Oldinda bank tizimini yanayam yomon sxemalar kutmoqda
Qaror qabul qiluvchilar ham, qanchalik reallikdan uzoqlashib ketishganiga qaramay, davlat banklarining zaiflik chegaralarini bilishadi, buning ustiga oldingi xato qarorlarning xato deb aytmaganliklari uchun ularning ham yetarlicha ichki aybdorlik hissalari bor.

Tayyorlanayotgan loyihaga koʻra, hukumat davlat banklarining qarz va kreditlarini kapitalga konvertatsiya qilmoqchi. Soddaroq aytganda, davlat banklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, FRRU va boshqa fondlar oldidagi qarzlarini qaytarishmaydi, qarz summalari kapitaldagi ulushga aylanadi, deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.
Oʻzi bu sxema nega va qayerdan paydo boʻldi?
Birinchidan, oxirgi 7 yilda davlat banklariga kiritilgan 4,5 mlrd.dollar (https://t.me/the_bakiroo/7399) samarasizlik va hech boʻlmasa inflyatsiyani qoplay oladigan foyda generatsiya qila olmaslik natijasida qadrsizlanib boʻldi (koʻp takrorlaganimizdek, oʻchoqda yoqilgan pullarga aylandi). Davlat yana kapitalni oshirib bermasa, boqimanda davlat banklari boshqa kredit bera olishmaydi, faolligi keskin cheklanadi.
Ikkinchidan, oxirgi 7 yilda davlat oʻz nazoratidagi banklarning nafaqat kapitaliga pul kiritgan, bir necha yuz trillionlik qarz va kreditlar ham bergan. Lekin bu trillionlik qarz va kreditlar sogʻlom, foyda yaratadigan va raqobatli loyihalar oʻrniga, maʼmuriy tarzda maʼqullangan va aksarida pul oʻzlashtirish uchun shishirilgan oʻlik loyihalar boʻlgan. Yomon aktivlar boʻyicha qaytim yoʻq, ular tinimsiz restrukturizatsiya va prolongatsiya qilib kelinmoqda, tabiiyki, davlat banklarining davlat oldidagi kredit va qarzlarini qaytarishi tobora qiyinlashib bormoqda.
Uchinchidan, davlat banklarining reytingi toʻliq davlat qoʻlloviga bogʻlangan. Davlat qoʻllovi omili olib tashlansa, oʻta past samaradorlik, sifatsiz boshqaruv va yomon likvidlik silsilasida barcha davlat banklarining reytingi S toifaga tushishi ehtimoli juda yuqori. Ehtimoliy defolt reytingi moʻrt davlat banklari uchun qanday zanjirli oqibatlar yaratishini bankirlar harqalay tasavvur qila olishadi. Qaror qabul qiluvchilar ham, qanchalik reallikdan uzoqlashib ketishganiga qaramay, davlat banklarining zaiflik chegaralarini bilishadi, buning ustiga oldingi xato qarorlarning xato deb aytmaganliklari uchun ularning ham yetarlicha ichki aybdorlik hissalari bor.
Shunday sharoitda, ayniqsa, strategik qarorlarning gorizonti uzogʻi bilan 3 oyni tashkil etayotgan paytda, buning ustiga soliq toʻlovchilarda "nega byudjet pulini qaytarish oʻrniga yoqishda davom etmoqdasizlar?", degan savolni bera olish imkoniyati yoʻqligida qarz va kreditlarni kapitalga aylantirish sxemasi qutqaruvchidek koʻrinadi. Yoʻq, iqtisodiyot va bank tizimi uchun emas, oldingi xato qarorlarning tashabbuskorlari uchun, davlat banklarining labbaychi, sadoqatli menejmenti uchun nomenklaturadagi umri birmuncha uzayadi.3 oyga, balki 6 oyga. Uyogʻiga xudo poshsho.
Oʻtirib qolgan narkomanni "dori"dan uzish oʻrniga, yangi dozani berish kabi degan oʻxshatish bu yerda uncha toʻgʻri kelmaydi. Lekin meni Argentina, Shri-lanka, Livan, Misr iqtisodiyotlari boshdan kechirayotgan boʻhronlar misollaridagi tobora koʻp mos tushayotgan parallellar chuqur tashvishga soladi.
Eslatib oʻtaman, Argentina, Shri-lanka, Livan va Misrni umumlashtiradigan eng katta oʻxshashlik shuki, bu boʻhronlarga bitta xato emas, avvali xatolarni tan olish oʻrniga ularni xaspoʻshlash tufayli yoʻl qoʻyilgan yangi va yangi xatolar zamin yaratgan.