Shavkat Mirziyoyev qishga tayyorgarlik ishlarini tekshirdi
Prezident sovuq kunlarda energiya resurslariga boʻlgan talabni kafolatli taʼminlash boʻyicha mutasaddilarning hisobotini eshitdi.

Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 noyabr kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida boʻlib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi.
Prezident sovuq kunlarda energiya resurslariga boʻlgan talabni kafolatli taʼminlash boʻyicha mutasaddilarning hisobotini eshitdi. Energetika vaziri ajratilgan mablagʻ evaziga joriy yilda qilingan ishlar va yaratilgan zaxira, kunlik isteʼmol va uni taʼminlash moʻljallari toʻgʻrisida axborot berdi.
Aytilishicha, energetika tizimi 1 dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga oʻtadi. Yaqin oylarda 1 ming 700 megavattli 8 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Shargʻun konida 900 ming tonna koʻmir qazib chiqarish boshlanadi.
– Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trillion soʻm berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak boʻlsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari masʼuliyatni toʻliq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli taʼminlashi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qoʻyilgan.
Tadbirda “Oʻztrangaz”, “Hududgaztaʼminot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ham axborot berdi.
Maʼmulot uchun, bu yil 675 megavattli elektr quvvatlari ishga tushdi. Respublika boʻyicha 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi. Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash maqsadida qoʻshimcha 5 milliard kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi.