Qurilish vazirligi nogironlar uyushmasini vakolatdan mahrum qilgani oshkor boʻldi
Senat raisi Tanzila Norboyeva mazkur masalani bir hafta muddatda uzil-kesil hal qilishni Qurilish vazirligiga topshirdi.

Yangi qurilayotgan binolarning nogironlarga mosligini nazorat qilish uchun qabul komissiyasi tuzilib, uning tarkibiga nogironlar uyushmasi, koʻzi ojizlar va karlar jamiyatlari nazorat qilishi uchun kiritilgandi.
Bugun oʻtayotgan Senat yalpi majlisida maʼlum boʻlishicha, Qurilish vazirligi ushbu imtiyozni bekor qilgan.
"Biz dekabrdan aprel oyigacha vazirlik bergan elektron kalitdan foydalandik. Ammo aprelda ular kalitni bekor qilishdi. Sababini soʻrasak, texnik nosozlik, bir oyda qaytaramiz, deyishdi. Qabul komissiyasi tarkibida boʻlsak, kimga xalal berayotgandi. Axir bu hammaga qulaylik-ku, jamoatchilik nazorati emasmi?", dedi Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.
Bunga Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi javob berolmadi va rahbariyatga masalani yetkazishini aytdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva mazkur masalani bir hafta muddatda uzil-kesil hal qilishni Qurilish vazirligiga topshirdi.