Ayollarni hurmatsizlantirishni oʻzimiz singdiryapmiz

Ijtimoiylashib ketgan ayollar muammosi sabab mediadagi kemtiklar shunday stereotiplarni shakllantiryaptiki, odamlarda qaynona desa, tajovuzkor va doimo yomonlikni koʻzlaydigan, kelinga yorugʻ kun bermaydigan obraz gavdalanadi.

Maqola
18-noyabr 2023 yil
Ayollarni hurmatsizlantirishni oʻzimiz singdiryapmiz

Inson koʻrayotganlari orqali oʻzini shakllantiradi. Adabiyot, media orqali uzatilayotgan erkak va ayol qiyofasi insonlarda ularning jamiyatdagi ijtimoiy rollari borasidagi stereotiplarni shakllantiradi. Endi ularda tasvirlanayotgan ayollarning ijtimoiy qiyofasini tahlil qiladigan boʻlsak.

Oʻgay onaning doimo yomonligi, ayollar doimiy mehnat qilishi kerakligi, shunga oʻxshagan stereotiplar oʻzbek ertaklaridanoq odamlar ongiga sindirila boshlanadi.

“Sen shartlarimni bajarding, qizim seniki!” qizni shaxsdek emas, narsadek koʻrish, “Ahmoq xotin, kaltafahmligingcha qolasan” ayollarning ahmoq boʻlishini jamiyatga singdirish. Mana shunday jumlalar oʻzbek ertaklarining tavtologiyasiga aylangan.

Bugungi kunda tanqidchilar aytayotgandek qoʻlga ilinarli asarlar chiqmayotgan boʻlsa, mediadagi ayollar masalasini bir koʻrib chiqish kerak, menimcha. Mediadagi materiallarning nomlari ayollar mavzusi va etikaga mos kelmayotganini koʻrishimiz mumkin. Avvalo, filmlarimizga nom qoʻyish masalasini alohida koʻrib chiqish kerak. “Aldangan ayol”, “Kundosh”, “Shallaqi”, “Mardikor ayol”, “Ayol makri”, “Sotilgan nomus”, “Xiyonat” “Tavba”(sudxoʻr ayol), “Ikkinchi xotin”, “Paxmoq kelin”, “Ikkinchi ayol” — bunday filmlar nomlarini sanasak, kinoning oʻzidan ham saviyasiz koʻrinadi. Boshqa nom bilan atalgan filmlarimizning oʻrami har xil, ammo ichi oʻsha eski er-xotin, qaynona-kelin, qaynisingil va kelin, boy-kambagʻal va shunga oʻxshash bir qator ijtimoiy muammolar bilan achib ketgan.

Milliy serial va filmlarimizda ayol qahramonlarning tipi esa uy bekasi (gʻiybatchi), mazluma ayol, jabrdiyda ayol, zoʻravonlik qurboni, fohisha, yengil tabiat. Ayollar faqat mana shu tiplar orqasida koʻrsatiladi. Eskidan ertaklarda ahmoq ayol obrazi saqlanib qolgan. Ayol qahramonlar hech qachon oʻzi mustaqil qaror qabul qila olmaydi. Yaratilayotgan obrazlarda janjallar oxirida asosiy aybdor ayol qilib koʻrsatiladi, ayollar huquqlari targʻib qilinmaydi, ayollarga nisbatan zoʻravonlik oqlanadi. Oʻz-oʻzidan ayollarga nisbatan salbiy qarashlarni paydo qiladi va gender boʻyicha umuman boshqa stereotiplarni shakllantiradi.

Mediada yana oʻzini “tarbiya maktabi” deb nomlab olgan bir qator tok-shoular mavzulari ayollarni yerga urishga "xizmat" qilayotganini bilmaydi yoki bilib qilishadi. Ular medianing boshqa sohalaridan qolishmagan holda sarlavhalariga ayollarni qadrlamaydigan, hurmatsizlantiradigan nomlari bilan koʻrishlar sonini yaxshilamoqchi boʻlishadi. Saviyasiz ekspertlari-ku umuman boshqa mavzu.

Koʻngilochar shou va yirik konsertlar-ku butunlay ayolga qilinadigan qoʻpol, chegaradan chiqadigan hazillar bilan toʻlib ketgan, kuldirishning asosiy yoʻli ham ayol va hatto uning jismoniy tana aʼzolari. Achinarlisi, oʻsha rolni ayollar oʻynashi va jamiyatni bu narsalar toʻxtatmay kuldirishi.

Eng ogʻriqli va nomusli, odam uyaladigan oxirgi qism ijtimoiy tarmoqda ayollar mavzusidir. Na ayollar huquqlari, na hurmati, na qadr-qimmati haqida bir nima deya olasiz. Aksariyat hollarda mana shu narsalarga ayollarning oʻzi ham katta "hissa" qoʻshadi. Koʻpchilik foydalanadigan YouTube’ning oʻzbek platformasidan ayollarga aloqasi yoʻq nimadirni topish qiyin.

Ijtimoiylashib ketgan ayollar muammosi sabab mediadagi kemtiklar shunday stereotiplarni shakllantiryaptiki, odamlarda qaynona desa, tajovuzkor va doimo yomonlikni koʻzlaydigan, kelinga yorugʻ kun bermaydigan obraz gavdalanadi. “Ikkinchi xotin olish sunnat”, “Xotinning ham gapiga kirib boʻladimi, tovuq miya-ku”, “u kelin, qiladi”, “Sen oʻzingga qaramasang, xiyonatga uchraysan”, “qiz bola oʻqib, dunyoni olib berarmidi”, “yosh erga bersang yaxshi, tengi chiqsa, tekin ber”, “sevganidan uradi”, “yaxshi xotinni ursang, uyga yuguradi”, “Ayol kishimisan, haddingni bil”, “Koʻchaga chiqsa … boʻlib ketadi” degan mantiqsiz gaplar jamiyatdagi ayollar mavqeini tushirib, ularga boʻlgan ishonchni pasaytirib, qadrsizlantirib, ularga nisbatan salbiy stereotiplarni shakllantirmoqda. Xohlaysizmi-yoʻqmi, koʻrayotganlarimiz, eshitayotganlarimiz ong ostiga taʼsirini oʻtkazadi. Media dunyoni boshqaradi. Nahotki mediamizning ayollardan boshqa koʻrishli mavzularga gʻoyalari yoʻq. Agar esingizda boʻlsa, toʻyida kaltaklangan kelin haqida video tarqalgandi. Shu boʻyicha YuNICEF bayonotida “Oʻzbekistonda oʻsmir qizlarning uchdan bir qismi er oʻz xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblaydi”, degan statistikani eʼlon qilgan. Mana shuning oʻzi ayollar huquqlari boʻyicha noʻnoqligimiz va kemtiklarimiz koʻpligini koʻrsatadi.

Fazilat Soib

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+