Vazirlik “Yashil makon”da qoʻshib yozishlar yoʻqolishiga vaʼda berdi
Avvalroq Ekologiya vaziri 2 milliondan ortiq koʻchat ekildi deb hisobotga qoʻshib yozilganini, sugʻorish tizimlari mavjud boʻlmagan hududlarga 7,3 million tup koʻchat ekilganini aytgandi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi “Yashil makon”da qoʻshib yozishlar endi boʻlmasligiga vaʼda berdi.
Bugun Milliy matbuot markazida oʻtgan matbuot anjumanida vazirlik "Yashil makon" umummilliy loyihasini tashkillashtirish va monitoring boshqarmasi boshligʻi Gʻofurjon Qarshiboyev Platina.uz muxbiri savoliga shunday javob berdi.
Avvalroq Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak boʻlgan 2 milliondan ortiq koʻchat ekildi deb hisobotga qoʻshib yozilganini, sugʻorish tizimlari mavjud boʻlmagan hududlarga 7,3 million tup koʻchat ekilganini maʼlum qilgandi.
– Toʻgʻri, oʻtgan mavsum yakunlari boʻyicha shunday holat qayd etilgandi. Mana shu sababdan bu mavsumda 65 mingta emas, 10 mingta koʻproq, 75 mingta koʻchat ekilishi topshirildi. Sugʻorish tizimlari organilib, sugʻorishning qaysidir uslubidan foydalanib, qanday daraxtlarga suv yetkazib berish choralari koʻrilmoqda. Bu xatolar oʻrganilib, mazkur mavsumda ularga yoʻl qoʻymaslik uchun qattiq eʼtibor berilmoqda, – dedi Qarshiboyev.
Fazilat Soib