Turkiyaga 2023 yilning 10 oyida kelgan sayyohlar soni 50,2 mln. kishidan oshdi
Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy koʻrsatkichlar haqida maʼlumot berdi.

Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, yilning 10 oyida ziyoratchilar sonining 50,2 million kishidan oshganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, bu “taʼtil uchun Turkiyani afzal koʻrgan xorijlik sayyohlar soni 10 oyda oʻtgan yilgiga nisbatan 11,58 foizga oshganligini anglatadi”.
Antaliya
Ersoy Antaliyadagi Belek turizm mintaqasidagi Nest kongress markazida oʻtkazilgan 13-Xalqaro kurort turizmi kengashining ochilishida soʻzlagan nutqida barcha oʻqituvchilarni 24 noyabr – “Xalqaro Oʻqituvchilar kuni” bilan tabrikladi.
Turizmda navbatdagi bir yilni yakunlaganliklarini ifoda etgan Ersoy, yil boshida 55,6 milliard dollar turizm daromadini maqsad qilganliklarini, ammo markazi Kahramanmarashda boʻlgan zilzilalar, saylov jarayoni va Isroilning Gʻazoga hujumlariga qaramasdan, koʻzlangan maqsadga juda yaqin ekanliklarini bildirdi.
Vazir turizm koʻrsatkichlari haqida maʼlumot berar ekan:
“2023 yilning yanvar-oktabr davrida mezbonlik qilgan jami ziyoratchilarimiz soni 50,2 million kishidan oshdi. Taʼtil uchun Turkiyani afzal koʻrgan chet ellik sayyohlar soni bu 10 oyda oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11,58 foizga oʻsganidan dalolatdir. Turizm daromadlari 2023 yil yanvar-sentabr davrida 42 milliard dollarga yetdi. Oʻtgan yilning huddi shu davrida erishgan 35 milliard dollarlik daromadga nisbatan 20 foizga yuqorilaganimizni koʻrishdan mamnunmiz”.
Vazir Ersoy, 2002 yilda taxminan 800 ming boʻlgan turar joy binolarining umumiy yotoq sigʻimini noyabr oyi holatiga koʻra 175 foizga oshirib, 2,2 millionga koʻtarganliklarini va malakali turizmda juda zarur jarayonni yakunlashga yaqinlashganliklarini qayd etdi.
Shuningdek Ersoy: “2028 yildagi maqsadimiz ancha katta. Turizm daromadini 100 milliard dollarga koʻtaramiz. Umid qilamizki, har doimgidek qadrli soha mutaxassislarimizning fidokorona mehnati va qoʻllab-quvvatlashi bilan maqsadlarimizga birin-ketin erishamiz, - deya qoʻshimcha qildi.
TGA bilan 200 ta mamlakatlarda targʻibot ishlari
Turkiya geosiyosiy joylashuvi tufayli oʻtmishda boʻlgani kabi bugun ham inqirozlarga duch kelganini tilga olgan Ersoy, mintaqaviy toʻqnashuvlar, urushlar, tabiiy ofatlar va global muammolar bilan doimo duch kelganiliklarini bildirdi.
Shu sababli Ersoy, vazirlik sifatida global va mintaqaviy inqirozlarga qarshi immunitetni oshirish, sayyohlarni Turkiyaga olib kelish va turizm daromadlarini oshirish maqsadida 2019 yilda Turkiya Turizmni targʻib qilish va rivojlantirish agentligini (TGA) tashkil qilganliklarini eslatdi. TGA inqiroz davrida aloqalarni boshqarish uchun masʼul ekanini va koʻplab muvaffaqiyatli ishlarni amalga oshirganligini ham taʼkidladi.
Butun dunyodan matbuot aʼzolari, jurnalist-blogerlar, turoperatorlar va yetakchi shaxslarning Turkiyada mehmon boʻlganini eslatgan Ersoy, soʻzlarini quyidagicha davom ettirdi:
“20 noyabr holatiga koʻra, yil boshidan buyon 85 ta turli mamlakatlardan jami 6 ming 257 kishi, jumladan, 3 ming 140 nafar matbuot aʼzosi, jurnalist-blogerlar va 3 ming 117 turoperatorlar Turkiyaning 73 ta turli viloyatlarida oʻtkazilgan 424 ta alohida mehmondoʻstlik tadbirida ishtirok etdi. Bu davrda Antaliyada 75 mamlakatdan, taxminan, 1680 kishi mehmon boʻldi. Biz yil soʻngigacha vazifalarimizni davom ettiramiz va Turkiyaning barcha 81 viloyatini ushbu mehmondoʻstlik tadbirlariga kiritamiz. Bu raqamlardan maʼlumki, shubhasiz, biz dunyodagi eng intensiv reklama, targʻibot va tashviqot ishlarini olib boradigan davlatmiz”.
Madaniyat yoʻli festivali 2028 yilda 35 ta shaharni qamrab oladi
Vazir Ersoy, turizmda mahsulot xilma-xilligiga ahamiyat berganliklarini, ayniqsa, madaniy turizmda muhim ishlarni amalga oshirganliklarini bayon qildi.
2021 yilda Istanbul Beyogʻluda boshlangan Madaniyat yoʻli festivali loyihasini yanada kengroq ommaga yoyganliklarini ifoda etgan Ersoy, bu yil “Jumhuriyatning 100 yilligida, 100 kunda 11 festival” shiori bilan yoʻlga chiqqanliklarini va Turkiya Madaniyati Yoʻl Festivallari doirasida 11 viloyatda 400 ga yaqin joylarda 5 mingdan ortiq tadbir oʻtkazganliklarini taʼkidladi.
Har yili ushbu zanjirga 5 ta shaharni qoʻshish orqali festivallarning taʼsir doirasini yanada kengaytirishlarini bildirgan Ersoy, 2028 yilda 35 ta shaharda Turkiya madaniyati yoʻl festivallarini oʻtkazishni maqsad qilganliklarini ilova qildi.
Istanbulning 2022 yilda Mishel qoʻllanmasiga kiritilganini eslatgan Ersoy, joriy yilda ushbu nufuzli roʻyxatga Izmir va Bodrumning ham qoʻshilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Ersoy, kelgusi yillarda Antaliyaning ham yoʻriqnomada oʻz oʻrnini egallashiga qatʼiy ishonchini ifoda etdi.