platina.uz

Yuqumli kasalliklar koʻpaymoqda. Epidemiya xavfi bormi?

Oxirgi kunlarda oʻzbekistonliklarni ham mavsumiy kasalliklar keng tarqalishi xavotirga solmoqda. Ayniqsa, bolalarda shamollash, nafas yoʻllari xastaliklari ogʻir kechayotgani aytilmoqda.

Intervyu
24-noyabr 2023 yil
Yuqumli kasalliklar koʻpaymoqda. Epidemiya xavfi bormi?

Xitoyda yangi respirator virus tarqalib, bolalarni ommaviy ravishda qamrab olayotgani xabar qilindi. Bu yerda shifoxonalar ota-ona va bolalar bilan toʻlib ketgani haqidagi videolar koʻpaygan.

Kecha (23 noyabrda) Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Xitoy shimolida bolalar orasida nomaʼlum pnevmoniya oʻchoqlari haqida xabar berdi. Shifoxonalar xasta bolalar bilan toʻlgan. Ularda yoʻtal yoʻq, ammo yuqori harorat (isitma) va oʻpkada tugunlar kuzatilmoqda. JSST Xitoyga bolalarda qayd etilgan epidemiya boʻyicha laboratoriya natijalari haqida rasmiy soʻrov yuborgan. JSST Xitoydan profilaktika choralarini koʻrishni, jumladan, emlash, niqob kiyish, masofani saqlash, kasal boʻlganda uyda qolish va muntazam ravishda qoʻl yuvishni tavsiya qilmoqda.

Oxirgi kunlarda oʻzbekistonliklarni ham mavsumiy kasalliklar keng tarqalishi xavotirga solmoqda. Ayniqsa, bolalarda shamollash, nafas yoʻllari xastaliklari ogʻir kechayotgani aytilmoqda. Hatto maʼlum mavsumda kuzatiladigan xastaliklar boshqa mavsumda ham qayd etilyapti. Atrofga qarasangiz, yoʻtal va shamollash holatlari avvalgidan bir necha barobar ortgandek koʻrinadi.

Rostdan shundaymi? Umuman, shu kunlarda Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyat qanday? Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.

– Bu yil kuz-qish mavsumida turli kasalliklarga chalinish holatlari koʻpaymoqda. Bu nima bilan bogʻliq?

– Mavsumiy kasalliklar doim boʻlgan, bundan keyin ham boʻladigan bir jihat. Lekin haqiqatan, ularning mavsumiyligi yoʻqolib borayotgani koʻpchilik mutaxassislarni qiziqtirayotgan bir holat. Aksariyat hollarda havo-tomchi yoʻli bilan yuqadigan kasalliklar, aytaylik, virusli kasalliklar mavsumiy xususiyatga ega boʻlishgan. Deylik, virusli gepatit A kasalligi asosan kuz paytida koʻproq tarqalgan. Gripp kasalligi, asosan, kuz-qish-bahor oylarida. Qizamiq koʻpincha kuz va bahor oylarida, tepki – epidemik parotit kasalligi, koʻkyoʻtal, qoqshol kasalliklariga esa mavsumiylik xos.

Odatda kasallikning manbalari bir necha turda boʻlishi mumkin. Shunday bir manbalar borki, tabiiy oʻchoqlilik sifatiga ega boʻladi. Masalan, teri leyshmaniozi, oʻlat, vabo, kuydirgi, quturish kasalliklari – bularning hammasi tabiiy oʻchoqlilik xususiyatiga ega. Demak, u respublikaning baʼzi bir hududlarida koʻproq qayd etiladi. Oʻlat kasalligi koʻproq choʻl hududlarida boʻlsa, brutsellyoz kasalligi ham, quturish kasalligi ham, hayvonlar orasida aylanib yurgan boʻlsa yoki chorva mollari orasida brutsellyoz kasalligi manbasi boʻlsa, quturish yuzaga chiqadi. Quturish kasalligi esa dunyoning baʼzi mamlakatlarida uchramaydi va Oʻzbekiston hududiga xos. Markaziy Osiyo davlatlarida bu kasalliklar qayd etib turiladi.

Nafaqat virusli, balki baʼzi bir bakterial kasalliklar ham bor. Masalan, ichterlama (qorin tifi) kasalligi mavsumiylik xususiyatga ega. Tabiatdagi ochiq suv havzalarida vabo vibrionlari yoki vabosimon vibrionlar boʻlishi mumkin. Dastlab, may-iyun oylarida vabosimon vibrionlar koʻp uchraydi. Avgust-sentabr oylariga borib, vabo vibrionlari ularning oʻrnini egallaydi. Demak, tabiatda mikroorganizmlarda 2 xil qonuniyat – sinergizm va antagonizm asosida yashaydi. Sinergizm degani bir mikroorganizm ikkinchi bir mikroorganizmning yashashi, koʻpayishi va kasallik chaqirishi uchun sharoit yaratib berishidir. Antagonizm esa bitta kasallik qoʻzgʻatuvchisining ikkinchi kasallik qoʻzgʻatuvchisining avj olishiga yoʻl qoʻymasdan, unga raqobat qilib, oʻrnini egallab olishiga aytiladi.

Uzoqqa bormaylik, koronavirus pandemiyasi paytida juda koʻp kasalliklar qariyb qayd etilmadi. Virusli gepatit A, virusli respirator kasalliklar, virusli gripp ham deyarli uchramadi. Sababi, oʻsha paytda tashqi muhitda koronovirus qoʻgʻatuvchilari koʻp boʻlgan uchun, boshqa mikroorganizmlar avj olishiga yoʻl qoʻymadi. Antagonizm qonuniyati ish berdi. Hozirga kelib tabiatda koronovirus qoʻzgʻatuvchisi kamaydi. Demak, tabiatdagi boʻshliq qaysidir mikroorganizm bilan toʻldirilishi kerak. Hozir gripp, oʻtkir respirator kasalliklari, rinoviruslar, paragripp kasalligi, qoʻyingki, qizamiq, qizilcha, koʻkyoʻtal, tepki kabi kasalliklar avj olyapti. Bu tabiatdagi shunday mikroorganizmlar oʻrtasidagi munosabatdan kelib chiqadi. Albatta, biz har bitta kasallikka mavsumiga qarab, tegishli tayyorgarlik ishlarini koʻramiz.

Yoki Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi sentabr oyidan keyin umuman qayd etilmaydi. Chunki kasallik tarqalishi uchun kasallikni uning manbaidan odamga yuqtiradigan kanalar boʻlishi kerak. Iksod kanalari aprel oyida uygʻonadi va faollashadi. Shuning uchun gemorragik kasalliklarga xos mavsum – may oyining oxiri, avgust oyining oxirigacha boʻlgan muddat hisoblanadi.

– Koʻpincha xorijga chiqishgan sayohatchilar darrov kasal boʻlib qolishlaridan shikoyat qilishadi. Hatto issiq oʻlkalarga borganlar ham shamollab, qiynalishganini aytishadi. Ayrimlar buni havo almashgani va yangi joyga moslashuv jarayoni deb tushunadi. Ayrimlar esa issiq oʻlkada muzdek suv koʻp ichgani va uzluksiz sovutgich uskunalardan foydalangani bilan tushuntiradi. Buni ilmiy jihatdan qanday izohlash mumkin?

– Darhaqiqat, ayrim kasalliklar yangi jamoalar shakllangan paytda avj oladi. Masalan, bolalar bogʻchasida yangi guruh, maktabda 1-sinf oʻquvchilari tashkil etilganida koʻpayadi. Bu jamoada sogʻlom mikrob tashuvchilar yoki oddiy nozafaringit bilan kasallangan odamlar boʻlishi oqibatida bir biriga yuqtirib, kasallik avj olishi mumkin. Meningit ham shunday sharoitda tarqaladi. Aytaylik, Haj va Umra safariga ketayotgan ziyoratchilar meningit kasaliga qarshi emlanadi. Ular xorijga chiqqanida, yangi jamoa shakllanadi. Qolaversa, yurtdoshlarimiz boshqa yurtdan kelgan aholi bilan yaqin muloqotda boʻlib, bu kasallikni yuqtirib olishi mumkin. Chunki insonni sovuq kasal qilmaydi. Balki sovuqda inson immuniteti pasayishi, ayrim mikroorganizmlar koʻpayishi uchun qulay sharoit yaratilgani oqibatida kasallik kelib chiqadi. Masalan, yozda oʻtkir ichak va oshqozon, ovqat toksiko-infeksiya kasalliklari, suv va ovqat orqali yuqishi mumkin boʻlgan koʻpgina xastaliklar avj oladi. Bu mavsumda kasalliklarning koʻpayishini ham shunday tushuntirsak boʻladi. Chunki tashqi muhitdan tushgan mikroblar oziq-ovqat mahsulotlarida son jihatdan koʻpayishi mumkin. Mahsulotlarning tez aynish ehtimoli bor. Masalan, oshxonalarda, toʻy kabi ommaviy tadbirlarda bir necha mahsulot qoʻshib tayyorlangan salat mahsulotlari tayyorlanganidan keyin 2 soat ichida yeb tugatilishi lozim. Biroq uni kechqurun tayyorlab qoʻyib, ertasi kuni dasturxonga tortishadi. Bu vaqt davomida mikroorganizmlar soni bir necha yuz baravar koʻpayib ketishi mumkin. Odatda mikroorganizmlar har 8 soatda 2 baravarga koʻpayadi. Bu mahsulotlarni endotoksin va ekzotoksinlar ishlab chiqarmasdan turib isteʼmol qilib, tugatish kerak. Demak, bunday xastaliklarning oldini olish uchun aholining sanitariya madaniyatini oshirib borish lozim.

– Tan olish kerak, sanitariya-giginena talablarining muhimligini koʻpchilik aynan koronavirus pandemiyasi davrida tushunib yetdi. Tibbiyot xodimlari ham koronavirusni tugatish uchun bor kuchlarini ishga solishdi. Biroq nega koronovirus yoʻqolib ketmadi? Cheklov va karantinlar, turli emlash va yangi topilgan davolash usullari koronavirusdan batamom qutulishimizga yetarli boʻlmadimi?

– Koronavirus endi boshlanganida biz OAV orqali chiqishlarimizda “koronavirus borib-borib oʻzimizning shtamm, oʻzimizning respirator kasallik boʻlib qoladi”, degan iborani ishlatganmiz. Hozir aynan shunga guvoh boʻlib turibmiz. Agar akademik Belyakov nazariyasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, yuqumli kasalliklar tabiatda qolish uchun keladi. Koronavirus yoʻqolib ketmaydi. Endi koronavirus oramizda oddiy respirator kasallik sifatida qoladi va davom etadi. Agar shu paytgacha 43 ta koronavirus qoʻzgʻatuvchisining 6 tasi kasallik chaqirgan boʻlsa, mana endi 7 tasi kasallik chaqiradi, deb bemalol ayta olamiz.

– Nega koronavirus xuddi gripp yoki shamollash kabi mavsumiy boʻlmadi?

– Toʻgʻri, koronavirus kasalligida mavsumiylik kuzatilmadi. Ham hoʻl, ham quruq, ham issiq, ham sovuq sharoitda tarqalishi, qolaversa, bir paytning oʻzida ham kattalarni, ham yoshlarni kasallantirishi biz mutaxassislarni taajjublantirdi. Bunday holatlarda nima deyishimiz mumkin? Mikroorganizmlar oʻz “xoʻjayini” – yaʼni oʻzi tushgan organizmni darrov oʻldirishni istamaydi. Yaʼni xoʻjayini bilan doʻstona birga yashash ishtiyoqida boʻladi. Chunki xoʻjayin oʻlsa, oʻzining ham hayotiy sikli yopiladi, kesilib qoladi. Shu bois mikrorganizmlar sekin-asta odamga moslashish uchun harakat qiladi. Odamlar ham unga qarshi kurashish orqali, borib-borib ikkalasi bir-biriga moslashadi.

– Mikroblar oʻz xoʻjayini oʻlishini istamaydi deyapsiz. Lekin nega vabo, oʻlat kabi kasalliklar 3-4 kunda odamni oʻldiradi? Nega unda vabo oʻrta asrlarda Yevropada 20 millionlab odamni qirib yuborgan?

– Yoʻq, hozirgi paytga kelib, vabo kasalligi bunday pandemiyalarga sabab boʻla olmaydi. Chunki oʻtmishda odamlar vabo kasalligini yaxshi tushunishmagan. Vabo qoʻzgʻatuvchisi qandayligi, qaysi yoʻl bilan yuqishi, qanday klinik belgilar bilan kechishi haqida odamlarda tasavvur kam boʻlgan. Hozirga kelib, vabo kasalligining qoʻzgʻatuvchisi suvda yashashini yaxshi bilamiz. Suvni qaynatmasdan ichish oqibatida yoki poliz mahsulotlari hamda koʻkatlarni shu suv bilan yuvib isteʼmol qilish orqali yoki choʻmilayotganda bexosdan ichga suv ketib qolsa, bu kasallik insonga yuqadi. Hozir aholimiz ochiq suv havzasidan deyarli ichmaydi. Aksariyati qadoqlangan suv ichyapti. Ochiq suv havzasidan foydalanuvchilar ham bu suvni imkon qadar qaynatib ichishga odatlangan. Bu ham aholining sanitariya madaniyati bilan bogʻliq.

– Oʻtmishda qurgʻoqchilik va kambagʻallik turli epidemiyalarga sabab boʻlgani aytiladi. Ular nega bir-biriga bogʻliq?

– Misol sifatida qurgʻoqchilik va kuydirgi (sibir yarasi) kasalligi oʻrtasidagi bogʻliqlikni tushuntirib bersam. Kuydirgi – tuproqdan chorva mollaridan yuqadigan kasallik. U aksariyat hollarda qurgʻoqchilik boʻlganda, dalada oʻt-oʻlanlar qurib ketib, ozuqa qolmasligi oqibatida kelib chiqadi. Mayda va yirik shoxli hayvonlar yeyishga oʻt boʻlmagani bois tuproq tagidan ildizlarni labi bilan yulib (chimdib) olib yeyishga harakat qiladi. Natijada ularning lab va tillaridan tirnalishlar paydo boʻladi. Yerda oʻz paytini poylab yotgan kuydirgi kasalligi sporalari bu jarohatlarga tushib, hayvon organizmida koʻpayadi. Kasallangan hayvonni soʻygan, terisini shilgan, goʻshtini nimtalagan va tashigan odamlar tanasida ham ochiq jarohat yoki tirnalishlar boʻlsa, ularga ushbu kasallik yuqadi, bu kasallikning teri formasi uchraydi. Shu oʻrinda aytish kerak, kuydirgi kasalligining teri formasi davolansa, hech bir asoratsiz 100 foiz tuzalib ketadi. Lekin uning oʻpka formasi, septik formasi baʼzi holatlarda jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Chunki oʻpka yoki qondagi bu mikroblarni yoʻq qilishga qaratilgan davolash usullari har doim ham kutilgan samarani bermaydi. Aslini olganda, kuydirgi kasalligining qoʻzgʻatuvchisi spora shaklida 100 yillab ham yashashi mumkin. Lekin u vegetativ shaklga oʻtganidan keyin juda chidamsiz boʻlib qoladi. Antibiotik yordamida uning izini toʻliq yoʻqotib tashlash mumkin. Boshqacha aytganda, har bir kasallikning oʻziga xos belgilari, mavsumiyligi, xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami bor.

– Epidemiologik vaziyatni toʻliq nazoratga olish mumkinmi? Bu kasallik turiga bogʻliqmi yoki tibbiyot imkoniyatlarigami?

– Bilasizmi, ayrim kasalliklarni boshqariluvchi yuqumli kasalliklar deymiz. Nega endi boshqariluvchi? Buning maʼnosi – epidemik vaziyatni boshqarish mumkin. Kasallik jilovini qoʻlga olish mumkin. Umuman olganda, emlash imkoni boʻlgan hamma kasalliklar boshqariluvchi yuqumli kasalliklar deyiladi. Oʻzbekiston sharoitida 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi emlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Oxirgi 6 yilda emlash taqvimiga yana 4 ta yangi vaksina kiritildi. Qiyoslash uchun aytsak, mustaqillikning dastlabki yillarida biz faqat 6 ta kasallikka qarshi emlar edik. Hozir 13 turdagi kasallikka qarshi emlayapmiz. Bizda emlash vositalari bilan qamrab olish koʻrsatkichi 97-98 foizni tashkil etadi. Bundan koʻrinib turibdiki, emlash orqali aholining immun tarangligini, jamoaviy immunitetni shakllantiramiz. Qachonki jamoaviy immunitet u yoki bu kasallikka nisbatan 80 foizdan yuqori boʻlsa (aslida 70 foizdan yuqori boʻlsa), shu kasallik boʻyicha barqaror epidemik vaziyatni taʼminlash mumkin.

Masalan, koronavirus kasalligiga qarshi salkam 22 million aholini emlaganimizdan keyin va emlash bilan qamrab olish darajasi 90 foiz, buster doza bilan qamrab olish – salkam 80 foizga yetganidan keyingina biz koronavirus epidemiyasi boʻyicha vaziyatni barqaror holatda ushlab turishga erishdik. Shuning uchun bu kasalliklarni boshqariluvchi yuqumli kasalliklar deymiz. Ularni nazorat ostida ushlab turish – epidemiologik vaziyat barqarorlashuviga olib keladi.

– Oʻzbekistonda hozir epidemiologik vaziyat qanday? Turli xastaliklar tez-tez uchrab turgani va keng aholi qatlamlarini qamrab olayotganiga qaramasdan, bu vaziyatni barqaror deya olasizmi?

– Albatta, hozir Oʻzbekistonda barcha yuqumli kasalliklar boʻyicha vaziyat barqaror. Albatta, baʼzi yuqumli kasalliklarning biroz mavsumiy koʻtarilishi ehtimollari mavjud. Masalan, hozirda respirator kasalliklar avj oladi. Havo-tomchi yoʻli bilan yuqadigan kasalliklar koʻpayadi. Negaki kun salqin. Bugun ertalab, aytaylik, harorat issiq. Odamlar yengil kiyim bilan koʻchaga chiqishadi. Kechga yaqin esa havo salqinlashib qoladi. Shamollash ehtimoli koʻp.

Bunday sharoitda koʻpchilik sovuq kirmasin, deb eshik-derazalarni doim yopib oʻtirishadi. Bu esa havoda zararli mikrorganizmlar sonining battar ortishiga sabab boʻladi. Shular bilan bogʻliq holatda mavsumiy respirator kasalliklar avj olishi kuzatilishi mumkin.

Lekin, umuman olganda, bizda hozir barcha yuqumli kasalliklar boʻyicha epidemik vaziyat barqaror. Sarosimaga va xavotirga soladigan birorta jihatni koʻrmayapmiz.

Qolaversa, soʻnggi 5 yilda aholining epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash borasida oʻtkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlar natijasida, ayrim kasalliklar tugatildi, koʻplab kasalliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi.

Joriy 2023 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun 205 mlrd. soʻm ajratildi, 2017 yilda ajratilgan mablagʻlarga nisbatan 10 baravarga ortdi va emlash qamrovi 98 foizga yetkazildi. Soʻnggi 5 yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksinalar kiritildi. Bu kabi harakatlar xalqimizning epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+