Mirziyoyev va Aliyev Bokuda muzokara oʻtkazdi
Uchrashuvda Oʻzbekiston prezidenti Ozarbayjon rahbarini mamlakatga taklif etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Boku shahriga amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara oʻtkazdi.
Ozarbayjon yetakchisi Oʻzbekiston Prezidentiga BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitini qoʻllab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, Ozarbayjon Prezidentini SPEKAda muvaffaqiyatli raislik qilayotgani bilan tabrikladi.
Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi koʻrib chiqildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 34 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, energetika, qishloq xoʻjaligi va ipakchilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Transport va logistika sohasida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.
Davlat rahbarlari oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari yuzasidan ham fikr almashdilar. Kimyo, energetika, zargarlik, mashinasozlik, qurilish va boshqa yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston rahbari rahbari Ozarbayjon Prezidentini oʻzi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga borishga taklif etdi, deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev tashrifi 23-24 noyabr kunlari davom etmoqda.