Yevropaning katta taʼsirga ega siyosatchilari reytingi eʼlon qilindi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina yetakchi oʻrinlarni egalladi. 

Jahon
29-noyabr 2023 yil
Yevropaning katta taʼsirga ega siyosatchilari reytingi eʼlon qilindi

Politico  nashri kelasi yili “Yevropa siyosiy hayotini shakllantiradigan” 28 kishidan iborat roʻyxatni eʼlon qildi. Roʻyxatdagilar uch toifaga boʻlingan: "arboblar", "orzu qiluvchilar" va "buzuvchilar". Polshalik arbob Donald Tusk eng nufuzli siyosatchi deya topilgan boʻlsa, "buzuvchilar"da birinchi oʻrinni Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina egalladi.

Politico taʼkidlaganidek, Nabiullina oʻn yil davomida Rossiya Markaziy banki rahbari boʻlib ishlagan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosatini qoʻllab-quvvatlovchi "bosh texnokrat" hisoblanadi. “Nabiullinaning agressiv pul-kredit siyosati bir necha bor rublni saqlab qoldi va mamlakat iqtisodiyotini barqaror ushlab turdi. Markaziy bank rahbari Kreml gʻaznasini boʻshatishga moʻljallangan misli koʻrilmagan Gʻarb sanksiyalari oqibatlarining oldini olishga ham muvaffaq boʻldi”, — deb yozadi nashr.

Nashrning yozishicha, Nabiullina oʻzining professionalligini isbotlay oldi va Rossiya iqtisodiyotini bir necha bor "qutqardi". 

Shuningdek, “buzuvchilar” toifasiga kataloniyalik jurnalist va siyosatchi Karles Puchdemon, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Barbok, Yevropa xalq partiyasi rahbari (Yevropa parlamentida) Manfred Veber, litvalik diplomat Jovita Nelyupshene, Gruziya siyosatchisi va sobiq bosh vaziri Bidzina Ivanishvili, belgiyalik siyosatchi va yozuvchi Tom Van Griken ham kirdi. 

“Orzu qiluvchilar” nominatsiyasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy birinchi oʻrinni egalladi. Politico uni “bir qoʻl bilan tarix rivojini oʻzgartira olgan” Uinston Cherchill, Martin Lyuter King va Nelson Mandela bilan qiyoslaydi.

Shuningdek, “orzuchilar” toifasiga rossiyalik muxolifatchi, “rus Mandelasi” deb atalgan Aleksey Navalniy, Chexiya prezidenti Petr Pavel, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi rahbari Tomas Bax va boshqalar kiritilgan.

“Arboblar” nominatsiyasida roʻyxatda birinchi oʻrinni Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni egallagan boʻlsa, undan keyingi oʻrinlarni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyaren, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina prezidenti devonxonasi rahbari Andrey Yermak egalladi. Reyting mualliflari Yermakni "Kiyev yashil kardinali" deb atashgan.

Bu yil Yevropaning “eng nufuzli shaxsi” Polsha “Fuqarolar koalitsiyasi” rahbari Donald Tusk boʻldi. U 2007—2014-yillarda mamlakat bosh vaziri, 2014—2019-yillarda esa Yevropa kengashi prezidenti boʻlgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+