Toshkentda uy-joy ijarasi narxi arzonlashdi
Poytaxtda oʻtgan oydagi ijara bilan bogʻliq vaziyat tahlil qilindi.

Oktabr oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun ijara narxlari pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari taqdim etgan maʼlumotda aytiladi.
2023 yilning oktabr oyida poytaxtda barcha turdagi xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan arzonlashgan.
1. Oʻrtacha taʼmirlagan xonadonlar uchun ijara narxlari 6-14 foizgacha pasaygan.
Bir xonali xonadon uchun oʻrtacha ijara narxi 370 dollardan 348 dollarga (-5.9 foizga) tushgan boʻlsa, ikki xonali xonadonlar uchun 474 dollardan 437 dollarga (-7.8 foiz), uch xonali xonadonlar uchun 611 dollardan 526 dollarga (-13.9 foiz), toʻrt xonali xonadonlar uchun 729 dollardan 633 dollarga (-13.2 foiz) arzonlashgan.
2. Toʻliq taʼmirlangan xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari 6-16 foizgacha arzonlashgan.
Xususan, ushbu turdagi bir xonali xonadon uchun oʻrtacha ijara narxi 557 dollardan 508 dollarga (-8.8 foizga), ikki xonali xonadonlar 695 dollardan 651dollarga (-6.3 foiz), uch xonali xonadonlar 867 dollardan 790 dollarga (-8.9 foiz), toʻrt xonali xonadonlar 1102 dollardan 930 dollarga (-15.6 foiz) tushgan.
Eslatib oʻtamiz, 2022 yilda Toshkent shahriga relokantlar oqimining koʻpayishi hamda yangi oʻquv yili boshlanishi bilan talabalar tomonidan ijaraga boʻlgan talabning oshishi natijasida oʻtgan yilning sentabr-oktabr oylarida ijara narxlari keskin oshib ketgan edi.