platina.uz

“Qizil” hududlarda nima ishlar qilindi?

Mingga yaqin fuqaroga 15 mlrd. soʻm imtiyozli kredit, toʻrt yuz nafariga 2,5 mlrd. soʻmlik subsidiya berilgan. 

Jamiyat
24-noyabr 2023 yil
“Qizil” hududlarda nima ishlar qilindi?

Prezident topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi boshchiligida joylarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

Respublikaning tanlangan 56 ta “qizil” toifadagi mahallada Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat sektor rahbarlaridan iborat shtablar tuzilib, har bir mahalla kesimida ishlar belgilab olindi va jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Xususan, oʻtgan ikki yarim oy mobaynida 3,5 mingdan ziyod uy-joyi taʼmirga muhtoj va oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari joriy va kapital taʼmirlab berildi, 900 ga yaqin xonadonga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berildi.

Dastur doirasida mahallalardagi 571 ta koʻchalarda infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida 113 km asfalt, 336 km yoʻl shagʻal, 7 km yoʻlga beton yotqizilib, 29 758 m2 piyodalar yoʻlagi barpo etildi.

Undan tashqari 175 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi, 1 882 dona yoritish moslamalari oʻrnatildi, 60 ta yangi transformator oʻrnatilib, 174 tasi taʼmirlandi, 5 188 ta simyogʻoch ustunlar beton ustunlarga almashtirildi, 1 831 ta yangi qoʻshimcha temir-beton ustunlar oʻrnatildi.

Joylarda gaz taʼminotini yaxshilash uchun 119 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 5 km uzunlikdagi yangi tabiiy gaz tarmogʻi tortildi, 155 km gaz tarmogʻi taʼmirlandi. Aholi talabidan kelib chiqib, 12 mingdan ziyod qoʻshimcha suyultirilgan gaz ballonlar, 1,6 ming tonna koʻmir yetkazib berildi.

Ichimlik suv taʼminoti borasida 183 km uzunlikdagi yangi suv tarmogʻi tortildi, 13 kilometri taʼmirlandi, 7 ta yangi ichimlik suvi inshooti oʻrnatildi va 18 tasi taʼmirlandi.

Qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida 21 ta koʻp qavatli uyning 243 m2 tom qismi, 59 tasining kirish yoʻlaklari taʼmirlandi.

Aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordamlar koʻrsatish masalalari ham Respublika ishchi guruhi eʼtibori markazida boʻldi.

Jumladan, 1,1 ming nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga 2 mlrd. 680 mln. soʻmlik turli yordamlar koʻrsatildi. Ikki yuzdan ziyod fuqaroga nogironlik aravachasi, protez-ortopediya vositalari yetkazildi. Yetti mingdan ziyod aholiga bepul dori-darmon vositalari ajratildi.

Mingga yaqin fuqaroga 15 mlrd. soʻm imtiyozli kredit, toʻrt yuz nafariga 2,5 mlrd. soʻmlik subsidiya olishiga koʻmaklashildi.

Shu bilan birga 206 nafariga tikuv mashinasi va 139 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi.

Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 116 mingdan ziyod shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, natijasiga koʻra ularning 838 nafariga davolanish uchun order ajratildi, 85 nafar shaxslarga sihatgoh, sanatoriya va profilaktoriyalarga yoʻllanma berildi, 36 nafar yakka yolgʻiz keksalarga hamda 297 nafar nogironlarga turli yordamlar koʻrsatildi.

Mahallarda maʼnaviy muhitni yaxshilash borasida turli hil maʼrifiy va sport tadbirlari oʻtkazildi. Jami 10 mingdan ziyod turli tadbirlar tashkil etilgan boʻlib, ular xonadon madaniyatini yuksaltirish, xonadonlarni obod hamda koʻrkam qilish, farzand tarbiyasi, maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish kabi yoʻnalishlarda boʻldi.

Oʻtkazilgan targʻibot, tashviqot va tushuntirish ishlari natijasida 245 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar jamoatchilik aralashuvi bilan bartaraf etildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+