Favqulodda ish tizimi: suv masalasi jiddiylashmoqda
Suv xoʻjaligiga har yili oʻrtacha 1 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablagʻ olish boʻyicha taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligidan keyin 4-oʻrinda turadi.

Shavkat Mirziyoyev bir yil davomida suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtishni topshirdi. Bu haqda qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha videoselektorda aytildi.
"Mamlakatimizdagi suv resurslarining 20 foizi oʻzimizda, katta qismi qoʻshni davlatlarda shakllanadi. Iqlim oʻzgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish boʻyicha vaziyat ham jiddiy. Bularning taʼsirida 2030 yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash. Hisob-kitoblarga koʻra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof boʻlyapti. Eng koʻp suv yoʻqotishlari Qoraqalpogʻiston, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga toʻgʻri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv taʼminoti juda ogʻir. Suv yoʻqotishlari oqibatida yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti.
Shu bois suv xoʻjaligida “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” eʼlon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, yaʼni bu yilgiga nisbatan 4 barobar koʻp yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025 yilda kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga oʻtiladi.
Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga oʻtkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.
Ikkinchi muhim vazifa – suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish. Hozir 4,3 million gektar sugʻoriladigan yer boʻlib, shundan 30 foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bunday klaster va fermer xoʻjaliklarida suv 30-40 foizga, oʻgʻit va yoqilgʻi 25-30 foizga tejalishi bilan birga hosildorlik oshgan.
Lekin suv yetkazish tannarxi juda qimmat boʻlgan Qashqadaryoda bunday usulda sugʻoriladigan yerlar atigi 16 foizni tashkil etadi. Suv tejashda eng sodda agrotexnik tadbir boʻlgan yerni lazerli tekislash ishlari ham yetarli emas. Bunday maydonlar Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 10 foizdan kam.
Buning sabablaridan biri – suv tejovchi texnologiyani joriy qilgan fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibi ishlamayapti. Shu bois yigʻilishda bu boʻyicha yangicha moliyalashtirish tizimi belgilandi. Unga koʻra, klaster va fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Buning uchun ochiq-oshkora platforma ishga tushiriladi. Ham bank bilan, ham taʼminotchilar bilan shartnoma elektron platforma orqali onlayn imzolanadi.
Uchinchi muhim vazifa – suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish. Bugungi kunda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har 1 kubmetr suvga oʻrtacha 212 soʻm xarajat qilinayapti. Lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda bu 2-3 barobar qimmat.
Shu bilan birga, suv xarajatining 63 foizi nasos stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Xususan, sugʻorish uchun yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi sarflanadi. Chunki suv nasoslarining 80 foizi eskirgan, energiya sarfi yuqori.
Maʼlumot uchun, suv xoʻjaligiga har yili oʻrtacha 1 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablagʻ olish boʻyicha taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligidan keyin 4-oʻrinda turadi.