Toshkentda yangi yoʻl oʻtkazgich quriladi
Bu qulaylik natijasida haydovchi va yoʻlovchilarning vaqti hozirgiga nisbatan 20-30 daqiqaga tejaladi, harakat xavfsizligi oshadi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida “Yangi Oʻzbekiston” koʻchasi va 4R12 magistral yoʻli kesishuvida quriladigan yoʻl oʻtkazgich loyihasi bilan tanishdi.
Bu kesishmada transport bogʻlamasi qurish moʻljallangan. Loyihaga koʻra, bu yerda 1 ta koʻprik, 3 ta tunnel, 4 tadan aylanma va qoʻshimcha yoʻllar barpo etiladi. Bularning evaziga chorraha bironta ham svetoforsiz — “yashil chorraha” boʻladi. Bu qulaylik natijasida haydovchi va yoʻlovchilarning vaqti hozirgiga nisbatan 20-30 daqiqaga tejaladi, harakat xavfsizligi oshadi.
Soʻnggi yillarda bu ikki yoʻlda qatnov ortdi. Boʻstonliq va Parkent tumanlariga borayotgan sayyohlar soni ham avvalgi yillarga qaraganda bir necha barobar koʻpaydi va yana oshadi. Shuningdek, bu kesishma kelajakda Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy yoʻl boʻladi.