Samarqanddagi "piramida"ga oʻnlab fuqarolar aldandi
MChJ uzoq muddatga kredit berish vaʼdasi bilan odamlarni aldagan.

Samarqand shahrida moliyaviy piramida tashkil etgan MChJ aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar boʻlimi tomonidan fuqarolarning murojaatlariga asosan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda fuqaro H.H. va boshqalar “Samarqand credit” nomli MChJni tashkil etib, jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jalb etishga doir faoliyatni amalga oshirib, “lnstagram” ijtimoiy tarmogʻida oldindan 20 foiz toʻlov qilib 5 xil turdagi kreditlarni uzoq muddatga olish mumkinligi haqida eʼlonlar bergan. Soʻngra 45 nafar fuqaroga kredit ajratish evaziga 20 foizlik dastlabki toʻlov sifatida jami 479 mln soʻm naqd pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 188-1-moddasi (pul mablagʻlarini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.