Moskvada oʻzbekistonlik muhojirlar ishtirokida yirik janjal yuz berdi
Ularga turli darajalarda jazolar tayinlandi.

Tarmoqda Rossiyadagi mehnat migrantlari oʻrtasida mushtlashuv yuz bergani, ularning aksariyati Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2023 yil 16 noyabr kuni Moskva shahrining Sviblovo tumanida joylashgan "Afi Tower" koʻp qavatli uy qurilishi maydonida 35-40 nafar fuqaro ishtirokida janjal yuz bergan.
Sviblovo tumani ichki ishlar boʻlimi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan ommaviy mushtlashuv oshxonaga kirish uchun navbatda turgan ishchilar va umumiy navbatni chetlab oʻtib, oshxonaga kirishga uringanlar oʻrtasidagi ogʻzaki janjal sabab yuz bergan.
Natijada 35 Oʻzbekiston fuqarosi, bir rossiyalik va bir nafar Turkiya fuqarosi ushlangani aytilgan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 213-moddasi 2-qismi boʻyicha jinoyat ish qoʻzgʻatilib, fuqarolarning 6 nafari jinoiy, 3 nafari mamlakatdan majburiy chiqarib yuborish shaklida maʼmuriy, boshqalari ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmagani sababli jarima shaklida maʼmuriy javobgarlikka tortildi.