Paxtakor uchun soʻnggi tur hayot-mamot jangiga aylanadi
Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turida Paxtakor mehmonda Al-Ayn ustidan irodali gʻalabaga erishdi.
Avvaliga toshkentliklar gol oʻtkazib yuborgan boʻlsa-da, ikkinchi taymda ular vaziyatni oʻnglay olishdi va 3:1 hisobida gʻalaba qozonishdi. Paxtakor 7 ochko bilan 2-oʻrinda, undan keyin Al-Feyxa ham xuddi shu hisobli gʻalaba bilan 6 ochko toʻplab, 3-oʻrinda bormoqda.
Oxirgi turda Paxtakor oʻz maydonida aynan Al-Feyxani qabul qiladi va ikkinchi oʻrin uchun keskin kurash boʻlishi kutilyapti.
Namanganda oʻtgan oʻyinda esa Navbahor va Al-Hilol guruhdagi peshqadamni aniqlab olishdi. Har ikkisi keyingi bosqich masalasini hal qilib boʻlgan. Mehmonlar ikkita penaltini urolmaganini ham aytib oʻtish kerak.
OChL, guruh bosqichi, 5-tur
Al-Ayn - Paxtakor 1:3
Gollar: Xalfan 18 - Erkinov 55, 62, Cheran 78.
Navbahor - Al-Hilol 0:2
Gollar: Malkom 69, Ad-Dovsari 85.