Qashqadaryoda 14 yoshli qiz jinsiy qullikda saqlab kelingan: tafsilotlar
Jabrlanuvchining oʻzi bolalar ombudsmaniga murojaat bilan chiqqan.

Bolalar ombudsmaniga Kitob tumanida yashovchi 14 yoshli qiz Shahrisabz tumanida 7 oy majburan saqlanib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga yollangani haqida murojaat kelib tushgan. Gumonlanuvchiga nisbatan odam savdosi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov ishlari oʻtkazilmoqda.
Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida 14 yoshli qiz 7 oy davomida majburan saqlanib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelingani aytilmoqda. Bu boʻyicha 24 noyabr kuni bolalar ombudsmaniga murojaat kelib tushgan.
Xabar qilinishicha, ombudsmanga viloyatning Kitob tumanida yashovchi voyaga yetmagan (2009 y.t.) Ch.T. murojaat qilgan. Unda bu qiz 2023 yilning may oyidan 15 noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xoʻjabogʻ qishlogʻida yashovchi fuqaro N.A.ning uyida zoʻrlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani haqida soʻz borgan.
Bolalar ombudsmani bu holat toʻgʻrisida Bosh prokuraturaga murojaat qildi.
"Viloyat prokuraturasi 24 noyabr kuni hodisani oʻrganishni boshladi. Kitob tumani prokurori tomonidan fuqaro N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi „a“ bandi (18 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov guruhi tuzildi va tezkor ravishda tergov harakatlariga kirishildi", — deyiladi Oliy Majlisning bola huquqlari boʻyicha vakili xabarida.
Jinoyat ishi Bosh prokuratura va bolalar ombudsmanining alohida nazoratida ekani taʼkidlandi.
"Bolalarga nisbatan bunday mudhish jinoyatni sodir etgan har qanday shaxs qonun oldida javob berishi shart. Bu ogʻir jinoyatning qurboni boʻlgan bolaning manfaatlari toʻliq ravishda taʼminlanadi", deya qoʻshimcha qilinadi bayonotda.
Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddasi bilan aybdor deb topilgan shaxslar 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.