“Soqqali” joy: Janubiy Koreyaga ishga joʻnatishdagi korrupsiya

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbarlari nega tez qamalishini tahlil qilib chiqdik.

Tahlil
29-noyabr 2023 yil
“Soqqali” joy: Janubiy Koreyaga ishga joʻnatishdagi korrupsiya

Aniqlanishicha, 5 yil ichida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari lavozimiga tayinlangan 7 rahbarning talay qismi korrupsion jinoyatlar sabab lavozimidan ozod qilingan, baʼzilari jarima, baʼzilari esa qamoq jazosi bilan jazolangan.

1. 2017 yil mart va aprel oylarida Janubiy Koreyaga ishlashni istovchilarni roʻyxatga olish boʻyicha oʻtkazilgan test sinovlarida kuzatilgan mojaro ortidan agentlikning oʻsha paytdagi rahbari Ulugʻbek Nazarov oʻz lavozimini tark etgandi. Janubiy Koreya bilan bogʻliq imtihonlarda korrupsiyaviy holatga koʻra u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi a, b bandlari, 278-2-moddasi 2-qismi v, g bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 12 yil qamoq jazosi tayinlangan.

Ulugʻbek Nazarov avval vaqtinchalik rahbar, soʻng boʻlinma boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2. 2018 yil bahorida uning oʻrniga Hojibaxlil Asamov vaqtinchalik rahbar sifatida faoliyat yuritgan. Asamov oʻz oʻrnini Ravshan Ibragimovga boʻshatib bergan.

3. Ravshan Ibragimov koʻp oʻtmay qamalgan. Janubiy Koreyaga yuborish bilan bogʻliq korrupsiyaviy holatga koʻra u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a bandi, 28, 211-moddasi 3-qismi a, b bandlari va 278-2-moddasi 2-qismi v, g bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 12 yil qamoq jazosi tayinlangan.

4. 2019 yil oxirida agentlikka Baxtiyor Tursunov vaqtinchalik rahbar boʻlib kelgan. U 2020 yil yozda lavozimini tark etgan.

5. Muhammadzokir Mamatxonov rahbar lavozimini egallab, soʻng 2021 yil fevralida Namangan viloyati Uychi tumani hokimi sifatida ish boshlagan.

6. 2021 yil fevralidan Xayrulla Umarov vaqtincha rahbar etib tayinlangan.

7. 2022 yil 1 noyabrdan Afzal Ermatov agentlik rahbariga aylangan. Shu oʻrinda 7-rahbar bilan bogʻliq, bundan tashqari, yuqorida sanab oʻtilgan bir qator rahbarlarning ishdan olinish sababi, qolaversa, shu sababli markazning Janubiy Koreya ishchi vizalari bilan aloqadorligi shubha uygʻotmay qoʻymaydi.

Demak, Janubiy Koreya vizalari uchun oʻtkaziladigan imtihonlar rahbarlar “eʼtiborida” boʻlgan, degan xulosaga kelish mumkin. Agentlikning yettinchi rahbari faoliyat tarixi ham bir necha “qingʻirliklardan” iboratligi bu masalani yanada chuqurroq oʻrganishga undadi.

2010-2013 yillarda agentlik rahbari sifatida faoliyat koʻrsatgan Afzal Ermatov 2018 yilga kelib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan ayblangan boʻlsa-da, taqdirning “oʻyini”ga qarangki, 2022 yili yana lavozimga qaytgan Ermatov “oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas” deganlari kabi Janubiy Koreya ishchi vizasini olish jarayonidagi mashmashalar sabab boʻlsa kerak, 2023 yil 25 martda qoʻlga olingan. Agentlik matbuot kotibi Ortiqxoʻja Norov oʻsha paytda Ermatov yanvar oyidan buyon ishga chiqmagani, ammo ayblov haqida hech qanday maʼlumotga ega emasligini aytgan edi. Ammo shunday boʻlsa-da, bir necha oy davomida Ermatov rahbar lavozimida turgan. 4 aprelda Jahongir Xudoyxoʻjayev tayinlangan va hozir ham lavozimda.

Albatta, shu oʻrinda 2019 yili Ulugʻbek Nazorov va Ravshan Ibragimov bilan birga “yoppasiga” qamalgan Alijon Abdullayev hamda Ozod Maxsudovni unutib boʻlmaydi.

Alijon Abdullayev Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish masalalari departamenti chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlganlarni topish va roʻyxatga olish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan.

Ozod Maxsudov Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Joʻnab ketishdan oldingi moslashtirish va oʻqitish markazi direktori lavozimida boʻlgan.

Sobiq boʻlim boshligʻi va markaz direktori Ozod Maxsudov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a bandi, 28, 211-moddasi 3-qismi a, b bandlari, 278-2-moddasi 2-qismi v, g bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Yuqoridagi barcha holatlar migratsiya sohasidagi “biznes” va “oʻyinlar”ning qanchalik avjiga chiqqanini isbotlay oladi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: agentlikka yaqin orada yangi rahbar qoʻyilmasmikin?

Maʼlumotlarni oʻrganish jarayonida bizda ham bir necha savollar tugʻilib, agentlikning 1282 qisqa ishonch telefon raqamiga Janubiy Koreyaga ishchi viza olmoqchi boʻlgan oddiy migrant sifatida bogʻlanib koʻrdik. Maʼlum boʻlishicha, ishchi viza imtihonlari narxi 321 ming soʻmni tashkil qiladi, hujjat topshirgach, 3-4 oy kutishdan soʻng 2 bosqichdan iborat til imtihonlari boʻlib oʻtadi. Bir qator surishtiruvlarga tayanadigan boʻlsak, bu kabi imtihonlar bazi “shaxslar” choʻntagini qappaytirishga xizmat qilishi maʼlum boʻladi.

Shu oʻrinda agentlik rahbariga bir necha savollar bilan murojaat qilish oʻrinli: 2-bosqich imtihonlarida nega inson omili saqlab qolingan? Bundan kim manfaatdor? Nohaqliklarning oldini olish maqsadida qanday ishlarni amalga oshirish rejaga kiritilgan? Bu kabi noroziliklarga sabab boʻluvchi holatlar qachongacha davom etadi?

Zero, xalqimizda bir maqol bor “Izlagan imkon topar”. Shunday ekan, masalaning yechimi rahbarning oʻzgarishi emas, balki tizim yangilanishidir. Shundagina bu soha oʻz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻya oladi va insonlarni ishonchli istalgan mamlakatga xotirjam yetkazadi.

Maftuna Yodgorova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+