TIV sobiq amaldori Fargʻona viloyati hokimiga oʻrinbosar boʻldi
Mamajonovga qadar ushbu lavozimda Iqboljon Ergashev ishlagandi.

Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya va madaniy hamkorlik departamenti direktorining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlab kelgan Mamajonov Nuriddin Yoqubjonovich Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari – viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi.
Bu haqda viloyat hokimligi saytida xabar berildi.
Nuriddin Mamajonov 1982 yil 27 iyulda Quvasoy shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini hamda Markaziy Bogema universitetini (Praga) tamomlagan. Yevropa amaliy fanlar va menejment institutida (Praga) Biznes boshqaruv doktori (DBA) ilmiy darajasini olgan.
Mehnat faoliyati davomida Tashqi ishlar vazirligida, Adliya vazirligida turli masʼul lavozimlarda ishlagan. Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida, Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida faoliyat olib borgan. 2022-2023 yillarda Oʻzbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi boʻlgan.
Nuriddin Mamajonovga qadar ushbu lavozimda Iqboljon Ergashev ishlab kelgan. Ergashev oy boshida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.