Rus prezidentlariga bemalol qarshi chiqa olgan gubernator

U odam haqida eslash bizga nega kerak, degan savol yuzaga keladi. U viloyat rahbari qanday boʻlishi kerak, degan savolga javob topishimiz uchun yordam beradi.

Jahon
25-noyabr 2023 yil
Rus prezidentlariga bemalol qarshi chiqa olgan gubernator

Bundan 5 kun oldin (20 noyabrda) Rossiyadagi “ogʻir vaznli” siyosatchilardan biri, prezident Boris Yelsinga ham qarshi borgan, hatto oʻz vaqtida Rossiya prezidenti boʻlishga daʼvo qilgan Aman Tuleyev vafot etdi. Bu voqeaning bizga nima aloqasi bor, deya eʼtiroz bildirishingizdan oldin, uning siyosiy faoliyatiga nazar solish – mamlakatimizdagi bugungi siyosiy jarayonlarni tushunish uchun foydali ekanini taʼkidlashni istardik.

Maʼlumki, Oʻzbekistonning birinchi prezidenti davrida mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi har qanday ijobiy yutuqlar yoki siyosiy oʻzshgarishlarni uning nomi bilan bogʻlash avj olgan edi. Jumladan, Rossiya gubernatorlarining (bizdagi viloyat hokimiga muqobil lavozim – tahr.) saylanadigan emas, prezident tomonidan tayinlanadigan lavozimga aylantirilganini ham “Putin Karimovdan oʻrgandi” deya ogʻiz koʻpirtirgan propaganda qurbonlari koʻp boʻlgan.

Aslida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu “qiliqni” Karimovdan oʻrganmagan. 1991-1996 yillarda Rossiyada ham Moskva, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shaharlari va Tataristondan boshqa barcha subʼektlarning rahbarlari prezident tomonidan tayinlangan. 2004 yilga kelib, gubernatorlarni bevosita saylovlar vositasida aniqlash amaliyotiga chek qoʻyish haqida qonun qabul qilingan. Yaʼni bu Putinning oʻz hokimiyatini yanada mustahkamlash yoʻlidagi rejasining bir qismi boʻlgan, xolos.

1989 yil 24 avgustda RSFSR xalq deputati, xalq deputatlari Kemerovo viloyat kengashi raisi Aman Tuleyev va RSFSR Oliy Kengashi raisi Boris Yelsin konchilar yotoqxonasiga tashrif buyurishdi.

Zero, saylash va saylanish – demokratik jamiyatga xos siyosiy amaliyot hisoblanadi. Undan chetlanish esa demokratiya poydevoriga urilgan kuchli zarba, deya baholanadi.

Saylanish yoʻli bilan lavozimga kelgan rahbar, qanday qilib birinchi rahbarga yoqish emas, xalq roziligini olishga intiladi. Tayinlangan rahbar esa oʻzini salkam podshodek tutadi, xalqni esa yugurdak va chorasiz olomon sifatida koʻradi: istasa soʻkib, haqoratlaydi, istasa qamatadi. Uni lavozimga qoʻygan “pushti-panohi”ga orqa qilib, hech kimni (hatto huquqni muhofaza qilish idoralarini ham!) nazar-pisand etmaydi. Biror-bir ijobiy oʻzgarish qilishga, xalq va davlat foydasi uchun ishlashga intilmaydi. Viloyat (oblast, provinsiya)dagi muammolarni hal qilishga emas, ularning “hidini” chiqarmaslikka intiladi. Bunday muammolarni "kavlash"ga va yechim topishga uringanlarning ovozini tuhmat va provokatsiya bilan oʻchirishga urinadi. Muammo va mojarolar prezident qulogʻiga yetib borib, lavozimiga putur yetishidan koʻproq xavotir oladi.

Saylanadigan hokim (gubernator yoki mer) esa hech boʻlmasa saylov oldidan xalqqa yoqish maqsadida nimadir siyosiy-ijtimoiy “bonuslar” berishga intiladi. Hech boʻlmaganda fuqarolar bilan xushmuomala boʻladi. Saylanadigan hokim tanish-bilish orttirishga, viloyat byudjetini oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida “yeb-tugatishga”, barcha tanish va qarindoshlarini “moyli” lavozimlarga tiqib tashlashga ulgurmaydi. (Ulgursa ham, undan keyin keladigan yangi rahbar bu noʻnoq, qovoqmiya va zararkunanda amaldorchalarni “supurib” tashlaydi). Ertaga lavozimdan ketishi va javobgarlikka tortilishi mumkinligidan qoʻrqadi. Natijada tanish-bilishchilik, nepotizm va korrupsiyaning urchishi uchun sharoit yaratilmaydi.

Eng yomoni, bunday mintaqa rahbari lavozimga qoʻygan amaldorchalar ham unga orqa qilib battar quturishadi. Xohlasa, butun boshli yetimxonani fohishaxonaga aylantirib, pedofiliya bilan shugʻullanadi. Xohlasa, barcha tadbirkorlarni “sindirib”, oʻzi va yaqinlarining biznesini gurkiratish uchun harakat qiladi.

Saylanadigan hokim qaysidir vallomatning qarindoshi, qudasi, doʻsti, kursdoshi yoki sinfdoshi boʻlib chiqishining ehtimoli kam. Xalq nomzodlarni axloqi, tajribasi va yuutuqlariga qarab saylaydi. Tayinlash amaliyotida esa bunga kafolat berib boʻlmaydi. Saylanadigan rahbarning esa amaldorlik qilish muddati qonun bilan cheklangan boʻladi... Xullas, tayinlash amaliyoti avval hudud, keyin esa butun mamlakat siyosiy-ijtimoiy hamda iqtisodiy tizimini vayron etishga xizmat qiladi.

1991 yil may. Tuleyev va Yelsin Novokuznetskdagi 1 may mitingida birga.

Putinning gubernatorlarni tayinlash asosida mansabga qoʻyish amaliyotiga oʻtishida ham ana shu jihatlar hisobga olingan. Toʻgʻri, buni Putin hukumati “saylovda boylar va jinoyatchilar ovozlarni sotib olishadi. Natijada nomaqbul odamlar oblastlar tepasiga kelib oladi”, degan vaj bilan, qolaversa, Beslan fojeasi bilan izohladi. Aslida esa boshqarish oson boʻlgan va mamlakat rahbarining “ogʻziga qarab turadigan” mintaqa rahbarlari jamoasini shakllantirish maqsad qilingani hech kimga sir emas.

Lekin Putin gubernatorlari orasida xalq tomonidan saylanib, ham xalq, ham rahbariyat hurmatiga sazovor boʻla olgan oblast gubernatorlari boʻlgan. Shulardan biri Aman Gumirovich Tuleyev edi.

Ogʻir davr kuchli odamlarni yetishtiradi

Aman Tuleyev 1944 yil 13 may kuni Turkmaniston SSRning Krasnovodsk (hozirgi Turkmanboshi) shahrida tugʻilgan. Otasi qozoq, onasi esa tatar-boshqird millatiga mansub boʻlgan. Keyinchalik otasi oʻlib, oʻgay ota qoʻlida tarbiyalangan. Bolalik davrlari ikkinchi jahon urushi endi tugagan paytga, odamlar koʻngil ochishdan koʻra qorin toʻydirish uchun koʻproq qaygʻurgan yillarga toʻgʻri keldi.

Maktabdan soʻng Tuleyev Tixoretsk temir yoʻl transporti texnikumiga oʻqishga kirdi va uni 1964 yilda, 20 yoshida imtiyozli diplom bilan tugatdi. Bolaligidan u poyezd haydovchisi boʻlishni – poyezdni boshqarishni orzu qilar edi, ammo taqdir unga butun boshli mintaqani boshqarishni ravo koʻrdi.

“Men texnikumni imtiyozli diplom bilan tugatganman, oʻshanda bu katta obroʻ edi, – degan edi Tuleyev yoshlik davrlarini eslab. – Menga: "Tuleyev, tanla!" deyishdi. (Sovet ittifoqida taʼlim dargohlarini bitirganlarni hukumat ish bilan taʼminlar edi. Biroq kimning qayerga ishga borishini maxsus komissiya hal qilgan. Oʻqishni imtiyozli diplom bilan tugatganlarga esa ish va mintqani tanlash imkoniyati berilgan – tahr.) Hatto oʻsha paytdagi eng yaxshi temir yoʻl stansiyasi – Adlerga yuborishni ham taklif qilishdi. Oʻsha kunlarda havo salqin edi. Adlerda esa dengiz, palma daraxtlari, qumli sohil.... Lekin televizorda Sibir haqida, uni rivojlantirish ahamiyati haqida koʻp gapirishar edi. Men biroz oʻylandim-da, "Ona, men Sibirga ketaman" dedim. Bu gapdan xabar topgan kursdoshlarim ustimdan kulishdi. “Sibirga surgunga ketish uchun imtiyozli diplom oldingmi, axmoq, deb masxara qilishdi”, deya xotirlagan edi Tuleyev. Shundan keyin uning butun hayot yoʻli va faoliyati Rossiya bilan bogʻlandi. SSSR tarqalguniga qadar Tuleyev temir yoʻl korxonalarida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qildi.

Temir yoʻldan – siyosat yoʻliga

Aman Tuleyev oʻz siyosiy faoliyatini 1990-1993 yillarda Rossiya xalq deputati sifatida boshlagan. Shu bilan birga, Kemerovo viloyati Xalq deputatlari kengashining raisi boʻlgan.

1991 yil aprel oyida Rossiyadagi prezident saylovlarida oʻz nomzodini ilgari surgan. Natijada saylovchilarning 7% ovozini olib, xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlanish darajasi boʻyicha Boris Yelsin, Nikolay Rijkov va Vladimir Jirinovskiydan keyingi 4-oʻrinni egallagan. Tuleyev bundan tashqari 1996 va 2000 yillarda ham Rossiya prezidentligiga nomzodini qoʻygan. 1996 yildagi saylovda “xalq-vatanparvarlik bloki”dan qoʻyilgan nomzod Gennadiy Zyuganov foydasiga nomzodini olgan va tarafdorlarini Zyuganovga ovoz berishga chaqirgan. 2000 yilgi prezidentlik saylovlarida esa 2,95% olgan. Ovozlarning deyarli barchasi Kemerovo viloyatidan berilgan.

2006 yil sentabr. Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Dmitriy Medvedev va Aman Tuleyev yoʻldosh shahar Lesnaya Polyanadagi qurilish maydonchasiga tashrif buyurishgan payt.

1991 yil avgust oyida Tuleyev Kemerovo viloyati ijroiya qoʻmitasining raisi, yaʼni viloyat rahbari boʻlgan. Biroq Yelsinga qarshi chiqqan vitse-prezident Genadiy Yanayev tarafdori boʻlgan. Shu bois Yelsin Kuzbass (Kemerovoning yana bir nomi – tahr.) ishchi harakati yetakchilaridan biri Mixail Kislyukni uning oʻrniga viloyat maʼmuriyatining yangi rahbari etib tayinlagan.

Kemerovo viloyati Kuzbass deb ham ataladi. Chunki bu viloyatda (hamda qisman Novosibirsk viloyati va Oltoy oʻlkasi hududida) nafaqat Rossiya, balki dunyodagi eng yirik koʻmir shaxtalari havzalaridan biri – Kuznetsk koʻmir basseyni (qisqartmasi – Kuzbass) joylashgan. Bu yerda koʻmir yer yuzasiga yaqin joylashgan, kavlab olish koʻp xarajat va yuqori texnologiyalarni talab qilmaydi. Kuzbassdagi toshkoʻmir zaxirasi 54,5 mlrd. tonnaga teng.

Tuleyev 1993 yilda Oliy Sovet va prezident Boris Yelsin oʻrtasida kelib chiqqan konstitutsiyaviy inqiroz paytida Yelsinga qarshi boʻlgan.

1996 yil 22 avgustda Rossiyaning MDH davlatlari bilan hamkorlik boʻyicha vaziri etib tayinlangan. Kuzatuvchilarning aytishicha, bu Tuleyevni 1997 yil oʻtkazilishi kerak boʻlgan Kemerovo viloyati gubernatorligi uchun saylovlardan chalgʻitish maqsadida qilingan. Biroq 1997 yil boshida vaziyat oʻzgargan. Viloyatda koʻplab ommaviy piket va mitinglar oʻtkazilgan. Viloyat rahbari Kislyukning obroʻsi tushib ketgan. Natijada Kremlning oʻzi Tuleyevni viloyat rahbari lavozimiga taqdim etishga majbur boʻlgan.

1997 yil 1 iyulda Tuleyev Kemerovo viloyati maʼmuriyatining rahbari etib tayinlangan. Yelsin Kuzbassdagi shaxtyorlarning ommaviy va uzluksiz norozilik namoyishlari va ijtimoiy taranglik fonida shunday qilishga majbur boʻlgan. Chunki Tuleyevning viloyatdagi obroʻsi baland edi. Oylab maoshini ololmasdan qiynalgan shaxtyorlar uchun Tuleyev yagona xaloskor boʻlib tuyular edi.

Nihoyat 1997 yil 19 oktabrda Kemerovo viloyati gubernatorligi saylovlari oʻtkazildi. Uning natijalariga koʻra, Tuleyev 94,54% ovoz oldi.

1999 yil iyul oyida u Boris Yelsindan "Shon-sharaf" ordenini olishdan bosh tortdi va buni shunday tushuntirdi: "Men mamlakatni qashshoqlikka tushirgan hukumat mukofotlarini qabul qila olmayman".

2005 yil aprel oyida Putin Tuleyevning vakolat muddatini 2010 yilgacha uzaytirdi. 2010 yil 11 martda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Kemerovo viloyati parlamentiga mahalliy saylovlarda gʻalaba qozongan "Yagona Rossiya" partiyasi tomonidan taklif qilingan Tuleyev nomzodini gubernator lavozimiga tasdiqlash uchun taqdim etdi. Oradan bir hafta oʻtgach, xalq deputatlari viloyat kengashi bir ovozdan Tuleyevni toʻrtinchi muddatga gubernator etib tasdiqladi. 2011 yil 27 dekabrda esa Kemerovo viloyati xalq deputatlari kengashi Tuleyevga "Xalq gubernatori" faxriy unvonini berdi.

Aman Tuleyev Dmitiriy Medvedev huzurida.

Alohida qayd etish joiz, 2013-2014 yillardaTuleyev Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, Rossiyaning eng samarali gubernatorlari oʻntaligiga kirgan.

2015 yil 16 aprelda Tuleyevning vakolat muddati tugashi munosabati bilan Putin uni Kemerovo viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. 2015 yil 13 sentabrda u yana 96,69% ovoz olib, Kuzbass rahbari etib saylandi. 2015 yil 22 sentabrda Kemerovo viloyati gubernatori lavozimini egalladi. Shundan keyin yana 3 yil viloyatni boshqardi.

Xalq sevgan rahbar

Ham xalq, ham rahbariyat ishonchini oqlash oson ish emas. Ammo Aman Tuleyev buning uddasidan chiqqan kam sonli rahbarlardan biri boʻla oldi.

Eʼtirof etish lozim, Tuleyev Kemerovo viloyatini sanoat inqirozi arafasida turgan paytda boshqargan. SSSR tarqalgan davrlar edi. Eski iqtisodiy tartib va iqtisodiy aloqalar ishdan chiqqan paytlar. Bir necha yil ichida 40 dan ortiq shaxtalar yopilgan, 150 ming kishi ishdan boʻshatilgan. Konchilar ish haqini toʻlashni talab qilib, ish tashlashni boshladilar va Trans-Sibir temir yoʻlini toʻsib qoʻyishdi. Ishchilar temir yoʻllarga oʻtirib olib, poyezdlar harakatini toʻxtatib qoʻyishdi. Bu butun Rossiyada aks-sado berdi.

Tuleyev mintaqada favqulodda holat joriy qildi va ish tashlovchilar bilan muloqot oʻrnatdi. U ayrim rahbarlarga oʻxshab, konchilarni jazolashga urinmadi. Balki Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Boris Nemsovga konchilarning talablarini qonuniy, deb bilishini aytdi. Natijada maosh boʻyicha qarzlarning bir qismi toʻlandi va mojaro barham topdi.

Tuleyev rahbarlik qilgan 20 yil davomida Kuzbassda 90 ga yaqin yuqori texnologiyali korxona qurildi. Yangi sanoat – koʻmir kimyosini rivojlantirish, yuqori tezlikda harakatlanish uchun moʻljallangan 100 metrli relslar ishlab chiqarish boshlandi.

Aman Tuleyev viloyatda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirdi – Kuzbass pensiyasi, urush faxriylari uchun bepul sayohat va shifoxonada davolanish, uy-joy kommunal xizmatlari uchun imtiyozlar joriy etdi.

Bundan tashqari, qishloq joylardan yashovchi kam taʼminlangan koʻp bolali oilalarga tekinga chorva mollari va kartoshka yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Konchilar kuni munosabati bilan kam taʼminlangan oilalar va faxriy konchilarga toʻrt tonnadan tekin koʻmir berish joriy etildi. Yosh oilalarga uy uchun ipoteka krediti maxsus shartlarda – foizsiz va dastlabki badalsiz, 20 yil muddatga beriladigan boʻldi.

Kemerovo rahbari favqulodda vaziyatlarda oʻzini tutishi bilan ham kemerovoliklar xotirasida qoladi. Tuleyev bir necha bor terrorchilar bilan muzokaralarda qatnashgan. 1991 yilda u Qizil maydon yaqinida garovga olingan Masha Ponomarenkoni ozod qilishga yordam bergan. 1995 yilda Kemerovo avtovokzalida garovga olish paytida ham muzokaralarda ishtirok etgan.

2007 yilda u Novokuznetskda uyiga qamalib olib, koʻp qavatli uyni portlatib yuborish bilan tahdid qilgan militsiya praporshigi bilan muzokaralar olib borgan. Oʻzaro suhbatdan soʻng xavfsizlik kuchlari hujumchini zararsizlantirib, qoʻlga olishgan.

2009 yilda u ikki qoʻriqchi va ikki kassirni garovga olgan bank qaroqchisi bilan muzokaralarda ham ishtirok etgan.

Siyosiy “oʻt oʻchiruvchi”

Afsuski, hamma narsaning oxiri bor. Har qanday chiroyli qissa ham baribir nihoyasiga yetadi. Garchi Aman Tuleyev viloyat rahbarligi kursisida eng uzoq – 20 yildan ziyod qolgani bilan tarixga kirgan boʻlsa-da, (eng uzoq rahbarlik rekordi Belgorod viloyati gubernatori Yevgeniy Savchenkoga tegishli: Savchenko 1993-2020 yillar davomida, 27 yil viloyatni boshqargan) 2018 yilda isteʼfoga ketishga majbur boʻldi.

2002 yil avgust, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Aman Tuleyev Mejdurechenskka ketayotgan vertolyot salonida.

Gap shundaki, 2018 yilning 25 mart kuni “Zimnyaya vishnya” savdo markazida yirik yongʻin yuz berdi. 64 kishi, shu jumladan 41 bola halok boʻldi. Tuleyevning qarindoshi, 11 yoshli qizcha ham yongʻin qurboniga aylangan. Tuleyev har bir qurbonning oilasiga bir million rubldan (qariyb 15000 dollar – tahr.) tovon puli toʻlashni buyurdi.

Biroq viloyat aholisining koʻpchiligi hokimni favqulodda hodisa joyiga kelmagani uchun tanqid qilishdi. Savdo markazlarida xavfsizlik taʼminlanmagani uchun Tuleyevni asosiy aybdor deyishdi.

2018 yil 1 aprel kuni Aman Tuleyev lavozimidan boʻshab, isteʼfoga chiqdi. Viloyat rahbari halok boʻlganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, qoʻlidan kelgan barcha ishni qilganini aytdi. Prezident Putin uning isteʼfosini qabul qildi. Chunki kemerovoliklarning hovurini tushirib, norozilik oʻtini soʻndirish, bu norozilik kayfiyati alangalanib, hukumat tomonga burilib ketmasligi uchun siyosiy “oʻt oʻchirish” tadbiri zarur edi. Tuleyevning isteʼfosi shunday chora boʻlib xizmat qildi. Halok boʻlganlarning qarindoshlarida esa “mana, adolat qaror topdi, asosiy aybdor ishdan boʻshatish bilan jazolandi”, degan taskin paydo boʻldi.

Aman Tuleyev shundan soʻng, sentabr oyida Kuzbass professional taʼlimni rivojlantirish mintaqaviy instituti rektorligiga oʻtkazildi va umrining oxirigacha shu lavozimda ishladi.

Salomatlik bilan bogʻliq muammolar

Aman Tuleyev oxirgi yillarda salomatligi yomonligidan koʻp aziyat chekkan. U hali temir yoʻl tizimida ishlab yurganida ogʻir jarohat olgan edi. Joyidan chiqib ketgan temir yoʻl relsi zarb bilan uning beliga urilgan. Tuleyev shifokorga murojaat qilmagan va kasalni “oyoqda yurib” yengishga uringan. Biroq 2011 va 2017 yillarda ikki marta umurtqa pogʻonasida jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga majbur boʻldi. 2017 yildagi jarrohlik amaliyoti uchun Putin tarafidan Germaniyaga yuborilgan. Tuleyevning oʻzi operatsiyani qiyin oʻtdi, deya baholagan.

2012 yil yanvar. Oʻshanda bosh vazir lavozimini egallagan Vladimir Putin Tuleyevni koʻrgani kelganida. Kemerovo viloyati gubernatori operatsiyadan keyingi reabilitatsiyadan oʻtmoqda.

Barcha xastaliklarga chora topish mumkin. Biroq ajalga davo yoʻq. Ogʻir jismoniy va ruhiy iztiroblarga qarshi kurashdan charchagan siyosatchi 2023 yil 20 noyabr kuni ertalab 79 yoshida, Kemerovo markaziy shifoxonasida dunyodan koʻz yumdi. Dafn etish marosimida minglab viloyatliklar ishtirok etib, motam tutishdi. Tuleyev jasadini Kemerovodagi 1-sonli markaziy qabristonga, oʻgʻli Andreyning qabri yoniga dafn qilishdi (Andrey 26 yoshligida, 1998 yilda may oyida Toshkentda avtohalokatda oʻlgan edi).

Tobut bilan amalning egasi boʻlmaydi

Yana Aman Tuleyev haqida eslash bizga nega kerak, degan savolga qaytamiz. Aman Tuleyev – viloyat rahbari qanday boʻlishi kerak degan savolga javob topishga  yordam beradi. U amal yoki mol-dunyo uchun intilmadi. Davlat hisobidan qoʻsha-qoʻsha villa sotib olmadi, toʻy-tomosha qilmadi. Garchi Rossiya miqyosida mashhur siyosatchi boʻlsa-da, nisbatan kamtarona hayot kechirdi. Yaltoqilik va xushomadgoʻylikdan uzoq yurdi. Oʻz fikri va gʻoyalarini dangal aytishdan qoʻrqmadi. Oʻz aybini boshqalarga yuklashga urinmadi. Hatto savdo markazida roʻy bergan yongʻin uchun ham mintaqa rahbari sifatida avvalo oʻzini aybdor deb bildi.

Aman Tuleyev hokimiyat haqida shunday degan edi: “Hamma meni mansabparast, hokimiyatga chanqoq odam, deb oʻylaydi. Lekin men ataylab hokimiyatga intilmaganman. Hech qachon. Meni hokimiyatga itarib kiritishdi. Shunchaki sudrab kiritishdi. Oʻz asl kasbimni hozir ham sevaman.“Men temir yoʻllardan foydalanish boʻyicha muhandisman” deya faxrlanib gapiraman”.

Sobiq gubernatorning yana bir fikri amaldorlar uchun ibrat boʻlishi mumkin: “Odam amal kursisida turgan paytda hammaga kerak boʻladi va atrofdagilari unga hurmat, hatto xushomad bilan munosabatda boʻladi. Atrofingdan odam arimaydi. Biroq amaldan ketganingdan keyin atrofing boʻshab qolar ekan. Hatto sen yordam bergan, aqling, kuching va tajribangni ayamasdan tarbiyalab, mansab pillapoyalaridan koʻtargan odamlaring ham seni tark etishadi. Sendan eng koʻp foyda koʻrgan odamlar seni birinchi boʻlib tashlab ketishadi. Shuning uchun ham hech kim amaldan ketgisi kelmaydi. Ammo shunday qilish kerak. Xalq va davlat taraqqiyoti uchun oʻz vaqtida keta bilish kerak”, degan edi Tuleyev.

2007 yil aprel. Aman Tuleyev va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya prezidentining Federal majlisga murojaati boshlanishidan oldin.

Eng ahamiyatlisi, Aman Tuleyev rahbarlik paytida hudud aholisi, oddiy ishchilar bilan muloqotda ham insoniylikni birinchi oʻringa qoʻydi. “Men shunchaki yordamga muhtoj barcha odamlarga yordam berishga intilib ishladim xolos. Baʼzida odamlarning oʻzlari oʻz muammolarini ham unutib yuborishar edi. Men esa oʻtirib, qanday yordam berishim mumkinligi haqida oʻylar edim. Va haqiqatan yordam berardim. Ehtiyojmandlarga sigir, qoʻy va quyonlar berdim. Kimgadir velosiped, kimgadir hassa kerak edi... Doimo keksalarga koʻmaklashdim. Hech kimni eʼtiborsiz qoldirmadim”, degan edi Tuleyev yaxshi gubernator boʻlish siri haqida gapirganida.

Darhaqiqat, odamlarga yordam berish oʻz yoʻliga. Ammo bu yordamni shunchaki xoʻjakoʻrsinga, toʻgʻrirogʻi, “prezident koʻrsin”ga qilish boshqa, sidqidildan, astoydil qilish boshqa. Zero, odamlar samimiylikni darrov sezib olishadi. Bu tuygʻuni soxtalashtirib boʻlmaydi. Aman Tuleyev ana shu samimiyligi bilan yurtdoshlari va safdoshlari xotirasida qoladi...

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+