Namanganda qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshgani izohlandi
Tarmoqda qizamiq boʻyicha xavotirli maʼlumotlar paydo boʻldi.

Tarmoqda Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi mazkur vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, viloyatda qizamiq kasalligi bilan gumon qilingan bemorlarni statsionar davolash uchun 340 ta oʻrin tashkil etilgan, bundan 240 shifo oʻrni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 100 shifo oʻrni viloyatning Beshkapa bolalar sihatgohida tashkil etilgan.
Shundan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 240 oʻrinda 235 nafar bemor davolanmoqda, 5 ta shifo oʻrni zaxirasi mavjud. Beshkapa bolalar sihatgohida esa 100 oʻrinda 2 yoshdan yuqori bemorlardan 20 nafari davolanmoqda, 80 shifo oʻrni zaxirasi mavjud. Taʼkidlanishicha, viloyatda jami 85 shifo oʻrni zaxirasi bor, 255 ta bemordan 62 foizi 1 yoshgacha bolalar, 25 foizi 1−3 yoshdagi bolalar. Bugungi kunda viloyatda diagnostikum, reagent va vaksinalar yetarlik miqdorda zaxirasi yaratilgan.
Qoʻmita maʼlum qilishicha, 2023 yil 10 oyi davomida viloyat boʻyicha jami 735 ta qizamiq kasalligi laboratoriya tekshiruvida tasdiqlangan.
"Maʼlumot oʻrnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, joriy yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan 3 mln. doza qizamiqqa qarshi vaksinalar xarid qilindi. Ushbu vaksinalar epid koʻrsatma boʻyicha emlanadigan qatlam, maʼlum sabablarga koʻra emlashdan qolib ketgan bolalar hamda xavf guruhiga kiruvchi, qizamiq kasali boʻlgan bemor bilan muloqotda boʻlgan 6 oydan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni emlash uchun moʻljallangan, va ayni vaqtda hududlarga tarqatilmoqda" deyiladi bayonot yakunida.