Kuchishlatar organlarni tasvirga olganlarni 15 sutkaga qamashmoqchi
Faqat bunda tasvirga oluvchining maqsadi organ xodimini obroʻsizlantirish boʻlishi kerak. Bu maqsadni kim belgilashi nomaʼlum.
Oliy Majlis qonunchilik palatasi yigʻilishida huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarni tasvirga olganlik uchun jarima va 15 sutkagacha qamoq tayinlash rejalashtirilyapti.
Yangi tahrirga koʻra, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini xizmat vaqtida olingan foto va videotasvirlarni ularni obroʻsizlantirish maqsadida, yaʼni yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni internet axborot tarmogʻiga joylashtirishga javobgarlik belgilanyapti.
Deputat Jahongir Shirinovning aytishicha, obroʻsizlantirish deganda yolgʻon, noaniq va buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar tushuniladi. Biroq u bu holatni aynan kim aniqlab berishiga oydinlik kiritmagan: sudmi, IIO xodimimi yoki fuqaroning oʻzimi?
Deputat Doniyor Gʻaniyev esa Jinoyat kodeksida obroʻsizlantirishga oid (202-2) modda borligini aytib, maʼlum bir kasb egalari uchun alohida modda qoʻshish shartmi, degan savolni oʻrtaga qoʻydi. Ammo bu eʼtirozga tayinli javob berilgani yoʻq.
Shuningdek, Gʻaniyev taklif etilayotgan sanksiyaga eʼtiroz bildirdi. Koʻchadagi odamga quruq tuhmat qilgan IIO xodimi jarima bilan qutulishi mumkin, ammo yangi tahrir boʻyicha IIO xodimini obroʻsizlantirgan odam 15 sutkaga qamalib ketishi ham mumkin.
Shuncha muhokamadan soʻng qonun loyihasi qabul qilingan.