Yashagim kelar: YTH haqidagi klip premerasi boʻlib oʻtdi
Qoʻshiq fojeali yoʻl hodisalarining oqibatlari bilan toʻqnash kelgan odamlar uchragan qiyinchiliklariga qaramay, ularning hayotga boʻlgan intilishini tarannum etadi.

Yoʻl-transport hodisalari statistikasining har raqami ortida inson hayoti va barbod boʻlgan qaygʻuli taqdirlar yashiringan. Afsuski, qoʻrquv keltirib chiqarishi va yoʻl harakatining har bir ishtirokchisini hushyorlikka daʼvat qilish kerakdek boʻlgan mazkur raqamlar oddiy holat kabi loqayd qabul qilinishi kishini chuqur oʻy va mulohazalarga tortadi. Biroq barcha koʻnikkandek koʻringan mazkur holat dahshati kamayib qolgani yoʻq, balki hamon katta yoʻqotishlarni keltirib chiqarmoqda.
Gross sugʻurta kompaniyasi va Toshkent shahar IIBB “Xavfsiz harakat” loyihasi doirasida “Yashagim kelar” qoʻshigʻi va klipini tasvirga olishdi.
17 noyabr kuni "Interkontinental" mehmonxonasida “Yashagim kelar” qoʻshigʻi va klipining katta premerasi boʻlib oʻtdi. Klip real voqealarga asoslangan boʻlib, unda YTH real ishtirokchilari bilan sodir boʻlgan holatlar videoregistrator va tashqi kuzatuv kameralarining tasvirlaridan foydalanilgan.
Qoʻshiq fojeali yoʻl hodisalarining oqibatlari bilan toʻqnash kelgan odamlar uchragan qiyinchiliklariga qaramay, ularning hayotga boʻlgan intilishini tarannum etadi.
Shohrux Qayumov, yoʻl transport hodisasidan jabrlangan shaxs, klip aktyori:
“3 yil oldin mashinada ketayotganimda yoʻlda shagʻal boʻlgan. Mashinada 5 kishi edik. Mashinaning bir tarafi tortmay qolgan. Keyin agʻdarilib, aylanishni boshlagan. Men tarafdan aylangani uchun belim shikastlangan. Umurtqa pogʻona singan. Hozir beldan pasti ishlamaydi. Keyingi yil Amerikaga borib davolanmoqchiman. Ilon Maskning nevrolink degan chipi bor. U miyaga qoʻyiladi, xuddi blutuzdek ishlaydi. Miya orqali oyoqlarni ishlatishga harakat qilmoqchimiz”.
Estrada yulduzlari "Sahar" guruhining yakkaxon ijrochisi Anvar Joʻrayev va reper Konsta mazkur insonlar taqdirini oʻzlarining betakror ijrosi bilan joʻrlikda hikoya qiladi.
Odinaxon Dehqonova