Emmanuel Makron Samarqandda rasmiy kutib olindi
Tunda ikki davlat rahbarlari Samarqand shahrini aylandilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.
Dastlab, Emmanuel Makron Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida tungi Samarqand boʻylab sayr qildi.
Davlat rahbarlari YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Registon majmuasiga tashrif buyurdilar.
Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq meʼmorchiligi durdonasining qurilish tarixi, noyob naqshlari, mazkur maskan bilan bogʻliq mashhur voqea va shaxslar xususida soʻzlab berildi.
Shu yerda Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron birgalikda suratga tushdi.
Soʻng Prezidentlar “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida boʻldilar.
Bugun, 2 noyabr kuni esa Samarqand shahrida tashrifning asosiy tadbirlari Fransiya yetakchisini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi.
Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.
Oʻzbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy qarshi oldi va shohsupaga taklif qildi.
Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul davlat rahbarlari oldidan tantanali yurib oʻtdi.Oʻzbekiston va Fransiya Prezidentlari rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.
Soʻng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.