BMT Oʻzbekistondagi chang boʻronlari haqida tashvishli bayonot berdi
Changning asosiy global manbalari Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo boʻylab shimoliy yarim sharda joylashgan.

BMTning ogohlantirilishicha, sayyorada qum va chang boʻronlari soni "keskin" ortib bormoqda, ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlari hodisadan eng koʻp jabr koʻrmoqda. Bu haqda Phys.org nashridagi maqolada aytiladi.
Zaharli qum boʻronlari Markaziy Osiyo va Shimoliy Afrikanining choʻl va dasht qismlarini qamrab olmoqda va BMT ularni "hayot uchun tahdid" deb atadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha konvensiyasi (UNCCD) Dubayda COP28 iqlim oʻzgarishi sammiti ochilishidan bir hafta oldin tarixiy Samarqand shahrida besh kun davomida yigʻiladi.
“Qum va changdan iborat qora bulutlarning hamma narsani qamrab olishi va kunning tunga aylanishi tabiatning eng qoʻrqinchli tomoshalaridan biridir”, dedi UNCCD kotibi Ibrohim Tiav.
Uning aytishicha, chang boʻronlari "Shimoliy va Markaziy Osiyodan Sahroi Kabirdan janubiy Afrikagacha boʻlgan hamma joyda vayronagarchiliklarga olib keladigan hodisa."
“Hozirda har yili atmosferaga ikki milliard tonna qum va chang koʻtariladi, bu ogʻirligi boʻyicha Gizadagi 360 ta piramidaga teng”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Changning asosiy global manbalari Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo boʻylab shimoliy yarim sharda joylashgan. Janubiy yarimsharda Avstraliya, Janubiy Amerika va Janubiy Afrika asosiy chang manbalari hisoblanadi.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, boʻronlar "hayotga tahdid soluvchi" taʼsir koʻrsatishi mumkin, ammo hukumatlarda ularga qarshi samarali kurashish uchun vositalar yoʻq.
“Yupqa chang zarralari yuqori troposfera darajalariga (balandligi bir necha kilometrgacha) koʻtarilib, shamol ularni uzoq masofalarga olib ketishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Ilgari kamdan-kam uchraydigan bunday boʻronlar endi bahorda boshlanib, Markaziy Osiyoning katta qismida kuzgacha davom etmoqda.
Boʻronlar koʻpincha Oʻzbekistondagi Orol dengizining qurib qolgan hududlarida, shuningdek, Qozogʻiston choʻllarida va Afgʻonistonning janubida boshlanadi.
UNCCD shuningdek, boʻronlar keltirgan iqtisodiy zararga ishora qildi.
“Dunyo har yili qariyb million kvadrat kilometr sogʻlom, unumdor yerlarni yoʻqotadi.
2015-2019 yillar mobaynida butun dunyo boʻylab taxminan 4,2 million kvadrat kilometr hudud chang boʻronlaridan zarar koʻrdi, Markaziy Osiyodagi beshta davlatning umumiy maydoniga teng".
Eslatib oʻtamiz, soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekistonda chang boʻronlari tez-tez kuzatilmoqda. Jumladan, Toshkent havosi iflos shaharlar reytingida yuqori oʻrinlarni egallamoqda. Bundan tashqari chang boʻronlari Tojikistonda turli kasalliklarni keltirib chiqarayotgani ham xabar berildi.