Konya oʻzining xilma-xil gʻorlari bilan turizm salohiyatini oshirmoqchi
Hududdagi Tinaztepe gʻori “tabiat moʻʼjizasi” sifatida taʼriflanadi.
Madaniy turizmi bilan dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni qabul qilib keladigan Konya, oʻzining ulugʻvor gʻorlari bilan ham ziyoratchilarni jalb etadi.
Konya-Antaliya yoʻnalishida joylashgan va 1968 yilda fransuz olimi tomonidan kashf etilgan 22 kilometr uzunlikdagi Tinaztepe gʻori “tabiat moʻʼjizasi” sifatida taʼriflanadi.
Kezish uchun moʻljallangan maydoni 1580 metr boʻlgan gʻorda yer va ship oʻrtasidagi balandlik baʼzi joylarda 65 metrgacha yetadi. Gʻordagi galereyalar tashrif buyuruvchilarga “vizual ziyofat” yaʼni tamosha zavqini baxsh etadi.
Gʻorni boshqaradigan kompaniya bosh direktori Bayram Chelmeli, gʻorni 2004 yilda tashrif buyuruvchilarga ochganliklarini bayon qildi.
Gʻorni oʻz mablagʻlari bilan jihozlaganliklarini ifoda etgan Chelmeli: “Gʻorimizning belgilangan uzunligi 22 kilometr, ammo kezib koʻrish mumkin boʻlgan, yaʼni, jihozlash tugatilgan qismi 1580 metr. Gʻor, 1968 yilda fransuz olimi Mixael Bakalovich tomonidan kashf etilgan va u oʻsha davr vositalaridan foydalanib chizmasini tayyorlagan. Uning boshqa gʻorlardan ajratib turadigan xususiyati, gʻor ichida daryo borligidadir. Ayniqsa, bahor oylarida yomgʻir, qor yogʻadi. Pastga oqayotgan suv ichkarida sharshara va koʻl hosil qiladi. Bu vaqt oʻtishi bilan bu yerda stalaktit va stalagmitlarning paydo boʻlishiga zamin yaratadi” – deya maʼlumot berdi.
Har yili minglab mahalliy va xorijlik ziyoratchilarni qabul qilgan gʻorning yoshi haqida fikr bildirgan Chelmeli, “Gʻorning yoshi 230 million yil deb belgilandi. Stalaktit va stalagmitlarning har bir santimetrini shakllanishiga sarflanadigan muddat esa 100 yil. Shu tariqa gʻorning yoshini taxmin qila olamiz, deya qoʻshimcha qildi.
Chamlik gʻorlari
Konyaning Derebujak tumani chegaralari ichida joylashgan va 2022 yilda milliy bogʻ deb eʼlon qilingan Chamlik gʻorlarining turizm markaziga aylantirish maqsadida olib borilgan yoritish va jihozlash ishlari oʻz nihoyasiga yetdi. Gʻor joylashgan hududdagi yerning tikligi yovvoyi hayvonlar uchun mos yashash sharoitini yaratadi va mintaqada himoya ostidagi yovvoyi echkilarni ham uchratish mumkin.
Beyshehir Madaniyat va Turizm Uyushmasi Rahbari Mustafo Buyukkafali, atrofda 20 ga yaqin katta va kichik gʻor borligini aytdi.
"Chamlik gʻorlari" deb atalgan gʻorlarning eng kattasi Balatini gʻori ekanligini taʼkidlagan Buyukkafali shunday dedi: “Gʻorning oʻziga xos jihati shundaki, kirganingizda 1 kilometrdan keyin stalaktit va stalagmitlarning gʻaroyib goʻzalligi va rang-barangligiga duch kelasiz. Boshqa gʻorlarga nisbatan farqli shakllanishlar mavjudligiga guvoh boʻlishingiz mumkin. Shuningdek gʻor suvga toʻla; siz olgʻa siljir ekansiz toʻsatdan suvga tushib qolasiz, buni "jodugar qozoni" deb atashadi. Bu yerdan imkon qadar tezroq chiqib ketishingiz kerak va shunga mos ravishda sizda maxsus jihozlar boʻlishi lozim. Endi bu joy turizm uchun foydalaniladi”.
Suluin gʻori ham xuddi shu mintaqada, Chamlik shahridan 500 metr janubi-gʻarbda joylashgan.
Taxminan 25 metr uzunlikdagi gʻorning kirish qismi suvga toʻla boʻlgani uchun unga faqat qayiq bilan kirish mumkin. Gigant tosh bloklari orasida sharsharalarni hosil qilgan suvlar, gʻor ichida 150 metr masofadan soʻng katta koʻlni tashkil qiladi. Ushbu chuqur koʻl boʻylab qayiqda sayr qilish mumkin.