurollarni qisqartirish boʻyicha shartnoma tuzilgan payt hisoblandi. Oʻshanda “qiyomat soati” millari 23:43 da turgan va “yarim tun”ga 17 daqiqa qolganini koʻrsatgan edi.

Hatto Berlin devori qulagan, Sharqiy Yevropada “baxmal inqiloblar” roʻy berib, “sovuq urush” yakunlangan 1990 yilda ham bu soat millari 23:50 ni koʻrsatib, “yarim tun”ga 10 daqiqa qolgani haqida bong urgan.

“Qiyomat roʻy berishiga eng yaqin boʻlgan “rekord” davr – “yarim tun”ga atigi 1:30 daqiqa qoldi deb, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan keyin, 2023 yilda Ukrainadagi Chernobil va Zaporoje AES portlatilish xavfi tugʻilganda belgilangan edi.

Qizigʻi shundaki, bu soatlar asosan, avval sobiq SSSR, keyin esa Rossiyaning yadroviy xavfidan koʻproq "taʼsirlanadi". Masalan, sobiq SSSR tarqalgach, Rossiyadan atomshunos olimlarning ommaviy chiqib ketishi avj olgan 1994 yilda bu soat millari yaxshi davrni – “oxir zamon kelishi”ga vaqt uzoqligini – naqd 14 daqiqa borligini koʻrsatgan.

Qayd etish joiz, yadro urushi xavfi bilan bogʻliq koʻpchilik ashyolarga “qiyomat kuni” jumlasi bilan taʼrif beriladi. Masalan, AQSh prezidenti uchadigan samolyot 1-raqamli bort deb yuritilsa, yadro urushi xavfi tugʻilgan paytda, toʻgʻrirogʻi, yadro urushi davrida uchadigan samolyoti “Qiyomat kuni borti” deb ataladi.

AQSh prezidentining “Qiyomat kuni samolyoti” yadro hujumi davrida ham ucha oladi. U yoqilgʻi baklari kengaytirilgani bois yuzlab yoʻlovchilari bilan birga uzoq vaqt – 12000 kilometrgacha  masofani bosib oʻtishi mumkin. Ehtimoliy xavflardan himoyalangan samolyot salonida majlislar zali, oshxona, uxlash va dam olish uchun bir necha xonalar, shuningdek, muhim davlat tashkilotlari bilan bogʻlanish uchun aloqa oʻrnatish qurilmalari mavjud. AQSh prezidenti uchun 4 ta E-4B Nightwatch rusumidagi shunday samolyotlar ajratilgan.

Bunday samolyot Rossiya prezidentida ham bor. Il-80 rusumidagi bunday samolyotlar doimo buyruqqa shay, yogʻilgʻi toʻldirilgan va tayyor holatda turadi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, shuningdek, Falastin-Isroil mojarosi yanada keskinlashgan ayni paytda AQSh harbiy havo kuchlari qiruvchi samolyotlarning uchuvchilariga doimiy ravishda yadro portlashi nurlariga qarshi maxsus koʻzoynaklarni taqib yurishni buyurgan. Bu hatto AQShda ham yadroviy urush xavfi borligidan darak.

COVID-19 – birinchi va oxirgi pandemiya emas!

Olimlar aniqlayotgan, oxirgi zamonga sabab boʻluvchi sabablar va nazariyalar nihoyatda koʻp. Masalan, olimlarning aytishicha, global iqlim isishi Arktika muzlarining erishi va suv sathining koʻtarilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa Yer yuzida iqlimni moʻʼtadillashtirib turgan Golfstrim kabi ummon ichidagi oqimlarni toʻxtatib, anomal sovuq va anomal issiqlarga olib kelishi taxmin qilinadi. Hayot atalmish neʼmat esa juda nozik xilqat, mavjud qulay sharoitlardan bir nechtasi yoʻq boʻlsa, xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Iqlim oʻzgarishidan tashqari, muzliklarning erishi natijasida Arktikadagi minglab yillar avval muzlab qolgan koʻpchilik zararli bakteriya va viruslar ochilib qolishi mumkin. Chunki olimlar hozir ham million yillar avval muzlab qolgan mikroskopik jonzotlarning qulay sharoitga tushganda yana jonlanib, yashay boshlaganiga guvoh boʻlishgan. Agar asriy muzliklar ostidagi kasallik chaqiruvchi bunday mikroorganizmlar yer yuzasiga tarqalsa, insoniyat qirilib ketishi hech gap emas. Kovid pandemiyasi davrida bunday ommaviy yuqishlarning oldini olish qoʻlimizdan kelmasligini isbotlab boʻldik. Buning ustiga minglab yillar muzlab, konservatsiya boʻlib qolgan, qulay sharoitni kutib “uyquga” ketgan virus va bakteriyalar zamonidan beri inson organizmi koʻplab evolyutsiyalarga uchragan. Inson tanasi bunday yangi parazit organizm uchun immunitet hosil qila olmasligi mumkin.

Olimlar: “Oxir zamonga 5 kilometr qoldi”

Yana bir xavotirli omil – yer poʻstlogʻi qalinligiga qaramasdan, ummonlardagi chuqurliklarning Yerning qaynab yotgan markazi – mantiyasiga nisbatan yaqin joylashganida koʻrinadi. Masalan, Mariana chuqurligi Tinch okeanining gʻarbiy qismidagi chuqur suv osti botigʻi shunday xavf tugʻdiradi, deyishmoqda. U Mariana orollari yoʻnalishida 1340 km. masofaga choʻzilgan. Oʻrtacha kengligi 59 km., chuqurligi 11 km. boʻlib, dunyo okeanining eng chuqur joyi hisoblanadi.

Yer poʻstlogʻining eng qalin joyi togʻli hududlarda (Pomir, And, Himolay togʻlari ostida) 60-80 km., eng yupqa joyi esa 20 km.ni tashkil etadi. Mariana chuqurligining ost qism darz ketgan va mantiyagacha 5 km. qolgani aytilmoqda. Agar ana shu masofa ham zilzilalar yoki boshqa tabiiy taʼsirlar ostida ochilsa, Yer mantiyasidagi qaynoq lava bosim ostida vulqon boʻlib osmonga otiladi va suv bilan birga toʻfon koʻtarilib, Amerika qitʼasiga sunami boʻlib yopirilishi mumkin. Agar bu lava otilishi toʻxtamasa, har qancha yadro arsenalidan ming chandon katta taʼsir koʻrsatib, butun Yer yuzidagi jonzotlarni qirib yuborish uchun yetarli halokatlarga sabab boʻlishi mumkin. 

Ayrim konspirologik va fantastik fikrlarga koʻra, goʻyoki Rossiya anchadan beri bu botiqqa atom bombasi tashlab, AQShni suv ostida qoldirishni maqsad qilgan emish. Toʻgʻri, Rossiya olimlari bu chuqurlikni anchadan beri jiddiy oʻrganishadi, biroq uni portlatish rejasi borasida hali biror ilmiy yoki tasdiqlangan xabarlar chiqmagan.

Yer aylanishini tezlatgan Xitoy dambasi

Yuqorida aytilganidek, Yerdagi hayot sharoitlarining muvozanati xuddi oʻta aniq tarozi shaynlari kabi judayam nozik. Istalgan ortiqcha yuk uni oʻzgartirib yuborishi mumkin. Aytaylik, Yer belbogʻi (ekvator) va orbitasi oʻrtasidagi ogʻish burchagi 23°26′14″ ni tashkil etadi. Uning biroz chetga ogʻishi ham Yer va Quyosh tizimi oʻrtasidagi magnit tortishuvlari muvozanatini oʻzgartirishi, pirovardida esa Quyosh atrofida va oʻzi atrofida aylanish trayektoriyasiga taʼsir qilish ehtimolini tugʻdiradi. Oʻz orbitasidan chiqib ketib, “erkin sayohat”ga yoʻl olgan Yer sayyorasi esa istalgan biror samoviy jism bilan toʻqnashib ketishi yoki quyoshning tortish hududiga oʻtib, unga gʻarq boʻlishi hech gap emas. Agar barcha yadroviy bombalar baravar portlasa, bu burchakka taʼsir qilish ehtimoli mavjud.

2009 yilda Xitoyning Xubey provinsiyasida, Osiyodagi eng uzun daryo boʻlmish Yanszi daryosiga qurilgan «Uchta gʻor» dambasi foydalanishga topshirildi. Dunyodagi eng yirik gidroinshootlardan biri boʻlmish mazkur GES 1335 metr uzunlikka ega, yiliga 98,8 mlrd. kilovatt-soat elektr quvvati ishlab chiqaradi. Ushbu ulkan gidroinshoot 154 500 gektarni egallagan boʻlib, oʻzida 45,3 milliard kub metr suvni yigʻa olgan. Bunchalik koʻp miqdordagi suvning bir joyda jamlanishi Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanish tezligiga taʼsir qila oladi. Maʼlumki, sayyoramiz 23 soat 56 daqiqa 4 soniyada oʻz oʻqi atrofida toʻla aylanib chiqadi. AQShning NASA agentligi maʼlumotlariga koʻra, Xitoydagi yangi GES Yer aylanish tezligini 0,06 mikrosoniyaga oshirgan. Garchi bu arzimas miqdor boʻlsa-da, Yerdagi texnogen omillar butun sayyoramiz harakat parametrlariga taʼsir qila olishini koʻrsatadi. Qolaversa, bu qadar katta hajmdagi toʻgʻonlar biror sabab bilan buzilib ketsa, qanday qurbonlarga olib kelishiga insoniyat koʻp bora guvoh boʻlgan.

Yana bir mos keladigan jihati shundaki, hadislarda aytilishicha, vaqt qisqarmaguncha qiyomat qoim boʻlmas emish. Bir yil goʻyo bir oy, bir oy esa bir hafta, bir hafta bir kun, bir kun bir soat, bir soat esa yonayotgan gugurt choʻpdek boʻlib qolmaguncha oxir zamon kelmas ekan.

Soʻnggi bir necha yil ichida esa Yer tezroq aylana boshladi. Olimlar bu qachon boshlanganining sababini aniqlay olishmagan. Agar bu tendensiya davom etsa, universal vaqtdan bir soniyani ayirishga toʻgʻri keladi, deb yozadi “RIA Novosti”. Zamonaviy texnologiyalar sayyoraning aylanish tezligini millisekundlar aniqligida oʻlchash imkonini beradi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, XVIII asrdan boshlab u asta-sekin tezlashib bormoqda. 2026 yilga kelib, bu tafovut juda sezilarli boʻlib qoladi va olimlar bir kundan bir soniyani olib tashlashlari kerak boʻladi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+