Ukrainadagi “Yevromaydon” inqilobiga 10 yil boʻldi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi uchun maʼnaviy tayyorgarlik deyarli 10 yil oldin boshlangan edi.

Jahon
25-noyabr 2023 yil
Ukrainadagi “Yevromaydon” inqilobiga 10 yil boʻldi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 2022 yilda yuz berdi. Biroq bu bosqin uchun maʼnaviy tayyorgarlik deyarli 10 yil oldin boshlangan edi. 2013 yil noyabr oyining soʻnggi haftasida yuz bergan Ukrainadagi norozilik namoyishlari Kiyevning Rossiyaga tobelikdan chiqib ketishi uchun ilk harakatlari hisoblanadi. “Maydon – hurriyat, mustaqillik” shiorlari bilan tarixda qolgan Yevromaydon Ukrainaning Yevropaga yuzlanish jarayonini boshlab berdi.

Undan avvalgi davrlarda esa Ukraina Rossiyaning siyosiy "tomorqasi" hisoblangan. Rossiya hukumati nafaqat Ukraina ichki va tashqi siyosatiga taʼsir koʻrsata olar, hattoki davlat rahbarini ham saylashlariga “yordamlashib” yuborar edi.

Ayrim manbalarga koʻra, 2020 yil 25 fevralidan 2014 yil 22 fevraligacha boʻlgan davrda Ukrainani boshqargan prezident Viktor Fyodorovich Yanukovich ham Rossiyaning “yaqin doʻsti” boʻlgan. Yanukovich ruslar koʻp yashaydigan va oʻsha davrda rossiyaparastlik kayfiyati kuchli boʻlgan Donetsk viloyatida tugʻilib oʻsgan.

2004 yilda “Zargʻaldoq inqilobi” natijasida Viktor Yushchenkoning prezident boʻlishi Rossiyaga yoqmadi. Bu saylovlarda nomzodi qoʻyilgan Viktor Yanukovich magʻlub boʻldi. Turli siyosiy oʻyinlar va manipulyatsiyalar natijasida, nihoyat 2010 yildagi saylovlarda Viktor Yanukovich Ukraina prezidentiga aylandi. Avvaliga oʻzining asl maqsad va qarashlarini turli populistik shiorlar ostida yashirib yurgan Yanukovich 2013 yilda Rossiya uchun maqbul qadamni qoʻydi. 2007 yilda boshlangan muzokaralar natijasida Yushchenkoning saʼy-harakatlari bilan tayyorlangan, hatto parlament tomonidan parafinlangan (tasdiqlangan), mamlakatning Yevroittifoq bilan integratsiyasini maqsad qilgan “Ukraina va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi assotsiatsiya toʻgʻrisidagi shartnoma” Yanukovich tomonidan rad etildi. Bu mamlakatdagi demokratik kuchlarga yoqmadi.

Shartnomani imzolash prezident tomonidan toʻxtatilgan kuni – 2013 yil 21 noyabrda ukrainalik jurnalist Mustafo Naim ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishlarini maydonga chorladi. “Mustaqillik yodgorligi ostida uchrashaylik. Shunchaki qahva ichib muloqot qilib oʻtiramiz. Issiq kiyinib olinglar”, deb yozilgan xabar tez tarqaldi. Xalq Mustaqillik maydoniga yigʻila boshladi. (Shu bois bu noroziliklar “Yevromaydon” nomini olgan).

21 noyabr

Garchi shahar hokimiyati mitingga ruxsat bermagan boʻlsa-da, yigʻilgan odamlar tarqalib ketmadi. 22 noyabrga oʻtar kechasi chodirlar va kiosklar oʻrnatib, maydonni egallab olishdi. Shaharcha komendanti etib Andrey Parubiyni tayinlandi.

22 noyabr

Militsiya xodimlari tegishli sud qarorini roʻkach qilib, chodirlarni yigʻishtirib tashlashni talab qildi. Faollar ularga qarshilik qilishdi.

24 noyabr

Miting ishtirokchilari va namoyishchilar soni koʻpayib, 50 ming kishiga yetdi. "Xalq veche"si (kengashi) tashkil etilib, qaror chiqarildi. Ular hukumatni isteʼfo berishga, 27 noyabr kuni Ukraina parlamenti – Oliy Radaning navbatdan tashqari majlisini oʻtkazish, yevrointegratsiya boʻyicha barcha qonunlarni tezkor koʻrib chiqib, tasdiqlash kabi talablarni qoʻyishdi. Agar Yanukovich assotsiatsiya toʻgʻrisidagi shartnomani imzolashdan bosh tortsa, unga impichment eʼlon qilib, lavozimidan ozod etishni maqsad qilishdi.

26 noyabr

Turli siyosiy va norasmiy guruhlar, futbol muxlislarining uyushmalari maydonda “Oʻng sektor” uyushmasini tashkil etib, militsiyaga qarshilikni kuchaytirishdi.

29 noyabr

Vilnyusda “Sharqiy sheriklik” sammiti boshlandi. Unda Ukraina delegatsiyasi YeI bilan assotsiatsiya toʻgʻrisidagi shartnoma hamda erkin savdo hududiga kirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolamadi.

Natijada muxolifat yetakchilari Yanukovichni Rossiya foydasiga sotqinlikda ayblashdi. Yevromaydon Yanukovichning zudlik bilan isteʼfo berishini talab etuvchi rezolyutsiya qabul qildi.

29-30 noyabr

29 noyabr kuni Yanukovich namoyishchilarga qarshi “Berkut” maxsus kuchlarini tashladi. 30 noyabrga oʻtar kechasi namoyishchilar va “Berkut” oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlandi. Militsiya xodimlari bolalarni ham ayab oʻtirmasdan ayovsiz kaltaklashdi. 79 kishi tan jarohati oldi, 32 namoyishchi ushlandi.

1 dekabr

Namoyishchilar va maxsus kuchlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar shafqatsiz tus oldi. Namoyishchilar Kiyev shahar maʼmuriyati va Kiyev Radasi binolarini egallashdi.

Viktor Yanukovich televideniye orqali millatga murojaat qilib, namoyishlarni tanqid qildi. Bosh prokuraturadan tekshiruv oʻtkazish va aybdorlarni  jazolashni talab qildi.

Yevromaydon namoyishlarida umumiy hisobda 2442 kishi tan jarohati oldi. 104 namoyishchi va 17 militsiya xodimi halok boʻldi.

Shundan soʻng Ichki ishlar vaziri Vitaliy Zaxarchenko tinch aholiga qarshi ortiqcha kuch ishlatgani uchun uzr soʻradi. Kiyev militsiyasi boshligʻi Valeriy Koryak isteʼfoga chiqish uchun ariza berdi.

2-9 dekabr

Qon toʻkilishi ham namoyishchilarni qoʻrqita olmadi. Namoyish va mitinglar davom etdi. Lenin haykali agʻdarib tashlandi. Odamlar toʻsiqlar, barrikadalar qurib olib, militsiyaga qarshilik koʻrsatishdi. Koʻngillilar ularga ovqat va suv keltirib turishdi.

AQSh senatori Jon Makkeyn maydonga tashrif buyurdi. Kiyev markazida avtomobillar harakati toʻxtatildi. Demokratik kuchlarning yetakchilari Yatsenyuk, Klichko, Tyagnibok oʻz talablarini eʼlon qilishdi. Biroq bu talablar hukumat tomonidan rad etildi.

9-17 dekabr

Namoyishlar davom etdi. Bu qonli toʻqnashuvlarga jahon hamjamiyati ham eʼtibor qarata boshladi.

Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Ketrin Eshton Kiyevga kelib, prezident Yanukovich bilan muzokaralar oʻtkazdi. Yevropa Ittifoqi bu muammoni tinch yoʻl bilan, muzokaralar natijasida hal qilinishining tarafdori ekanini bildirdi.

17 dekabr

Shu kungacha mojarolarga rasman aralashmay kelgan Rossiya hukumati amaliy ishga kirishdi. Vladimir Putin Moskvada Yanukovich bilan uchrashib, Yevromaydon voqealarini muhokama qildi. Keyinchalik oshkor boʻlgan maʼlumotlarga qaraganda, Putin namoyishlarni bostirishga “oʻta yumshoq” qaragani uchun Yanukovichni tanqid qilgan. “Qattiqqoʻlroq boʻlish kerak edi", degan.

19 dekabr

Biroz tin olgan namoyishlar yana avjiga chiqdi. Ukraina Oliy Radasi namoyish ishtirkochilarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqida qonun loyihasini koʻrib chiqdi. Muxolifat kiritgan loyihani 339 deputat yoqlab ovoz berdi.

22 dekabr

“Xalq veche”si, “Maydon” xalq uyushmasi tashkil etilishi haqida eʼlon qildi. Oleg Tyagnibok, Sergey Kvit, Vitaliy Klichko, Yuriy Lutsenko, Ruslana Lijichko, Yuliya Timoshenko va Arseniy Yatsenyuk mazkur uyushmaning hamraislari etib tayinlanishdi.

2014 yil fevral

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 fevral kuni oʻtkazgan maxfiy yigʻilishida Qrimni anneksiya qilish haqida qaror qabul qildi.

Viktor Yanukovich esa 22 fevral kuni barcha boydiklari va oilasini olib, vertolyotda Donetsk shahriga qochib ketdi. Biroq Ukraina chegara xizmati uning vertolyotiga uchishga ruxsat bermadi. Yanukovich va uning oilasi Qrim tomon yoʻl olishdi. Putin topshirigʻiga binoan, 22 fevraldan 23 feralga oʻtar kechasi Berdyanskka kelib tushgan Rossiya maxfiy xizmatlari va harbiylari Rossiyaning 3 ta Mi-8 vertolyotlari yordamida Yanukovich va uning oilasi hamda pullarini Rossiyaning Krasnodar oʻlkasiga koʻchirib oʻtkazishdi. Yanukovich qochib ketganidan soʻng, Oliy Rada raisi Alesandr Truchinov prezidentlikni oʻz zimmasiga oldi.

2014 yil mart

Oʻz “vassali”ga koʻrsatilgan hurmatsizlik Putinning gʻazabini qaynatdi. Bundan keyin Ukrainaning Yevropa hamda NATO tomonga oʻtib ketishiga batamom ishongan Putin namoyishlardan keyin yuzaga kelgan tartibsizlik va hokimiyatsizlikdan foydalanib, “otini qamchiladi”. 23 fevraldan boshlab, Qrim yarim orolida hech qanday taniqlilik belgilariga ega boʻlmagan qurolli harbiylar paydo boʻlishdi. Hamma ularni Rossiya askarlari deyishdi. Biroq Putin buni avvaliga tan olmadi (oradan 2 yil oʻtibgina rasman tan oldi). Xalq orasida “yashil odamchalar” deb atalgan Rossiya harbiylari barcha maʼmuriy bino hamda strategik obʼektlarni egallab olishdi. Ukraina tomoni qanday qarshilik koʻrsatish haqida oʻylashga ham ulgurmay qoldi. Qrim Rossiya yerlari deb eʼlon qilindi.

Undan keyin esa Rossiyaga qarshi sanksiyalar boshlandi. Rublning qadri keskin tushib ketib, 1 dollar 32 rubldan 70 rublga oshdi. Rossiya jahon hamjamiyatidan ajralib, oʻzini oʻzi ihotalashni boshladi. Ammo bunisi endi boshqa mavzu...

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+