Irlandiyada nomaʼlum shaxs besh kishini pichoqladi: poytaxtda tartibsizliklar boshlandi
Dublinda muhojirlarga qarshi oʻta oʻng kuchlarning harakatlari kuchaydi.
Irlandiya markazi Dublinda nomaʼlum shaxs pichoq bilan besh kishiga hujum qilib, ularni yaraladi. Jabrlanganlar orasida uch nafar bola ham bor. Oqibatda Irlandiya poytaxtida tartibsizlik va namoyishlar boshlanib ketdi.
Bu haqda 23 noyabr kuni Irlandiya poytaxti politsiyasi xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari vakillariga koʻra, hujum Dublin markazidagi maydonda sodir etilgan. Hozirda 5 yoshli qiz, 30 yoshli ayol va bir erkak shifoxonada ogʻir ahvolda. Yana ikki bola yengil tan jarohati olgan, ulardan biri shifoxonaga yotqizildi.
Hujum qilgan shaxs allaqachon qoʻlga olingan. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, u 50 yoshli erkakdir. Irlandiyaning RTE teleradiokompaniyasi xabariga koʻra, voqeaga guvoh boʻlgan oʻtkinchilar hujumchini agʻdarib tashlagan va uning qoʻlidagi pichoqni tortib olishgan.
Politsiya gumonlanuvchining fuqaroligini oshkor qilmayapti. “Vedomosti” xabariga koʻra, internetda hujumchining asli jazoirlik muhojir ekani haqida maʼlumot paydo boʻldi.
Hodisadan soʻng namoyishchilar hujum sodir boʻlgan maydon yaqinida toʻplana boshlagan. Irish Independent nashrining yozishicha, ular bir necha politsiyachiga pirotexnika vositalarini otishgan, shuningdek, avtomobil va avtobusni yoqib yuborishgan.
Namoyishchilar muhojirlarga qarshi shiorlar bilan hayqirmoqda, politsiya komissari Dryu Xarris RTE nashriga namoyishchilar “oʻta oʻng mafkura tomonidan boshqariladigan aqldan ozgan bezorilar guruhi” ekanini aytdi.