“Dekret”ga chiqayotgan erkaklar: xususiy sektordagi ayollarga “dekret” puli berilmayapti

Yaqin oʻtmishda hatto ayrim noinsof ish beruvchilar xotin-qizlarni ishga qabul qilishdan avval darrov 2 ta ariza yozdirib olar ekan. Birinchisi — ishga kirish haqida, ikkinchisi — oʻz ixtiyori bilan ishdan boʻshash haqida ariza.

Maqola
19-noyabr 2023 yil
“Dekret”ga chiqayotgan erkaklar: xususiy sektordagi ayollarga “dekret” puli berilmayapti

Gender tengligi va ayollar huquqi toʻgʻrisida koʻp gapiriladi. OAVdayu minbarlarda bong uriladi. Falon pullarga dabdabali xalqaro tadbirlaru konsertlar uyushtiriladi. Lekin amaliy ishlarga kelganda ayollar huquqi toptalishda davom etadi.

Hali qarasangiz, “harbiy-organ-elita” maktablarining bitiruvchilari oliy oʻquv yurtlariga “grant”ga kirib, 5-10 yil tayyorlangan qizlar ularning kasriga qolib, kontraktda oʻqishga majbur boʻladi. Aybi — qiz bola! Aybi falon boyning,falon harbiyning yoki falon amaldorning qizi emas!

Hali qarasangiz, biror tashkilot yoki kompaniyada masʼuliyatli va “yogʻli” ishga olishmaydi. Ishga olishsa ham, yuqoriroq mansabga koʻtarishmaydi. Aybi — qiz bola! Ertaga erga tegib ketishi, farzand koʻrishi yoxud farzandlari parvarishi bilan ovora boʻlib ishga zarar yetishidan, ortiqcha “boshogʻriq”qa aylanishidan qoʻrqishadi.

Yaqin oʻtmishda hatto ayrim noinsof ish beruvchilar xotin-qizlarni ishga qabul qilishdan avval darrov 2 ta ariza yozdirib olar ekan. Birinchisi — ishga kirish haqida, ikkinchisi — oʻz ixtiyori bilan ishdan boʻshash haqida ariza (bunisiga sana qoʻyilmaydi). Bu xodima homilador boʻlsa, shu ikkinchi arizaga sana qoʻyib, imzo chekib yuboriladi. Ish tamom — hech kim daʼvo qila olmaydi, hech kim hech narsada ayblay olmaydi. Aks holda “dekret” taʼtiliga chiqqan ayolga bekorga pul toʻlash va ish joyini saqlab oʻtirish malol keladi chunki.

Yaxshiyamki, 2022 yil 1 sentabrdan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat tomonidan homiladorlik va tugʻuruq nafaqalari toʻlanishi boshlandi. Nafaqa miqdori minimal isteʼmol xarajatlarining 4 baravarini (hozirda 2 mln. 272 ming soʻm) tashkil etadi. Biroq “dekret” pulini olgan xususiy sektordagi ayollar soni rejadagidan 7 barobar kam.

“Dekret” uchun 3 baravar kam pul ajratilishi mumkin

Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston hukumati 2023 yilda xususiy sektorda ishlovchi 130 ming nafar ayolga “dekret” puli toʻlashni rejalashtirgan edi, lekin amalda yil oxirigacha bu raqam bor-yoʻgʻi 19 mingdan oshishi maʼlum boʻlmoqda. Sababi, aksariyat xususiy ish beruvchilar ayollar mehnatidan shartnomasiz foydalanayotgan boʻlishi mumkin.

2023 yilgi davlat byudjetida bu xarajatlarni moliyalashtirish uchun 300,7 mlrd. soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

2024 yilgi byudjet loyihasida esa bu koʻrsatkichni 3 baravarga qisqartirish — 100 mlrd. soʻmgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Bu oʻzgarishga ijtimoiy tarmoqlardagi faollar izoh qidirishga urinib koʻrishdi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyevning X (Twitter) sahifasidagi qaydlariga koʻra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu holatni mablagʻlarning past darajada oʻzlashtirilishi bilan izohlagan. “Joriy yil ajratilgan 300 mlrd. soʻmdan atigi 50 mlrd. soʻmga yaqin pul oʻzlashtirilishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib, prognozni 100 mlrd.ga tushirishgan. Menimcha, bu yerda nega pul oʻzlashtirish kamligini oʻrganish kerak. Taxminimcha, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarning katta qismi mehnat shartnomasisiz ishlaydi”, deb yozgan deputat.

Eʼtirof etish kerak, xususiy korxonalardagi ayollarga “dekret” pulini berishda byurokratiyaga yoʻl qoʻymaslik maqsadida homiladorlik nafaqasi xuddi suyunchi puli kabi tibbiy maʼlumotnoma asosida avtomatik ajratiladi.

Biroq xususiy ish beruvchilarda mehnat qiluvchi ayollarning norasmiy, yaʼni shartnoma va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan ishlashi bunga sabab boʻlmoqda. Chunki bunda “xufyona” ishchi-xodimlar uchun ijtimoiy va daromad soliqlari toʻlanmaydi va tabiiyki “dekret” puliga daʼvo qilish imkoniyati yoʻqoladi.

Albatta, bu muammoda bir jihatdan xususiy tadbirkorlarning ham aybi bor. Soliqlar va ijtimoiy toʻlovlardan qochib, “konvert”da maosh berish keng tarqalganini va bunga barham berish mexanizmlari mukammal emasligini tan olishimiz kerak.

Hukumat esa “dekret” uchun rejalashtirilayotgan mablagʻni qisqartirganining asl sababi ham shu — 2024 yilgi byudjet loyihasini tayyorlashda 2023 yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining izoh berishicha, davlat byudjetida 2023 yilda xususiy sektorda ishlovchi 130 ming nafar ayolga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 300 mlrd. soʻm mablagʻ berilishi rejalashtirilgan. Ammo joriy yilning 9 oyida xususiy sektorda ishlovchi, belgilangan mezonlarga mos boʻlgan 12 ming nafar ayolga homiladorlik va tugʻish nafaqasi tayinlangan va 24,6 mlrd. soʻm toʻlab berilgan.

“Joriy yil 9 oylik tendensiyadan kelib chiqqan holda, 2023 yil yakuniga qadar xususiy sektorda ishlovchi 19 mingdan ortiq ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 40 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda.

2024 yilgi byudjet loyihasini tayyorlashda 2023 yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan boʻlib, keyingi yilda xususiy sektorda ishlovchi 40 mingdan ortiq (2023 yilga nisbatan 2 baravar koʻp) ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 100 mlrd. soʻm ajratilishi koʻzda tutilmoqda”, deyiladi vazirlik izohida.

Muammo ildizi qayerda?

Iqtisodchi Otabek Bakirov keltirgan raqamlarga koʻra, jami tugʻilishlar hisobida xususiy sektordagi ayollarning ulushi 2 foizga ham yetmaydi.“Haqiqatan ham shundaymi? Yoki yuz minglab ayollar xususiy sektorda rasmiylashtirilmagan holda ishlab kelmoqdami? Balki muammoga keng jamoatchilik, xususan, ayollarning eʼtiborini qaratish vaqti kelgandir? Rasmiy mehnat shartnomasi qonun bilan kafolatlangan ijtimoiy himoyaning va barqaror pensiya tizimining negizi ham. Balki xuddi 2009 yilgacha boʻlgani singari davlat “dekret” puli toʻlashni xususiy va byudjetga ajratmasdan, barcha ayollarga umumiy asosda kafolatlashga oʻtishi kerakdir? Shunda xususiy biznes ayollarni shartnomasiz ishlatishdan tiyiladi. Qolaversa, ayollarning oʻzi ish beruvchilardan rasmiy shartnoma talab qilishni boshlaydi. Byudjet xarajatlari koʻpayadi, ha, lekin legallashuvdan byudjet daromadlari ham ortadi”, deya yozdi iqtisodchi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2023 yilning yanvar-sentabr oylarida Oʻzbekistonda 716 ming 885 ta tugʻilish qayd etilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga koʻp. Rejani 3 baravarga qisqartirish emas, koʻpaytirish mantiqqa toʻgʻri kelishi tabiiy.

Kimlarga “dekret” puli beriladi?

Eslatib oʻtish joiz, xususiy kompaniyalarda mehnat qiluvchi ayollarga davlat tomonidan “dekret” puli toʻlab berilishi uchun quyidagi talab bajarilishi kerak:

  • nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida xususiy sektorda ishlagan boʻlishi kerak;
  • yagona milliy mehnat tizimida rasman band boʻlishi, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilib, tegishli buyruqlar kiritilgan boʻlishi lozim;
  • 6 oy davomida xodimaning daromadlari va soliq toʻlovlari Soliq qoʻmitasi maʼlumotlar bazasida qayd etilgan boʻlishi lozim.

Nega “dekret” deb ataladi?

Kezi kelganda aytib oʻtish joiz, “dekret” taʼtili va “dekret” puli tushunchasi XX asrga xos hodisa xolos. Undan avval homilador ayol va uning chaqalogʻi parvarishi batamom erining zimmasida boʻlgan. Bola tuqqan ayolning eri boʻlmasa yoki oʻlib qolsa, oʻzi ishlay olmasligi bois juda qiyin ahvolda qolgan.

XIX asr oxirida, Yevropada sanoat inqilobidan keyin ayollar koʻproq uydan tashqarida ishlay boshlagan. 1877 yilda Shveysariyada ishlovchi homilador ayollarga bola tugʻishidan 2 hafta avval va tuqqanidan keyin 6 hafta oʻtguncha ishlashga ruxsat berilmagan. Keyingi 10 yil davomida Yevropaning boshqa davlatlarida — Shvetsiya, Germaniya, Norvegiya va Avstro-Vengriyada ham shunga oʻxshash qonunlar qabul qilingan. Avvaliga bu qonunlar homilador ayollarga ishlashni butunlay taqiqlagan. Keyinchalik esa bu qonunlar yumshatilib, ayolning ish oʻrnini saqlab qolish joriy etilgan va bu onalik taʼtillari paydo boʻlishiga olib kelgan.

Rossiyada oktabr inqilobi roʻy berganidan atigi 2 oy oʻtgach — 1917 yil 22 dekabrda Butunrossiya markaziy ijroiya qoʻmitasi “Kasallik holatlarida sugʻurtalash” haqida dekret eʼlon qilgan. 1917 yil 27 dekabrda esa Xalq komissarlari sovetining “Homiladorlik va bola tugʻish boʻyicha nafaqa haqida”gi dekreti qabul qilingan. Unda bola tugʻilgan holatda onaga pul va taʼtil berish koʻzda tutilgan. Oʻsha davrda oʻta muhim va dolzarb qonun hujjatlari “dekret” deb atalgan. Shundan buyon bola tuqqani bois onalarga beriladigan taʼtil “dekret” taʼtili, beriladigan bir martalik pul esa “dekret” puli deb atab kelinmoqda.

Faqat ikkinchi jahon urushidan keyingina homiladorlik va bola tugʻish boʻyicha taʼtil xalqaro darajadagi qonunlarda oʻz ifodasini topdi.

1952 yil 28 iyunda Xalqaro mehnat tashkilotining Jenevada oʻtgan bosh konferensiyasida Onalikni muhofaza qilish boʻyicha Konvensiya qabul qilindi.

Hamma davlatda ham “dekret” taʼtili berilmaydi

Xalqaro mehnat tashkiloti onalikni himoya qilish boʻyicha konvensiyada ayollarga kamida 14 haftalik taʼtil berishni va shu bilan birga ish haqining kamida 2/3 qismi miqdorida nafaqa toʻlashni tavsiya qiladi. Bu shartlar hali ham dunyo mamlakatlarining qariyb yarmida bajarilmagan.

Dunyoning 196 mamlakatidan faqat AQSh hamda Papua-Yangi Gvineya — yangi tuqqan onalarga haq toʻlanadigan taʼtil berish boʻyicha federal majburiy siyosatga ega boʻlmagan davlatlardir.

YuNISEFning 2019 yilgi hisobotiga koʻra, dunyodagi eng boy 41 davlatdan biri AQSh ota-onalik taʼtilini taklif qilmaydigan 15 ta davlatdan biridir.

Faqat AQShning Kaliforniya, Rod-Aylend, Nyu-Jersi shtatlari bundan mustasno — ularda mazkur taʼtil 6 hafta davom etadi va qisman pul toʻlanadi.

Erkaklar ham “dekret”ga chiqishmoqda

Hozirgi davrga kelib, “dekret” taʼtili faqat bola tuqqan onalarga xos hodisa boʻlmay qolgan. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida erkaklar tugʻruq taʼtiliga chiqish huquqiga ega. Bu imkoniyat birinchi marta Shvetsiyada paydo boʻldi, u yerda 1974 yilda ular ota-ona taʼtili gender nuqtai nazaridan neytrallashtirildi.

Ispaniyada erkak 6 haftalik majburiy taʼtildan keyin ishga qaytsa, ayol oʻrniga 10 haftagacha taʼtil olishi mumkin. Portugaliyadagi qonunchilikka koʻra, ota 5 kunlik pullik tugʻuruq taʼtilini bolasi bilan birga oʻtkazishi shart. U hatto oʻz majburiyatlarini buzgani uchun jarimaga tortilishi mumkin.

Amalda esa erkaklar oʻzlariga berilgan tugʻuruq taʼtillari huquqidan kamdan-kam foydalanadilar. Shu munosabat bilan, baʼzi mamlakatlar "otalik kvotasi"ni belgilashga murojaat qilishdi, yaʼni ota-onalik taʼtilining maʼlum bir kuni faqat ota tomonidan ishlatilishi mumkin. Otalik kvotasi Norvegiyada 1993 yilda, keyin Shvetsiyada 1995 yilda va Islandiyada 2000 yilda joriy qilingan. Kvotaning joriy etilishi otalarning bolalarni tarbiyalashda faol ishtirok etishiga, oiladagi gender rollarini qayta koʻrib chiqishga va shunga mos ravishda mehnatning teng taqsimlanishiga yordam berdi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+