Oʻzbekiston Fransiyadan qiruvchi samolyotlar sotib olmoqchi

Ushbu samolyot Fransiyadan tashqari Misr, Hindiston, Qatar, Gretsiya kabi davlatlar havo kuchlarida mavjud.

Jamiyat
21-noyabr 2023 yil
Oʻzbekiston Fransiyadan qiruvchi samolyotlar sotib olmoqchi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning 2 noyabr kuni Oʻzbekistonga tashrifida, nafaqat fransuz energetika kompaniyalari uchun uran  masalasi, balki harbiy samolyotlar borasida hamkorlik ham muhokama qilingan.  

Xususan, Oʻzbekiston rahbariyati 24 ta Rafale qiruvchi samolyotini olishdan manfaatdor ekani aytiladi. Biroq, aniq shartlar va moliyalashtirish tartibi nomaʼlumligicha qolmoqda. Bu haqda fransuz sanoat portali Intelligence online nashrida maʼlum qilindi.

Fransiya oʻzining Rafale samolyotlarini Oʻzbekistonga sotishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Sababi Hindiston, Qatar, Indoneziya va Xorvatiya kabi boshqa mamlakatlarning ham bu qurolga katta talabi bor, bu esa fransuz mudofaa sanoatini ushbu samolyot modeli uchun oldindan buyurtmalar koʻpligini bildiradi. Shunga qaramay, Fransiya Oʻzbekistonga oʻzining mavjud zaxiralari bilan yordam berishi mumkin. 

Malumotlarga koʻra, 2023 yil uchun Oʻzbekiston mudofaa byudjeti uchun 1,4 milliard dollar ekvivalentida mablagʻ ajratgan. The Military Balance maʼlumotiga koʻra, mamlakatning jangovar aviatsiyasi arsenalida hozirda xizmat koʻrsatilayotgan 12 ta MiG-29 va MiG-29 UB samolyotlari va qoʻshimcha 18 ta bir xil turdagi samolyotlar saqlanadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlari 12 ta Su-25 hujumchi samolyoti va 15 ta Su-24 bombardimonchi samolyotlaridan iborat katta flotga ega.

 Eslatib oʻtamiz, Rafale qiruvchilari ilk bor 1986 yil ishlab chiqarila boshlangan. Ushbu samolyot Fransiyadan tashqari Misr, Hindiston, Qatar, Gretsiya kabi davlatlar havo kuchlarida mavjud.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+