platina.uz

Nega xavfli kasallik – OITSga qarshi test topshirish ixtiyoriy?

Respublika OITSga qarshi kurashish markazi boʻlim boshligʻi bilan shu haqida suhbatlashdik. 

Intervyu
23-noyabr 2023 yil
Nega xavfli kasallik – OITSga qarshi test topshirish ixtiyoriy?

Respublika OITSga qarshi kurashish markazi Uslubiy prafilaktika va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish boʻlimi boshligʻi Anvarov Shoakbar Shoabrorovichga savollar bilan murojaat qildik.

– Chet eldan qaytgan fuqarolar uchun OIV va shu kabi yuqumli kasalliklarni aniqlash tizimi qanday?

– Tizim mavjud, uzoq muddat, yaʼni 3 oy va undan koʻp chet elda boʻlib qaytgan fuqarolar roʻyxati chegara nazorati tomonidan hududiy oilaviy poliklinikalarga beriladi va biriktirilgan mutaxassis tomonidan test topshirish kerakligi haqida ushbu fuqarolar ogohlantiriladi. Fuqarolar hududiy oilaviy poliklinikalar hamda OITSga qarshi kurashish markazlariga borib bepul, anonim tarzda OIV infeksiyasiga testdan oʻtishlari mumkin.

– OIV infeksiyasiga test topshirgandan soʻng natija necha kunda maʼlum boʻladi?

– Ekspress testlar amaliyotga joriy etilgan, bunda test natijasi 20 daqiqada maʼlum boʻladi. Bundan tashqari, joriy yilning 27 noyabridan 5 dekabriga qadar “Sogʻlom hayot sari birgalikda” shiori ostida tashkilllashtirilayotga testdan oʻtish haftaligida teri butunligi buzilmay (qon orqali emas, soʻlak orqali) test topshirish mumkin.

– Nega chet eldan qaytgan fuqarolar uchun test topshirish majburiy emas?

– OIV infeksiyasi haqida atroflicha maʼlumotga ega inson shundoq ham oʻz roziligi bilan test topshiradi, oʻzi hamda oila aʼzolarining hayotini xavf ostiga qoʻymaydi. Majburiy tartibni tashkil qilishga keladigan boʻlsak, bu xalqaro huquq normalariga va qonunchilikka toʻgʻri kelmaydi.

– Test topshirish doimo bepul va anonimmi?

– Ha, test topshirish doimo bepul va fuqaro istagiga koʻra anonim tarzda oʻtkaziladi. Faqat baʼzi davlatlar tomonidan OIV infeksiyasining tahlil natijasi boʻyicha fuqarolarimizdan sertifikat talab qilinadi, aynan shu holatdagina pullik xizmat asosida sertifikat olishlari mumkin.

– Fikrimizni foizlarda ifodalaydigan boʻlsak, 2023 yil hisobida qancha fuqaro chet elda OIV infeksiyasini yuqtirgani aniqlandi?

– Joriy yil 10 oy hisobidan oladigan boʻlsak, OIV aniqlangan bemorlarning 30% dan ortigʻini mehnat migrantlari tashkil qiladi.

– OIV infeksiyasi tarqalishi oldini olish uchun mamlakatimizda nimalar qilinyapti?

– Bu borada davlatimiz rahbarining qarorlari, Vazirlar mahkamasi qarori va tegishli davlat dasturlari asosida keng koʻlamdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina misol: yaqinlashib kelayotgan Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan 27 noyabrdan 5 dekabrga qadar tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Tadbir doirasida tarqatma materiallar, jamoat transportlarida, aeraportlarda roliklar, eʼlonlar ogohlikka chaqirish maqsadida havola qilinmoqda. Bundan tashqari, OAV vakillari bilan hamkorlikda matbuot anjumani oʻtkazilib, jurnalist va blogerlar ham OIV infeksiyasi boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishmoqda.

– OIV infeksiyali bemorlarning yaqinlariga qanday tavsiya bergan boʻlardingiz?

– Bizda maxsus psixologlar bu borada faoliyat koʻrsatishadi. Eng avvalo OIV infeksiyasi bu hayot tugadi degani emas, erta bosqichda davo boshlash orqali bemor umr davomiyligini uzaytirishi mumkin. OIV infeksiyasi havo-tomchi yoʻli orqali yuqmaydi. Ushbu infeksiya qon orqali, himoyalanmagan jinsiy yoʻl va OIV bilan zararlangan onadan bolaga (tabiiy tugʻuruq jarayonida yoki ona suti orqali) yuqishi mumkinligini inobatga olib, OIV infeksiyali fuqarolar bilan birga taʼlim muassasalarida oʻqish, tashkilotlarda birga ishlash, umumiy restoranlarda birga taomlanish vaqtida yuqmaydi. OIV infeksiyasini yuqtirib olgan insonlar barcha fuqarolar kabi teng huquqqa ega boʻlib, OIV maqomi yuzasidan kamsitish va diskriminatsiya qilish mumkin emas.

Maftuna Yodgorova suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+