Surxondaryoda suv taʼminoti 90 foizga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻida mazkur loyihaga start berdi.

Siyosat
16-noyabr 2023 yil
Surxondaryoda suv taʼminoti 90 foizga yetkaziladi

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Ayni paytda bu koʻrsatkich 70 foizni tashkil qiladi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻida mazkur loyihaga start berdi. 2021 yilda Termizda boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlat rahbari ichimlik suvi bilan bogʻliq muammoga alohida toʻxtalib, “Toʻpalang” suv ombori ulkan va toza manba ekanini taʼkidlagan va uni aholiga yetkazish boʻyicha loyiha tayyorlash vazifasini qoʻygan edi.

Tekshiruvlarga koʻra, bu suvning qattiqlik darajasi 4 foiz, foydali minerallarga boy va musaffo. Loyiha doirasida suv omboridan to Termiz shahrigacha 380 kilometr metall quvurlar tortiladi. Uning 159 kilometri magistral, 221 kilometri shahar va tumanlarni bogʻlovchi ichki tarmoqlardir. Shuningdek, suv tozalash, bosimni kamaytirish va suv yigʻish inshootlari quriladi. Bugungi kunda 147 kilometr quvur tortib boʻlindi. Suv tozalash, bosimni kamaytirish va 5 ta suv yigʻish inshooti barpo etildi.

Birinchi bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlariga yetib bordi. Viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 70 foizga yetdi. Suv oʻz oqimi bilan tushishi tufayli 8,6 million kilovatt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi. 

Ikkinchi bosqichda 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 millionga yaqin aholi bahramand boʻladi. Loyihani 2024 yilda nihoyasiga yetkazish moʻljallangan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+