Shavkat Mirziyoyev Toshkentni aylanmoqda
Prezident, jumladan Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlariga tashrif buyurib, sport va transport infratuzilmasi obʼektlarining qurilishini koʻzdan kechirmoqda.
Jumladan, Mirziyoyev 18 noyabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi.
Maʼlumki, 2025 yilda Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari yurtimizda oʻtkaziladi. Shu bois Olimpiya shaharchasida mazkur musobaqalar dasturiga kiritilgan barcha sport turlari uchun sharoit boʻladi. Uning maydoni 100 gektar. Asosiy inshootlar - 10 ming oʻrinli stadion va 2 mingdan tomoshabinga moʻljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy oʻyinlar majmualaridir.
Shuningdek, 4 qavatli maʼmuriy bino, 15 ta ochiq sport maydoni, yugurish yoʻlaklari, bogʻlar barpo etiladi. Umuman, shaharchaning 54 foiz maydoni yashil hudud boʻladi. Buning uchun 37 gektarda sunʼiy koʻllar tashkil qilinadi.
Loyiha 70 ta mamlakatda sport inshootlari qurgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Keyinchalik bu yerda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federatsiyalari, Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi va boshqalar faoliyat koʻrsata boshlaydi. Maydonchalarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi.
- Kelajakda bu shaharcha bilan bolalar sport maktablarini ham bogʻlash kerak. Ommaviy sportdan professional sportga oʻtish koʻprigi bu, - dedi Prezident.
Shaharchada paralimpiya oʻyinlari ham oʻtkazilgani bois jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay yoʻllar va alohida sektorlar tashkil etiladi.
Prezident tavsiyasiga muvofiq, majmuada qayta tiklanuvchi energiyadan ham foydalaniladi. Yillik quvvati 10 megavatt 56 ming kvadrat metr quyosh panellari oʻrnatiladi.
Shu yerda Toshkent shahri boʻyicha oʻtgan yili taqdimot qilingan investitsiya dasturiga muvofiq, bu yil ishga tushirilgan loyihalar haqida axborot berildi. Qayd etilganidek, joriy yilning oʻtgan davrida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida 360 ta loyiha bajarilib, jami 20 mingta ish oʻrni yaratilgan. Shuningdek, kelgusida Yangi hayot tumanida 650 gektar maydonda yangi avlod sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.