Toshkent viloyatida “yashil vodorod” ishlab chiqariladi

Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshma fond tashkil etilmoqda.

Iqtisod
27-noyabr 2023 yil
Toshkent viloyatida “yashil vodorod” ishlab chiqariladi

Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ishlari boshlandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvida maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston bilan Saudiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik va keng koʻlamli sheriklikni yanada kengaytirish, shu jumladan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv avvalida investitsiyalar vaziri Oʻzbekiston yetakchisiga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga, eng avvalo “yashil” energetika sohasiga Saudiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.

Saudiya taraqqiyot fondi koʻmagida sogʻliqni saqlash, taʼlim, suv taʼminoti va boshqa yoʻnalishlarda bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshma fond tashkil etilmoqda.

Saudiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi doirasida kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, IT va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 12 milliard dollarlik oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.

Oʻzbekistonning turli hududlaridagi yirik energetika loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek,  transport infratuzilmasi va kommunal xoʻjaligi, geologiya, irrigatsiya, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, oliy taʼlim, mehnat migratsiyasi boʻyicha umumiy qiymati 11 milliard dollarlik yangi loyiha va dasturlarni ilgari surishga kelishib olindi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishda eng katta sarmoyador va strategik hamkor boʻlgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan sermahsul hamkorlik alohida qayd etildi. Bugungi kunda kompaniya bilan birgalikda qiymati 7,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Sirdaryo viloyatida 1,5 gigavatt quvvatli zamonaviy issiqlik elektr stansiyasining faoliyati hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ishlari boshlanayotganini olqishladi.

Shuningdek, vazir Holid al-Falixni Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshgan katta hissasi va har tomonlama koʻmagi uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+