platina.uz
Siyosat

Ziroat Mirziyoyeva Gʻazodagi jangovar harakatlarni toʻxtatishga chaqirdi

Oʻzbekiston birinchi xonimi hududdagi aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratish lozimligini ham aytgan. 

Ziroat Mirziyoyeva Gʻazodagi jangovar harakatlarni toʻxtatishga chaqirdi

Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyova Turkiyaning Birinchi xonimi Emine Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 15 noyabr kuni “Falastinda tinchlik uchun birgalikda” sammitida ishtirok etdi. Unda Ziroat Mirziyoyeva har ikki tomonni ham zudlik bilan oʻt ochish va jangovar harakatlarni toʻxtatishga, tang ahvolda qolgan aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratishga, nizoni faqatgina tinch, diplomatiya yoʻli bilan "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyili asosida hal etishga chaqirib, Oʻzbekistonning bu boradagi qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

Uchrashuv Gʻazodagi tinch aholining azob-uqubatlariga chek qoʻyish va Falastin-Isroil nizosiga yechim topish yoʻlida qatʼiy birdamlikni namoyish etish maqsadida tashkil etildi.

"Ming afsuski, xalqaro hamjamiyatning kuchli eʼtirozi va bosimiga qaramay, halokat va vayronagarchilik koʻlami misli koʻrilmagan darajada ortib, uning oxiri sira koʻrinmayapti. Natijada qurolli toʻqnashuvlarga mintaqadagi yangi kuchlarning tortilish ehtimoli tobora kuchaymoqda...

Oʻzbekiston xalqi Falastinning tinch aholisi boshiga tushgan kulfat va qaygʻu-alamlarni yurakdan oʻtkazmoqda", - deya maʼlum qilgan Oʻzbekistonning Birinchi xonimi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mamlakat Falastin xalqi bilan birdamligini aytib, BMTning Yaqin Sharq boʻlimiga 1,5 mln. dollar ajratgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid