Soliqlardan qochmaslikni aytadigan qoʻmita vakili intervyudan qochdi
Soʻnggi paytlarda yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va ularga solinadigan soliqlar borasida tushunmovchiliklar, shikoyatlar koʻpaygani sababli soliq eksperti bilan suhbat rejalashtirilgandi.

XVIII asrda yashagan AQSh siyosatchisi va iqtisodiyotchisi Benjamin Franklinning “Bu dunyoda ikkita narsadan qochib qutulib boʻlmaydi: oʻlimdan va soliqlardan”, degan gapi bor. Hech shubhasiz, soliqlar har qanday davlat iqtisodiyoti, ijtimoiy himoya va mudofaa tizimi uchun katta ahamiyatga ega.
Bu borada xalqning, ayniqsa, tadbirkorlarning xabardorligini oshirish ham muhim. Zero, qonunlardan xabarsizlik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Qolaversa, soliqqa tortish tartibini yaxshi bilgan, bu borada yetarli bilimga ega boʻlgan tadbirkor huquqiy maydondan chetga chiqmaydi, oʻzi uchun qulay soliq rejimini tanlab, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab boradi. Pirovardida mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga oʻz hissasini qoʻshadi.
Afsuski, hozirgi paytda tadbirkorlar, xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va ularga solinadigan soliqlar borasida tushunmovchiliklar va shikoyatlar koʻp uchramoqda. Platina.uz ham tadbirkorlarni soliq borasidagi qonunchilik talablari bilan yaxshiroq tanishtirish maqsadida maxsus suhbat uyushtirishga qaror qildi. Bu borada mutasaddi idoralarning fikrini oʻrganish maqsadida Soliq qoʻmitasidan ekspert chaqirtirdi. Barcha tashkiliy masalalar hal qilinib, ekspertlar bilan suhbat vaqti va joyi kelishib olindi. Biroq oxirgi daqiqalarda Soliq qoʻmitasi matbuot xizmatining fikri oʻzgarib qoldi. Kelishib olingan suhbatni uyushtirish uchun ekspertning vaqti yoʻqligini sabab qilib koʻrsatdi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: bu dunyoda soliqlardan qochib boʻlmasligiga ishonamiz, lekin nega soliq siyosati uchun mutasaddi mansabdor shaxslar OAV vakillari bilan uchrashuvdan qochishadi? Yoki soliq borasidagi qonunchilik talablaridan tadbirkorlarni xabardor qilish ushbu masʼul shaxslarning qandaydir manfaatlariga zid keladimi? Soliq borasida shunday ham koʻpayib ketgan savollar qatoriga bu savollar qoʻshilgani hech kimni xursand qilmasa kerak.
Platina.uz Soliq qoʻmitasi masʼullaridan izoh kutib qoladi.